Jahon | 19:28 / 22.02.2024
7101
2 daqiqa o‘qiladi

Hindistonda paxtaqand sotish taqiqlandi. Unda saratonga olib keluvchi modda borligi aniqlangan  

Hindistonning ayrim shtatlarida paxtaqandlar sotish taqiqlandi. Sababi sotilayotgan shirinliklar tekshirilganda paxtaqand tarkibida rang berishda ishlatiladigan, saratonga sabab bo‘luvchi rodamin-B moddasi aniqlandi.

Foto: Getty Images

O‘tgan hafta Hindistonning janubiy Tamil Nadu shtatida laborator tekshiruvga yuborilgan paxtaqandlar tarkibida saratonga sabab bo‘luvchi rodamin-B moddasi aniqlangan. Shunday so‘ng mamlakatning ayrim shtatlarida pushti va e’tiborni o‘ziga tortadigan bu shirinlikni sotish taqiqlandi.

Tashqi tuzilishi sabab Hindistonda buddi-ka-baal — "kampirning sochlari" deb ataladigan paxtaqandlar butun dunyo bolalari orasida ham mashhur. Bu shirinlik parklar, bolalar o‘yingohlari, umuman odam gavjum va bolalar ham tashrif buyuradigan deyarli hamma joyda sotiladi.

Hindiston rasmiylari shirinlik ko‘ringanidan ko‘ra zararliroq bo‘lishi mumkinligini ta’kidlashmoqda

Tamil Nadu shtati Chennay shahri oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha mutaxassis Satish Kumarning aytishicha, paxtaqand tarkibidagi zararli moddalar saratonga olib kelishi, butun tana organlariga ta’sir qilishi mumkin.

Uning jamoasi shaharda konfet sotuvchilar uchun reydlar o‘tkazganda aniqlanishicha, shahardagi shirinlik sotuvchilar ularni o‘zlari mustaqil tayyorlaydi, shirinliklar ro‘yxatdan o‘tgan zavodlarda tayyorlanmaydi.

Reydlardan so‘ng o‘tkazilgan laborator tekshiruvlarda paxtaqandlardan rodamin-B aniqlangach, sotuv taqiqlandi. Bu kimyoviy modda mahsulotga pushtir rang beradi, asosan, to‘qimachilik, kosmetika va siyoh tayyorlashda ishlatiladi.

Tadqiqotlarda bu moddaning saraton xavfini oshirishi, Yevropa va Kaliforniyada undan oziq-ovqat bo‘yog‘i sifatida foydalanish taqiqlangani aniqlandi.

Paxtaqand taqiqlanishi fonida Hindiston Sog‘liqni saqlash vazirligi rodamin-B tarkibida mavjud bo‘lgan oziq-ovqatlarni qadoqlash, import qilish, sotish yoki to‘y va boshqa marosimlarda ommaga tarqatish oziq-ovqat xavfsizligi talablarini buzish sababi bilan jazolanishga olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

Mavzuga oid