O‘zbekiston | 20:49 / 13.02.2024
25264
4 daqiqa o‘qiladi

Ayrim shaharlar bosh rejasi yo‘qligi sababli faqat eniga kengaymoqda - prezident

Joriy yilga mo‘ljallangan strategik islohotlar taqdimot qilindi. Hududlarni obodonlashtirish va iqtisodiy zonalarni boshqarish xususiy sektorga berilishi mumkin.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 13 fevral kuni joriy yilda amalga oshirish mo‘ljallangan asosiy strategik islohotlar bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

«O‘zbekiston – 2030» strategiyasida 2030 yilga borib, mamlakat YaIM hajmini 160 milliard dollarga, aholi jon boshiga daromadni 4 ming dollarga yetkazib, bu borada o‘rtachadan yuqori davlatlar qatoriga kirish maqsadi belgilangan. Taqdimotda shu boradagi 5 ta muhim soha – transport, urbanizatsiya va shaharsozlik, tadbirkorlik, qishloq xo‘jaligi va energetikadagi islohotlar ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanishicha, iqtisodiyot rivoji uchun bosh omillardan biri bu – transport imkoniyatlari. Shu sababli, Uzbekistan Airports va Uzbekistan Airways kompaniyalari transformatsiyasini jadallashtirish, aeroportlar boshqaruvini xususiy sektorga berishni kengaytirish zarurligi qayd etilgan.

Hududlarda moliyaviy xizmatlar, elektron tijorat, masofaviy ta’lim va tibbiyot xizmatlari rivojlanishi uchun sifatli internet muhimligi ta’kidlangan.

Kelgusi 7 yilda aholisi 300 mingdan ko‘p bo‘lgan shahar va tumanlar soni hozirgi 13 tadan 28 taga yetadi. Ayrim shahar va shaharchalarning bosh rejasi yo‘qligi sababli faqat eniga kengaymoqda. Bu infratuzilma xarajatlari oshishiga va qishloq xo‘jaligi yerlari kamayishiga olib kelmoqda. Shu bois urbanizatsiya jarayonlarini tartibga solish bo‘yicha konsepsiya va qonun ishlab chiqishga ehtiyoj borligi qayd etilgan.

Biznesga yanada qulay muhit yaratish uchun yo‘l, ichimlik suvi, ta’lim, tibbiyot kabi sohalarda xususiy sheriklik qoidalarini aniq belgilash zarur. Ayni paytda tarmoq va hudud rahbarlari bilan birga bunday loyihalar dasturini ham shakllantirib borish joizligi ta’kidlangan.

Davlatning ayrim funksiyalarini, jumladan, hududlarni obodonlashtirish, erkin iqtisodiy zonalarni boshqarishni xususiy sektorga berish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. 

Qishloq xo‘jaligi aholini oziq-ovqat va ish bilan ta’minlashda katta o‘rin tutadi. Lekin uning ayrim tarmoqlarida ish tartibi haliyam eskicha. Shu bois hosildorlikni oshirish va tannarxni kamaytirish, sohaga innovatsiyalarni olib kirish bo‘yicha aniq yechimlar kerakligi aytilgan. 

Iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolish uchun, eng avvalo, barqaror energiya ta’minoti zarur. Bu yil jami 50 milliard dollarlik 122 ta yangi yirik investitsiya loyihasi boshlanadi. Shu bilan birga, aholi soni va korxonalar ham ko‘payib bormoqda. Yaqin yillarda energiyaga ehtiyoj kamida 1,5 barobar oshadi. Buning ustiga, ayrim tarmoqlarda energiya sarfi hamon yuqoriligi inobatga olingan.

Davlat rahbari ushbu sohalarga oid takliflar bilan tanishib, ular bo‘yicha huquqiy asos va investorlar uchun mustahkam kafolatlar yaratish zarurligini ta’kidladi.

«2024 yilda bozor iqtisodiyoti poydevorini qurishning barcha jarayonlarini yakunlab, 2025 yilda milliy iqtisodiyotimizni sifat jihatidan mutlaqo yangi darajaga olib chiqishimiz shart», dedi prezident.

Islohotlar jarayoniga mamlakatimizning barcha ilmiy-tadqiqot institutlarini jalb qilib, keng qamrovli «yo‘l xaritasi» tayyorlash vazifasi qo‘yildi.

Mavzuga oid