O‘zbekiston | 08:51 / 14.02.2024
6855
2 daqiqa o‘qiladi

Qoidabuzarlik uchun mashina egasiga emas, uni boshqargan shaxsga jarima qo‘llash haqidagi qonun rad etildi

Qonunchilik palatasi deputatlari ushbu norma korrupsiya holatlarini keltirib chiqarishi mumkinligini bildirgan. 

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Qonunchilik palatasi majlisida maxsus avtomatlashtirilgan foto va video texnika vositalari orqali qoidabuzarlik qayd etilgan taqdirda, ma’muriy javobgarlikka transport vositasini fuqarolik-huquqiy tartibda foydalangan shaxs tortilishi nazarda tutilgan qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Ma’lum qilinishicha, mas’ul qo‘mita tomonidan qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qilish taklif etilgan. Ammo deputatlar tomonidan ushbu normaga doir turli fikrlar bildirilib, korrupsiya holatlari kelib chiqishi mumkinligi qayd etilgan.

Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi ovozga qo‘yilgan hamda yetarli ovoz to‘plamaganligi tufayli rad etilgan.

Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga jismoniy va yuridik shaxsga tegishli transport vositasidan foydalanib sodir etilgan yo‘l harakati qoidalari buzilganligi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video texnika vositalari orqali qayd etilgan taqdirda, transport vositasini fuqarolik-huquqiy tartibda boshqarish yoki foydalanish huquqini olgan shaxslarni ma’muriy javobgarlikka tortishni belgilovchi qo‘shimcha kiritish nazarda tutilgandi.  

Amaldagi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 17(1)-moddasida maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali yo‘l harakati qoidalari buzilganligi qayd etilgan taqdirda, ma’muriy javobgarlikka transport vositasining mulkdori tortilishi belgilab qo‘yilgan.

O‘zgartirishlarga ko‘ra, ushbu bandni «transport vositasining mulkdori» degan so‘zlardan keyin «yoki mazkur transport vositasini fuqarolik-huquqiy tartibida foydalangan shaxs» degan so‘zlar bilan to‘ldirish taklif etilgandi.

Руслан Сабуров
Tayyorlagan Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid