O‘zbekiston | 09:24 / 17.02.2024
20647
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda YPX xodimi tutqanog‘i tutib qolgan bemorga yordam berdi

YPX xodimi yordam bermaguncha ko‘chada yiqilib yotgan odamga na atrofdagilar, na haydovchilar e’tibor berishmagan.

Foto: Videodan kadr

Toshkent shahrida tutqanog‘i tutib katta ko‘cha yoqasida yiqilib yotgan fuqaroga YPX xodimi yordam bergan. IIV axborot xizmatining xabar berishicha, hodisa 2024 yil 13 fevral kuni sodir bo‘lgan va holat atrofdagi kuzatuv kameralariga tushib qolgan.

Fuqarolardan biri Yakkasaroy tumani Kichik halqa yo‘li ko‘chasi bo‘ylab ketayotganda birdan tutqanog‘i tutib qolgan va yiqilib tushgan.

U ko‘chada yotar ekan, o‘sha atrofda bo‘lgan odam va ko‘chadan mashinada o‘tayotgan haydovchilardan hech kim unga yordam bermagan.

Shu payt YPX xodimlari yotgan odamni ko‘rib qolib to‘xtashgan va xodimlardan biri unga yordam bergan.

Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, xodim kichik serjant Javohirbek Tovasharov bo‘lgan. U bemorga dastlabki yordamni ko‘rsatgach, uni shifoxonaga olib bormoqchi bo‘lgan.

Biroq o‘ziga kelgan bemor dorisi tugab qolgani uchun tutqanog‘i tutib qolganini aytgach, unga kerakli dorilarni olib berib, manziliga yetkazib qo‘ygan.

Mavzuga oid