Iqtisodiyot | 13:02 / 21.02.2024
9425
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Xitoy sarmoyalarining o‘zlashtirilgan umumiy hajmi 11 mlrd dollarga teng bo‘ldi

Belgiyaning The Brussels Times portalida O‘zbekiston va Xitoy munosabatlariga bag‘ishlangan tahliliy maqola e’lon qilindi.

«Dunyo» xabariga ko‘ra, maqolada O‘zbekiston–Xitoy hamkorligining zamonaviy bosqichi 1992 yil 2 yanvarda, O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, xalqaro hamjamiyatning to‘la huquqli a’zosi sifatida Xitoy Xalq Respublikasi bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgan onlardan boshlangani ta’kidlangan.

«Bugungi kunda Xitoy O‘zbekistonning eng yirik iqtisodiy va savdo sherigi hisoblanadi. 2023 yilning yanvar-noyabr oylarida mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 12,2 milliard dollarni tashkil etib, o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 34 foizga oshdi», - ma’lum qilingan manbada.

Belgiya OAVda qayd etilishicha, Xitoy O‘zbekistondagi eng yirik sarmoyadorlardan biridir. 2017-2022 yillarda Xitoy sarmoyalarining o‘zlashtirilgan umumiy hajmi salkam 11 milliard dollarga teng bo‘ldi. 

«To‘g‘ridan to‘g‘ri Xitoy sarmoyalari bugungi kunda mamlakat iqtisodiyotining ko‘plab tarmoqlarida, jumladan, kimyo sanoati, neft-gaz sektori, qurilish materiallari ishlab chiqarish, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, yengil sanoat va boshqa sohalarda faoliyat yuritmoqda. O‘zbekistonda yirik sarmoyaviy va infratuzilma loyihalarini amalga oshirishda ishtirok etayotgan Xitoy kompaniyalari soni muttasil ortib boryapti», - deb yozgan The Brussels Times.

Mavzuga oid