“Xorijiy sayyohlarning Buxoroda qolish davrini 3 kundan 5-7 kunga uzaytirishimiz kerak” - Buxoro shahar hokimi
Buxoro madaniy-etnografik parki qurilish ishlari xususiy investorlar tomonidan amalga oshiriladi, davlat hech qanday pul tikmaydi. Kompensatsiyalar masalasida 7 nafar tadbirkor bilan gaplashdik, dastlabki muzokaralarni boshladik, ular bu loyihaga xayrixoh. Ularning mulklari bozor narxida baholanadi va kompensatsiyalar to‘lab berilganidan keyin mulklari buziladi, deydi Jamol Nasimov.
Buxoro shahri markazidagi 32,6 gektar hududda bino-inshootlar buzilib, o‘rnida Boqiy Buxoro madaniy-etnografik parki qurilishi e’lon qilindi. Turizm markazi muhokamalarga sabab bo‘lgan dastlabki rejalashtirilgan joyda amalga oshiriladi.
Buxoro shahar hokimi Jamol Nosirovning so‘zlariga ko‘ra, bu loyihani amalga oshirish orqali shaharning turizm salohiyati oshadi, yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
“Bu qurilish Buxoro shahrining kelajagi uchun juda muhim ahamiyat kasb etadi. Butun dunyo globallashuv jarayonini boshidan kechiryapti, urbanizatsiya jarayonlari tezlashyapti. Xususan, hududlardan Buxoro shahriga ko‘chib keluvchilar soni ham ortib bormoqda, aholi ko‘paymoqda. Tabiiyki, bunday sharoitda ish o‘rinlarini yaratish kerak.
Sanoat sohasida ko‘p ishlar avtomatlashtirildi. Yaqin 5-10 yil ichida robotlashuvga o‘tish boshlanishi mumkin. Insoniyat borki, xizmat ko‘rsatishga talab saqlanib qoladi. Buxoro shahrining drayveri ham turizm, kelajagi ham turizm. Iqtisodiy tahlil qiladigan bo‘lsak, bitta xorijiy sayyoh bir kun Buxoroda yurganda o‘rtacha 300 dollar sarf qilyapti. Bizning maqsadimiz bugungi kunda xorijiy sayyohning qolish davrini 3 kundan 5-7 kunga cho‘zish yo‘llarini o‘ylash. Bu uchun infrastruktura juda ham shart. Sayyohlarga zamonaviy mehmonxona, ovqatlanish shoxobchalari va boshqa zaruriy muassasalar juda ham kerak. Qurilishi rejalashtirilgan turistik markaz biz o‘ylagan rejalarni amalga oshirish imkonini beradi.
Bu majmua ishlashi uchun quriladi, uni shaharning chekkasiga olib borib qurish kerak emas. Kim boradi u yerga? Hozir odamlar qulaylikka intiladi. Sayyohning har bir daqiqasi hisob-kitobli. Ular tavakkalchilik bilan sayohat qilmaydi, qo‘lida xaritasi bo‘ladi. Shu jihatdan, qurilishni shahardan chetda amalga oshirish mantiqsizlik”, deydi Jamol Nosirov.
Buxoro shahar hokimining qo‘shimcha qilishicha, qurilish ishlari xususiy investorlar tomonidan amalga oshiriladi.
“Bu yerda qurilish ishlari xususiy investorlar tomonidan amalga oshiriladi. Davlat hech qanday pul tikmaydi. Kompensatsiyalar masalasida 7 nafar tadbirkor bilan gaplashdik, dastlabki muzokaralarni boshladik, ular bu loyihaga xayrixoh. Ularning mulklari bozor narxida baholanadi va kompensatsiyalar to‘lab berilganidan keyin mulklari buziladi”, dedi u.
Mavzuga oid
09:51 / 21.11.2024
Buxoroning ayrim hududlarida gaz ta’minoti vaqtincha to‘xtatiladi
20:55 / 20.11.2024
“Eski, sovuq sinfxonalarda o‘qiyapmiz” – Buxoroda qurilishi bitmagan maktab-internat o‘quvchilari sarson bo‘lyapti
18:24 / 20.11.2024
Fayzulla Xo‘jayevning jiyani professor Sulaymon Inoyatov vafot etdi
14:38 / 20.11.2024