Jamiyat | 15:31 / 11.02.2024
17227
3 daqiqa o‘qiladi

Andijonda ko‘p qavatli uyda yong‘in sodir bo‘ldi

Bu so‘nggi 4 oyda ko‘p qavatli uylarning tomi yonib ketishi bilan bog‘liq uchinchi hodisa hisoblanadi. Bundan oldingi hodisa 2 fevral kuni sodir bo‘lgandi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Andijon viloyati Marhamat tumanida ko‘p qavatli uyda yong‘in sodir bo‘lgan Bu haqda Faqulodda vaziyatlar vazirligi xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, bugun 2024 yil 11 fevral kuni soat 14:00 da FVBga Marhamat tumani “O‘zbekiston” MFYda joylashgan ko‘p xonadonli ikki qavatli uyda yong‘in sodir bo‘lgani haqida xabar kelib tushgan.

Hodisa joyiga 7 ta yong‘in-qutqaruv bo‘linmasi soat 14:06 da yetib borib, soat 14:44 da yong‘in o‘chirilgan. 

“Hodisa oqibatida tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar to‘g‘risida ma’lumot kelib tushmadi. Yong‘in sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda”, deyiladi xabarda.

FVV xabarida ko‘p qavatli uy tomining qancha qismi yonib ketgani haqida aytilmabdi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan videolarda ko‘p xonadonli ikki qavatli uyning tom qismi boshdan oxirigacha yonayotganini ko‘rish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, so‘nggi ikki yilda Andijon viloyatida ko‘p qavatli uylarda yong‘in chiqishi bilan bog‘liq bir nechta hodisa sodir bo‘ldi. Ularda ko‘plab odamlar jabrlandi, ayrimlar vafot etdi.

Jumladan, 2024 yil 2 fevral kuni tunda Andijon shahridagi ko‘p qavatli uylardan birida yong‘in chiqdi. Oqibatda bir kishi halok bo‘ldi, yana bir kishi jarohatlandi. Yong‘inga gaz-havo aralashmasining chaqnashi sabab bo‘lgan.

2023 yil 5 mart kuni Andijon shahri Amir Temur ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uyda yong‘in sodir bo‘ldi. Oqibatda ko‘p qavatli uyning tomi yonib ketgan. Hodisada hech kim jarohatlanmagan va halok bo‘lmagan.

2022 yil 20 noyabr kuni Andijon shahrining 3-kichik dahasida joylashgan ko‘p qavatli uylarning birida yong‘in kelib chiqqan. Oqibatda uyning tomi butunlay yonib ketgan. Hodisa sodir bo‘layotgan joyga viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov ham yetib borgandi.

Mavzuga oid