Jahon | 18:18 / 19.02.2024
22366
6 daqiqa o‘qiladi

«Men Aleksey Navalniyning ishini davom ettiraman» - Yuliya Navalnaya murojaat bilan chiqdi

Bir necha kun oldin vafot etgan rossiyalik siyosatchi Aleksey Navalniyning rafiqasi Yuliya Navalnaya jamoatchilikka murojaat qilib, erining ishini davom ettirishini bildirdi. U, shuningdek, tez orada erining o‘limiga kimlar aloqador ekanini aniqlab, ularning ismlarini ochiqlashga va’da berdi.

Foto: Videodan kadr

15 fevral kuni qamoqxonada vafot etgan Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniyning turmush o‘rtog‘i Yuliya Navalnaya erining ishini davom ettirishini aytib, ta’sirli videomurojaat yo‘lladi.

Salom, men Yuliya Navalnaya. Bugun bu kanal orqali ilk marta sizga murojaat qilmoqchiman. Aslida bu yerda bo‘lmasligim, bu videoni yozmasligim kerak edi. O‘rnimda boshqa inson bo‘lishi kerak edi, ammo uni Vladimir Putin o‘ldirdi. Uch kun avval Vladimir Putin erim Aleksey Navalniyni o‘ldirdi. U nafaqat bolalarimning otasini, hayotimdagi eng qadrdon insonimni o‘ldirdi, balki sizdan ham Navalniyni tortib oldi.

Putin uzoq shimoldagi koloniyada shunchaki oddiy inson Aleksey Navalniyni o‘ldirmadi, bu orqali bizning umidlarimiz, erkinligimiz va kelajagimizni o‘ldirishga urindi. Yo‘q qilishga urinishlari Rossiya boshqacha bo‘la olishi, biz kuchli ekanimiz, kurasha olishimiz, boshqacha yashay olish imkoni borligidan dalolatdir.

Shuncha yil davomida men Alekseyning yonida turdim: saylovlar, mitinglar, uy qamoqlari, tintuvlar, qo‘lga olishlar, qamoq, zaharlash, yana miting, qo‘lga olish va yana qamoq... Mana bu bizning eng oxirgi uchrashuvimiz, 2022 yil fevral o‘rtalari. Ikki yil o‘tib Putin uni o‘ldirdi.

Alekseyning yonida turish baxt edi. Ammo bugun sizning yoningizda bo‘lishni istayman, chunki sizning yo‘qotishingiz ham menikidan kam emasligiga aminman. Aleksey koloniyada uch yillik qiynoqlar oqibatida o‘ldi. U boshqalar kabi shunchaki o‘tirgani yo‘q. Uni qiynashdi, karserda ushlashdi, betonli qutiga qamashdi. Shunchaki tasavvur qiling: 6-7 kvadrat joyda taburetka, rakovina, poldagi hojatxona o‘rnidagi teshik va yotish imkonsiz bo‘lishi uchun devorga yopishtirilgan karavot, krujka, kitob va tish cho‘tkasidan boshqa hech narsa yo‘q. U yuzlab kunlarni shunday sharoitda o‘tkazdi.

Uni masxara qilishdi, dunyodan uzib qo‘yishdi, hatto farzandlariga xat yozishi uchun qog‘oz-qalam ham berishmadi. Uni ochlik bilan ezishdi. Uch yil ochlikda. Ammo u taslim bo‘lmadi. Qaytanga o‘sha yerda turib ham bizni qo‘llab-quvvatladi, hazillashdi, ruhlantirdi, kurashdi. Biz lahza ham nima uchun kurashayotgani, nega azob chekayotganini unutmadi. Erimni sindirib bo‘lmasdi, shuning uchun Putin uni o‘ldirdi. Qo‘rqoqlarcha, hatto bir marta ko‘ziga tik qaray olmay, hatto ismini tilga ololmay. Va yana shunday qo‘rqoqlik bilan hozir uning jasadini yashirishmoqda. Putinning navbatdagi «Novichok» izlari tanasidan chiqib ketishini kutishmoqda.

Putin Alekseyni nega o‘ldirganini bilamiz, bu haqda tez orada aytamiz. Va bu jinoyatni kim amalga oshirganini ham albatta aniqlaymiz. Ularning ismini aytib, suratini ham ko‘rsatamiz.

Ammo Aleksey uchun qilishimiz kerak bo‘lgan eng asosiy ish kurashdan to‘xtamaslikdir. Avvalgidan ham qattiqroq va kuchliroq kurashish. Bir qarashda ortiq kurashib bo‘lmaydigandek ko‘rinishi mumkin, lekin biz birlashib, bir musht bo‘lib, Putinga, uning do‘stlariga, pogonli banditlar, o‘g‘rilar va qotillarga zarba berishimiz kerak.

Sizda u nega qaytdi, nega uni bir marta o‘ldirishga uringanlar changaliga nega o‘zini tashladi, degan savol tug‘ilayotgan bo‘lishi tabiiy. O‘zni qurbon qilib nima kerak, oilasi bilan tinchgina yashasa bo‘lmasmidi, dersiz. Ha, u ham jim turishi, surishtiruvlar o‘tkazmasligi, chiqishlar qilmasligi, bir so‘z bilan aytanda kurashmasligi mumkin edi.

Ammo u bunday qilolmadi. Aleksey dunyoda eng ko‘p Rossiyani yaxshi ko‘rdi. Vatanimizni, sizni yaxshi ko‘rdi. Biz eng yaxshisiga loyiq ekanimizga ishondi. Shunchaki kuchli sevdiki, jonini berishga ham tayyor bo‘ldi. Uning [Rossiyaga bo‘lgan] ulkan muhabbati boshlagan ishini davom ettirishimiz uchun yetadi.

Hozir ko‘pchilik kuchni qayerdan topish kerak, endi qanday yashaymiz deb aytmoqda. Kuchni qayerdan olishni bilaman: uning xotirasidan, g‘oyalari va xayolidan. Uning bizga bo‘lgan ishonchidan. Men o‘z kuchimni aynan shunda topaman.

Alekseyni o‘ldirish orqali Putin mening yarmimni, yuragimning yarmini ham o‘ldirdi. Ammo menga ikkinchi qismim qoldi. Men Aleksey Navalniyning ishini davom ettiraman. Vatanimiz uchun kurashda davom etamiz, bu yo‘lda mening yonimda turishingizni istayman. Mening dardimga sheriksiz, bilaman, ammo endi g‘azabingizni, kelajagimizni o‘ldirishga ahd qilganlarga nisbatan nafaratingizni ham bo‘lishing. Alekseyning gapini sizga yana bir bor eslatmoqchiman: oz ish qilish uyat emas, hech narsa qilmaslik uyat, qo‘rqish uyat.

Biz har bir imkoniyatdan foydalanishimiz, urushga, korrupsiyaga, nohaqlikka qarshi kurashishimiz kerak. Vatanimizni o‘zimizga qaytib berishlari uchun kurashishimiz lozim. Erkin, tinchlikparvar, baxtli – xuddi erim orzu qilgan kelajak Rossiyasi uchun. Men, Aleksey bilan ikkimizning farzandlarimiz shunday Rossiyada yashashini orzu qilamiz.

Siz bilan birga aynan shunaqa, Aleksey Navalniy tasavvur qilganidek Rossiyani tuzishni istayman. Sha’ni bor, adolat va muhabbatga to‘la Rossiyani. U bergan ulkan qurbonlik bejiz bo‘lmasin. Kurashing va taslim bo‘lmang. Men qo‘rqmayman, siz ham qo‘rqmang.

 

Mavzuga oid