O‘zbekiston | 14:45 / 21.02.2024
9628
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda gaz qazib olish ketma-ket beshinchi yil pasaydi

2024 yil yanvar oyida 4 mlrd kub metr gaz qazib olindi, bu o‘tgan yilning yanvariga nisbatan 7,4 foizga kam. Rasmiy statistika gaz qazib olish ketma-ket beshinchi yil pasayganini ko‘rsatmoqda.

Foto: Kun.uz

Statistika agentligi 2024 yil yanvar oyi uchun sanoat statistikasini e’lon qildi.

Unga ko‘ra, yanvarda tabiiy gaz qazib olish 3 mlrd 994,6 mln kub metrni tashkil qilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 317,3 mln kub metrga yoki 7,4 foizga pasaygan. 2023 yilning yanvar oyida 4 mlrd 311,9 mlrd kub metr gaz qazib olingan.

Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda 53,8 mlrd kub metr gaz qazib olingan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2022 yilda 51,7 mlrd kubga, 2023 yilda 46,7 mlrd kubga tushgan.

Umuman, ketma-ket besh yildan beri O‘zbekistonda gaz qazib olish ko‘rsatkichi pasayish tendensiyasini namoyon qilib kelyapti. Rasmiy statistika 2020 yil yanvarida 10 foiz, 2021 yil yanvarida 4,4 foiz, 2022 yil yanvarida 2,4 foiz, 2023 yil yanvarida 7,5 foiz, 2024 yil yanvarida 7,4 foiz tushishni qayd etgan.

Boshqa energetika manbalari

Raqamlar o‘tgan oyda ko‘mir ishlab chiqarish ham pasayganini ko‘rsatyapti. Xususan, 2024 yil yanvar oyida 357,8 ming tonna ko‘mir ishlab chiqarilgan bo‘lsa, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 57 ming tonnaga kamroq.

Neft ishlab chiqarishda ham pastlash kuzatildi: joriy yil yanvarda 60,5 ming tonna neft ishlab chiqarilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich o‘tgan yili 64,5 ming tonna bo‘lgan. Neft qazib olishda 2023 yil ilk oyida 4,4 foizlik o‘sish qayd etilgan bo‘lsa, joriy yil yanvarda 6,3 foizlik pasayish kuzatildi.

Yoqilg‘i manbalari ichida gaz kondensati ishlab chiqarishda biroz o‘sish qayd etildi – 2,3 foiz. 2024 yil yanvarda 111,7 ming tonna, o‘tgan yilning mos davrida esa 109,4 ming tonna gaz kondensati ishlab chiqarilgan.

Statistika agentligi hisobotida keltirilishicha, ishlayotgan sanoat korxonalari soni bir yil ichida 25 251 taga kamayib, 68 691 tani tashkil etgan. Bu – oxirgi 5 yildagi eng past ko‘rsatkich. Shunday bo‘lsa-da, sanoat ishlab chiqarishning fizik hajmi o‘tgan yilning yanvariga nisbatan 16,6 ga o‘sgan (2023 yilning ilk oyi anomal sovuq sababli energetika inqirozi bilan o‘tgandi).

O‘tgan yili yanvardagi anomal sovuq va energetika inqirozidan keyin Vazirlar Mahkamasining yig‘ilishida 2023 yilda gaz qazib olishni 9 foizga oshirish imkoniyati borligi aytilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, 2017–2021 yillarda O‘zbekistonda uglevodorod xomayoshsini ko‘paytirish dasturi amalga oshirilgan. 2022 yildan boshlab esa neft va tabiiy gaz qazib oluvchi xususiy kompaniyalar uchun yer qa’ridan foydalanganlik solig‘i 2-3 barobarga pasaytirib berilgan.

Avvalroq O‘zbekiston Rossiyadan gaz importini oshirish uchun 500 mln dollar ajratmoqchi ekani ma’lum qilingandi.

Mavzuga oid