Markaziy bank internetda tarqalgan 400 ming so‘mlik banknotlar feyk ekanini ma’lum qildi
Regulyatorning ma’lum qilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan 400 000 so‘m nominaldagi banknotlar hech qanday qonuniy asoslarga ega emas. Internetda 100 000 so‘mlik banknotlar 400 000 raqamiga o‘zgartirilib tarqatilmoqda.
Markaziy bank ijtimoiy tarmoqlarda 100 000 so‘mlik banknotning nominali ko‘rsatilgan raqamlari 400 000 raqamiga o‘zgartirilgan holatidagi rasmlari tarqalayotgani yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
Regulyatorga ko‘ra, «O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 39-moddasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi pul belgilarining nominal qiymati Markaziy bank tomonidan belgilanadi.
Ta’kidlanishicha, mazkur qonunning 40-moddasiga muvofiq, Markaziy bank O‘zbekiston Respublikasi hududida qonuniy to‘lov vositasi sifatida pul belgilarini muomalaga chiqarishda mutlaq huquqqa ega bo‘lib, yangi namunalardagi pul belgilari muomalaga chiqarilishi to‘g‘risidagi xabar, shuningdek, ularning tavsiflari Markaziy bank tomonidan ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.
«Shunga ko‘ra, ayrim ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan 400 000 so‘m nominaldagi banknotlar hech qanday qonuniy asoslarga ega emasligi va fuqarolarimiz bunday yolg‘on xabarlarga aldanib qolmasligini so‘raymiz», deyiladi rasmiy xabarda.
Avvalroq, Navoiyda katta miqdorda qalbaki pul ishlab chiqargan shaxslar ushlangani ma’lum qilingandi. Shuningdek, Toshkentda qalbaki 200 ming so‘mlik banknotlarni sotishga uringan shaxs, 2023 yil boshida esa Jizzax, Samarqand va Buxoro viloyatlarida qalbaki pullarni tayyorlash va sotish bilan shug‘ullangan jinoiy guruh ushlangandi.
Eslatib o‘tamiz, oxirgi marta Markaziy bank tomonidan 1000 so‘mlik tangalar muomalaga chiqarilgan. 2022 yilning 15 iyulidan O‘zbekistonda 200 ming so‘mlik banknot muomalaga chiqarilgandi.
2021 yilning 21 dekabridan boshlab esa yangi ko‘rinishdagi nominal qiymati 50 ming so‘m va 100 ming so‘m bo‘lgan banknot shaklida pul belgilari muomalaga chiqarildi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq, qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Mavzuga oid
15:16 / 24.11.2024
Farg‘onada noqonuniy valuta savdosi bilan shug‘ullanganlar ushlandi
11:56 / 11.11.2024
Turkiy davlatlar tashkiloti Markaziy banklari kengashi tashkil etiladi
18:34 / 08.11.2024
Markaziy bank 7 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotini jarimaga tortdi
23:10 / 07.11.2024