O‘zbekiston | 16:35 / 22.02.2024
8627
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda 3 yoshli bog‘cha tarbiyalanuvchisi ariqqa tushib ketib vafot etgani bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Bir hafta avval oilaviy nodavlat MTTning qarovsiz qoldirilgan uch nafar tarbiyalanuvchisi ko‘chaga chiqib ketgan va 3 yoshli qiz bog‘chadan 1 km uzoqlikdagi fermer xo‘jaligi arig‘idan jonsiz holda topilgandi. Bog‘cha yopildi.

15 fevral kuni Jizzax viloyatidagi oilaviy bog‘chada qarovsiz qolgan bola ko‘chaga chiqqanda ariqqa tushib ketib, vafot etgani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.

O‘sha kuni soat 09:00 da Do‘stlik tumanida joylashgan oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilari nazoratsiz qoldirilishi oqibatida 3 nafar voyaga yetmagan bola maktabgacha ta’lim tashkiloti hovlisidan chiqib ketgan.

Soat 13:00 larda uch yoshli qiz bog‘chadan taxminan 1 km uzoqlikdagi fermer xo‘jaligi dala maydonidan oqib o‘tuvchi ariqdagi suvdan o‘lik holda topilgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 192–11 (Nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish) va 207–moddalari (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va tergov harakatlari olib borilmoqda.

Qolgan ikki bola sog‘lom, ular oila davrasiga qaytarilgan.

Maktabgacha ta’lim agentligi «Gazeta.uz»ga aniqlik kiritishicha, mazkur bog‘cha faoliyati tugatildi.

Mavzuga oid