Jamiyat | 21:31 / 20.02.2024
23086
4 daqiqa o‘qiladi

Firibgarlarning yangi tuzog‘i: 3 kunda “prava” tayyorlab berish sxemasi

Internetda firibgarlarning navbatdagi aldov xabari aylanib yuribdi. Ular haydovchilik guvohnomasi 3-7 kun ichida tayyor bo‘lishi va hamma ishlar “xamirdan qil sug‘urganday” oson bo‘lishiga odamlarni ishontiryapti. Ayrimlar bu yolg‘onga aldanib, pullaridan ayrilgan.

So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda haydovchilik guvohnomasini sotish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari avj olmoqda. Ushbu firibgarlar turli usullar yordamida odamlarning ishonchiga kirib, ulardan pul mablag‘larini o‘marishga ham ulgurishgan.

Kun.uz'ga murojaat qilgan fuqarolardan birining ma’lum qilishicha, u yanvar oyining oxirida Facebook'da tezlashtirilgan tarzda “prava” olib berishni va’da qilgan reklama e’lonini ko‘rib qoladi. Ular bilan bog‘lanadi va maxsus kanalga qo‘shiladi. Ko‘zda tutilgan to‘lovlarni amalga oshirganidan keyin esa kanal admini u bilan yozishmalarni to‘xtatadi va g‘oyib bo‘ladi.

“Boshida o‘zim ham shubhalandim. Ammo kanalga joylashtirilgan videolarni ko‘rib, haqiqatan ham 3 kun ichida guvohnoma olish mumkinligiga ishondim. Mendan rasm, pasport ma’lumotlari va oq qog‘ozga qo‘yilgan imzoimni so‘rashdi. Ular guvohnoma chiqqanidan keyin to‘lov qilishimni aytishdi. Bir necha kundan keyin men bilan bog‘lanishib, “prava” tayyor bo‘lganini aytishdi va yo‘l harakati xavfsizligi xodimlarining planshetida ma’lumotlarim aks etgan guvohnomaning videosini yuborishdi. Agar 2-3 soat ichida to‘lov qilmasam, guvohnoma bazadan o‘chib ketishi va qayta olmoqchi bo‘lsam, muammolarga duch kelishim mumkinligi aytib, qo‘rqitishdi. Nima qilishni bilmay, ular so‘ragan 4 mln so‘mni yuborilgan plastik kartaga o‘tkazdim. Shundan so‘ng, uy manzilimni so‘rashdi. Yubordim. Ammo keyin men bilan qayta bog‘lanishmadi va savollarimga javob berishmadi”, deydi murojaatchi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, pulni Bekzod Rajaboliyev nomidagi Humo kartaga o‘tkazishni so‘rashgan. Asia Alliance Bank'dan ochilgan bu karta ayni paytda ham ishlayapti.

Kun.uz muxbiri holatga aniqlik kiritish maqsadida “HAYDOVCHILIK GUVOHNOMASI” deya nomlangan yopiq kanalga qo‘shilib, joylangan ma’lumotlarni o‘rganib chiqdi. Kanal o‘tgan yilning noyabr oyida yaratilgan va ayni paytda 8 mingdan ortiq obunachiga ega.

Firibgarlar joylashtirgan e’londa guvohnoma 3-7 kun ichida tayyor bo‘lishi aytiladi. Bunga ular YHXBBdagi aloqalari orqali erishishi mumkinligini iddao qilgan.

Ular potensial “o‘lja”laridan quyidagi hujjatlarni to‘plab, yuborishlarini so‘rashadi.

·       kerakli toifa;

·       pasport yoki ID-kartaning old va orqa tomonlari fotosurati;

·       oq fondagi rasm va imzo;

·       doimiy yashash joyi haqida ma’lumot;

·       yetkazib berish tafsilotlari (telefon raqami, shahar, uy manzili).

Odamlarni ishontirish va manipulyatsiya qilish maqsadida kanalga bir necha “mijoz”larning guvohnoma olganini aks ettiruvchi qator videolar va rasm ham joylangan.

Guvohnoma haqiqiy ekani va uning bazaga kiritilganiga, pasport uchun topshirilgan barmoq izidan nusxa olinib, unga qo‘shilishiga alohida urg‘u berilgan.

Kanal adminining Kun.uz muxbiriga ma’lum qilishicha, yangi haydovchilik guvohnomasining narxi 4 mln so‘mdan boshlanadi. Qo‘shimcha toifa qo‘shish bahosi 3,5 mln so‘mdan boshlanadi.

Yuqoridagi holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tegishli ishlar amalga oshirilishi va aybdorlar topilib, qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishiga umid qilamiz.

Mavzuga oid