O‘zbekiston | 12:29 / 13.02.2024
11221
3 daqiqa o‘qiladi

“Shahar piyodalarniki bo‘lishi kerak” – shaharsoz odamlarning yangi heshtegga qo‘shilishini so‘ramoqda

​​​​​​​O‘zbekiston shaharlari, xususan, Toshkent piyodalarni “xush ko‘rmaydi”. Poytaxt odamlarga moslashtirilmagan, asosiy prioritet hanuz avtomobillar bo‘lib qolmoqda. Buni ko‘chalardagi infratuzilmalarning holatidan ham bilish mumkin. Shaharsoz Iskandar Soliyev shu kabi muammolar yaqqol ko‘ringan hududlardan rasmlar ulashib, aholidan #Shaharpiyodalarniki heshtegi ostida birlashishni so‘ramoqda.

Shaharsoz Iskandar Soliyev o‘zining Telegram-kanalida yozishicha, shaharlarda piyodalarning uzluksiz harakati juda cheklangan va ayanchli ahvolda. Buni u olgan suratlarda ham ko‘rish mumkin.

Unda Toshkent shahri infratuzilmasidagi qo‘pol xatoliklar, jumladan, piyodalar trotuari yo‘lning oxirigacha bormay tugab qolgani, ayrim toifa insonlarning aravacha bilan harakatlanishi uchun sharoit yo‘qligi yoki panduslar noto‘g‘ri qurilgani ko‘rsatilgan.

Soliyevning Kun.uz muxbiriga ta’kidlashicha, bugungi shahar infratuzilmasiga munosabat juda yomon, odamlarning o‘zi muammoni bartaraf etish mumkinligiga ishonishmaydi.

Barchamiz har kuni piyoda yurarkanmiz, uy eshigidan chiqishda yoki ko‘chalarda, albatta, to‘siqlarga duch kelamiz. Aslida esa bunday bo‘lishi kerak emas. Piyodalar harakati shaharlarda to‘siqsiz bo‘lishi lozim. Lekin bugun men aytayotgan narsalar odamlarga yot. Ular shunchalik bu muhitga ko‘nikishganki, hattoki vaziyatni o‘zgartirish mumkinligini tasavvur qilishlari ham qiyin.

Shuning uchun muammoga barchaning e’tiborini qaratmoqchiman. Tashabbusning maqsadi shu, ya’ni ko‘chadagi noqulay yo‘l infratuzilmaviy holatlarini suratga olib, barcha platformalarda #shaharodamlarniki heshtegi orqali ulashish.

Ishonamanki, agarda odamlarga yetkaza olsak, piyoda harakati to‘siqsiz bo‘lishini va bunday o‘zgarishlar bugungi kunda real qilsa bo‘ladigan narsaligini ko‘rsata olamiz. Fikrimcha, bu shaharni qulay qilishga oz bo‘lsa-da o‘z hissasini qo‘shadi. Har holda prezidentimiz ham shahar piyodalarniki bo‘lishi kerakligini ta’kidlamoqda”,– deydi u.

Tahririyat ham bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlashini, mushtariylaridan heshtegga qo‘shilishlarini so‘rab qoladi. #Shaharpiyodalarniki.

Eslatib o‘tamiz, 29 yanvar kuni prezident boshchiligida o‘tgan selektorda Shavkat Mirziyoyev shahar piyodalar uchun bo‘lishi, jamoat transportiga har tomonlama ustunlik berilishi, avtomobillar esa hashamatga aylanishi kerakligini ta’kidlagandi.

Mavzuga oid