O‘zbekiston | 13:28 / 15.02.2024
13753
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda pora bilan qo‘lga tushgan sudyalar va prokurorlar ko‘rgan ishlarni qayta ko‘rish taklif qilindi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari Odiljon Tojiyev jinoyatchi shaxslar ko‘rib chiqqan barcha materiallarni ko‘tarib, qayta ko‘rish taklifi bilan chiqdi. Tojiyevga ko‘ra, bu kabi noloyiq shaxslarning harakatlari oqibatida qanchadan-qancha fuqarolar nohaq ayblanib, nohaq sudlanib ketgan bo‘lishi mumkin.

Foto: Kun.uz

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari Odiljon Tojiyev tomonidan O‘zbekistonda pora bilan qo‘lga tushgan sudyalar va prokurorlar tomonidan ko‘rgan ishlarni qayta ko‘rib chiqish taklif qilindi.  

“Bugun yana bir prokuror pora bilan qo‘lga tushdi. O‘tgan hafta esa Mingbuloq tuman sudi raisi pora bilan qo‘lga olingan edi.

Afsuski, bunday ishlar odatiy holdek o‘tib ketmoqda. Biroq qonunni amalda qo‘llash orqali qonuniylikni taminlash asosiy burchi bo‘lgan bu kabi shaxslarning o‘zlari qonunni buzishayotgani odamlarda qonunlarga, pirovardida esa davlatga bo‘lgan ishonchni yo‘qotadi.

Shu bois, bunday shaxslarning jinoyatiga baho berishda ularning o‘tgan faoliyati davomida fuqarolarga nisbatan tasdiqlagan ayblov xulosalari va qabul qilgan qarorlariga ham baho berilishi kerak. Chunki bu kabi noloyiq shaxslarning harakatlari oqibatida qanchadan-qancha fuqarolar nohaq ayblanib, nohaq sudlanib ketgan bo‘lishi mumkin”, deya yozdi Odiljon Tojiyev.

Spikeri o‘rinbosarining fikricha, qonunchilikni mana shu yo‘nalishda takomillashtirish zarur. Bunday jinoyatchi shaxslar ko‘rib chiqqan barcha materiallar ko‘tarilib, qayta ko‘rib chiqilishi shart. Shunda adolat tiklanadi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq  jinoyat ishlari bo‘yicha Mingbuloq tuman sudi raisi sudlanuvchiga yengilroq jazo tayinlash uchun 20 ming dollar talab qilib, shundan 2 ming AQSh dollarini olgan vaqtida DXX xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda ushlangandi. 13 fevral kuni esa Kogon tumani prokurori Bahodir G‘ulomov qidiruvdagi shaxsga qo‘llangan qamoq ehtiyot chorasini bekor qilish va jinoyat ishi bo‘yicha yengillik qilib berish evaziga 90 ming AQSh dollari olayotganda DXX xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.

Mavzuga oid