Vodiy viloyatlarida metan-shoxobchalar bilan bog‘liq vaziyat hafta oxirigacha yaxshilanishi aytildi
Farg‘ona vodiysining qator hududlaridagi AGTKSlarda bir necha kundan buyon uzun navbatlar yuzaga kelgan. Bu esa taksi narxlari oshishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan. Energetika vazirligining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, ta’minot bilan bog‘liq vaziyat 10-11 fevral kunlarigacha o‘nglanadi.
So‘nggi kunlarda Farg‘ona vodiysidagi metan gaz to‘ldirish shoxobchalarida davomiyligi bir necha kilometr bo‘lgan avtomobillar navbati yuzaga kelgan.
Kun.uz'ga murojaat qilgan haydovchilarning ma’lum qilishicha, gaz to‘ldirish shoxobchalaridagi navbatlarning yuzaga kelishi shoxobchalarga tabiiy gaz uzatishdagi cheklovlar bilan bog‘liq.
“Andijon viloyatidan yozyapman. Yigirma kundan oshdi, “zapravkalar”da uzun navbatlar yuzaga kelgan. Shuning uchun bir kun oldin kechki payt kelib, navbatga turaman. Kechasi bilan shu yerda qolaman. Yo‘lkiralar karrasiga oshib ketgan. AI-80 benzinini topish muammo, bori ham qimmat”, deydi murojaatchilardan biri.
Boshqa bir murojaatchi metan gaz muammosi qachon hal bo‘lishini, nima uchun aynan Farg‘ona vodiysida shunday holat kuzatilayotganini rasmiylar tushuntirib berishini so‘ragan.
“Viloyatimizda 10 kundan oshdi, “gaz zapravkalar” ishlamaydi. Mas’ul tashkilotlar jim. Xalq uchun arzoni AI-80 benzini edi, lekin u yo‘q. AI-92 qimmat – 10 500 so‘mdan 12 ming so‘mgacha, sifatini-ku bilmaymiz. “Gaz zapravkalar” ochilishi haqida hech kim hech narsa gapirmaydi. Ko‘p qavatli uylarda ham gaz past, suyuq ovqat ham 1 soatda pishyapti”, – deya yozgan boshqa bir namanganlik murojaatchi.
Avvalroq, Farg‘ona viloyatining Dang‘ara tumanida joylashgan avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchasida uch nafar shaxs o‘rtasida janjal kelib chiqqani va bir kishi vafot etgani xabar qilingandi. Ijtimoiy tarmoqlarda janjal navbat talashish oqibatida yuzaga kelgani haqida xabarlar tarqalgan.
“Vaziyat 10-11 fevral kunlarigacha o‘nglanadi”
Energetika vazirligi axborot xizmatining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, metan shoxobchalarda har bir hududning o‘zidan kelib chiqib reja-grafik qilingan.
“Gaz bosimi past. Agregatlarning kuchi yetmayapti tortishga. Gazni borgan sayin chuqurdan tortib olyapmiz. Shuning hisobiga tabiiy gaz birinchi navbatda aholi va ijtimoiy soha obektlarini isitishga yo‘naltirilyapti.
Metan “zapravka”larda esa har bir hududning o‘zidan kelib chiqib reja-grafik qilingan. Reja-grafikni yuritish vakolati hudud ma’muriyatlariga berilgan. Ular mavjud gaz zaxirasini aholiga, ijtimoiy soha obektlariga va metan “zapravka”larga taqsimlashadi.
Qishning sovuq paytida va kunning tig‘iz vaqtida har bir hudud o‘zidagi vaziyatdan kelib chiqib cheklovlarni yumshatishi yoki kuchaytirishi mumkin. Prognozlarga ko‘ra, vaziyat 10-11 fevral kunlarigacha o‘nglanadi”, – deyiladi vazirlik izohida.
Qo‘shimcha qilinishicha, AGTKSlardagi yetishmovchilik o‘rnini qoplash uchun “O‘zbekneftgaz” tarafidan vodiy viloyatlariga rejadagidan ko‘proq avtobenzin va dizel yonilg‘isi yo‘naltirilyapti.
Ma’lumot uchun, 2024 yilda O‘zbekiston tarixidagi eng iliq yanvar qayd etilgan. Sovuq havo ikki marta (oyning o‘rtasida va oxirgi besh kunligida) kuzatilgan. O‘rtacha oylik havo harorati iqlim me’yoridan 3-4 darajaga, shimolda 1-2 darajaga yuqori bo‘lgan.
O‘zbekistonda gaz qazib olish yildan yilga qisqarib bormoqda
Rasmiylarning bergan ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 1,8 trln kub metr gaz zaxiralari bor. Shunday bo‘lsa-da, so‘nggi yillarda mamlakatda gaz qazib olish muttasil ravishda qisqarib bormoqda. Xususan, 2021 yilda 53,8 mlrd kub, 2022 yilda 51,7 mlrd kub, 2023 yilda esa 46,7 mlrd kub metr gaz qazib olingan. Ishlab chiqarish hajmining pasayishi mavjud konlardagi zaxiralarning kamayib borayotgani va texnologik yo‘qotishlar bilan izohlangandi.
O‘tgan yildan boshlab mahalliy qazib olish taqchilligini Turkmaniston va Rossiyadan gaz import qilish hisobiga qoplashni boshladi. Jumladan, avgust oyida rasmiy Toshkent va Ashxobod yiliga 2 mlrd kubometrgacha gaz yetkazib berish bo‘yicha qisqa muddatli bitim imzoladi. Oktyabr oyida esa rus gazini Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga yetkazib berish jarayoniga start berildi. O‘shanda joriy yilgi kuz-qish mavsumida ichki ehtiyojlar import qilinadigan gaz hisobidan qoplanishi aytilgandi.
Mavzuga oid
07:40 / 07.10.2024
"Zapravka"da gaz mavjudligini kuzatish bo‘yicha mobil ilova ishga tushiriladi
10:46 / 09.07.2024
Andijon, Farg‘ona va Surxondaryoda elektr tarmoqlariga noqonuniy ulanish holatlari fosh etildi
16:48 / 06.07.2024
577 so‘mdan 998 so‘mgacha - IESlarda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining tannarxi qancha?
14:04 / 03.07.2024