O‘zbekiston | 18:58 / 10.02.2024
11220
2 daqiqa o‘qiladi

Buxoro ma’muriy markazini ko‘chirish uchun pul qayerdan olinishi haqida ma’lumot berildi

Viloyat bosh arxitektori Zuhriddin Muhiddinovning aytishicha, Buxoroning yangi ma’muriy markazi “Buxoro siti”da bo‘ladi. U yerda hokimiyat, prokuratura kabi davlat idoralarining binolari bo‘lajak etnopark hududini sotishdan tushgan mablag‘lar hisobiga quriladi. 

Buxoro shahri markazidagi 32,6 gektar hududda bino-inshootlar buzilib, o‘rnida Boqiy Buxoro madaniy-etnografik parki qurilishi e’lon qilingan edi. Viloyat bosh arxitektori Zuhriddin Muhiddinov bu borada jurnalistlarning bir nechta savollariga javob berdi.

Uning aytishicha, buzilishi rejalashtirilgan hududdagi davlat idoralari uchun yangi binolar yerlarning sotilishidan tushgan mablag‘lar hisobidan quriladi.

Tadbirkorlik sub’yektlarining mulklari buzilishi uchun kompensatsiya to‘lovlari esa mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.

“Bu hududda asosan ma’muriy binolar, yirik sport inshooti, xususan, markaziy o‘yingoh va tadbirkorlarga tegishli inshootlar joylashgan.

Bugungi kunda ma’muriy binolar – viloyat va shahar hokimligi, viloyat prokuraturasi kabi obektlarning yangidan qurilishi bo‘yicha “Buxoro siti” majmuasida loyiha ishlari amalga oshirilmoqda. Bosh reja ishlab chiqilib, konsepsiyaga joylashtirildi. Bular ko‘chirilishi rejalashtirilgan obektlarning sotilishidan tushgan mablag‘lar hisobidan qurilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, markaziy o‘yingoh ham shu obektlar sotilishidan kelgan pul evaziga qurilishi ko‘zda tutilgan.

Tadbirkorlik sub’yektlariga tegishli mol-mulklarga belgilangan tartibda mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan kompensatsiya to‘lanadi va ularning roziligi olinishi belgilangan”, dedi u.

Bosh arxitektorga ko‘ra, binolarni buzish xarajatlari ular joylashgan yer uchastkalarini auksionda sotib oladigan tashkilot zimmasida bo‘ladi.

Mavzuga oid