O‘zbekiston | 19:20 / 22.02.2024
10567
5 daqiqa o‘qiladi

“Vazirlik nufuzi bir shaxs harakati bilan baholanmaydi” – vazir o‘rinbosari xorazmlik pedofil amaldor ishi haqida

“Xorazm viloyati Adliya boshqarmasi sobiq boshlig‘i Oybek Masharipov adliya xodimi bo‘lgani bilan davlat berib qo‘ygan vakolatdan kelib chiqqan holatda emas, shaxs sifatida bu jinoyatni sodir qildi. Bu narsani ertaga boshqasi ham qilish mumkin”, deydi Adliya vaziri o‘rinbosari Alisher Karimov.  

Adliya vazirligida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda vazirlik 2023 yilda amalga oshirgan ishlari to‘g‘risida ma’lumot berildi.  

Matbuot anjumanida ishtirok etgan Kun.uz muxbiri vazir o‘rinbosari Alisher Karimovga Xorazm viloyati Adliya boshqarmasining sobiq boshlig‘i Oybek Masharipovning jinoyati vazirlik nufuziga qanday ta’sir qilgani, bu kabi holatlar tizim xodimlari o‘rtasida takrorlanmasligi uchun qanday choralar ko‘rilgani, shuningdek, vazirlik ish bo‘yicha chiqarilgan hukm va jazo chorasini qanchalik adolatli bo‘ldi deya hisoblashi haqida savol berdi.  

Alisher Karimovga ko‘ra, Oybek Masharipov jinoyatini avvalo adliya tizimi xodimi sifatida emas, shaxs sifatida sodir qilgan.

 “Bu holat jamoatchilik tomonidan hozirgi kungacha muhokama qilinyapti. Albatta, bu oqlab bo‘lmaydigan holat, Adliya vazirligining har bir tizimi xodimiga yomon ta’sir qildi, desa ham bo‘ladi. Lekin shaxs u. Shaxs esa o‘zining qilmishi uchun o‘zi qonunda belgilangan tartibda javob beradi.

Bunaqa holatlarga yo‘l qo‘ymaslik va oldini olish maqsadida Adliya vazirligida odob-axloq kodeksi ishlab chiqilgan. Unda tizimdagi barcha xodimlarning huquq va majburiyatlari belgilab berilgan. Bu yo‘nalish bo‘yicha ko‘plab xodimlar bilan ish olib borilyapti.

Vazirlikning nufuzi bitta shaxsning xatti-harakati bilan baholanmaydi. Guruch kurmaksiz bo‘lmaydi. Mana, olib qarasangiz, davlat tashkilotlarida qancha holat mavjud.

Juda ko‘p OAV va blogerlar tomonidan adliyaga urg‘u qaratilyapti. Bu shu tizimda faoliyat yuritayotgan inson sifatida bizga ta’sir qiladi. Lekin masalaning ikkinchi tomoni bor: u adliya xodimi bo‘lgani bilan davlat berib qo‘ygan vakolatdan kelib chiqqan holatda bu jinoyatni sodir qilgani yo‘q, shaxs sifatida, inson sifatida sodir qildi. Mana shu narsaga e’tibor qaratishimiz kerak. Bu narsani ertaga boshqasi ham qilish mumkin.  

 Sudning faoliyatiga hech kim aralasha olmaydi. Ish apellyatsiya tartibida ham qayta ko‘rib chiqildi, Oliy sud tomonidan ham izohlar berildi. Ya’ni o‘sha paytda amal qilgan qonunchilik doirasida jazo choralari belgilandi. Undan keyin bu masalalar bo‘yicha qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritildi. Bevosita Adliya vazirligining o‘zi o‘sha qonunning tashabbuskori bo‘ldi. Biz o‘zimiz qonun loyihasini ishlab chiqqandik, parlament ma’qulladi, kuchga kirdi, javobgarlik choralari oshirildi. Lekin huquqni qo‘llashda bu qilmish sodir bo‘lgan va aniqlangan paytdagi qonunchilik bo‘yicha jazo tayinlanadi. Sudning qabul qilgan hukmini tahlil qilishga bizning haqqimiz yo‘q”, deya ta’kidlab o‘tdi vazir o‘rinbosari.  

Matbuot anjumanida vazirlik tomonidan 2023 yilda amalga oshirilgan ishlarga ham to‘xtalib o‘tildi.

Ta’kidlanishicha, o‘tgan yilda vazirlik tomonidan huquqiy ekspertizadan o‘tkazilgan qonun hujjatlari loyihalarining 543 tasi yoki har uchtadan bittasi maqsadga muvofiq emas deb qaytarilgan. Oxirgi uch yil davomida qonunchilik yukini ixchamlashtirish bo‘yicha “Tartibga solish gilotinasi” usuli orqali 8848 ta normativ huquqiy hujjatlar bekor qilingan.

Normativ-huquqiy hujjatlarni amaliyotda qo‘llashdagi korrupsiyaviy xavflarning oldini olish maqsadida 359 ta loyiha hamda 113 ta amaldagi qonun hujjatlari korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazilgan. Natijada 582 ta korrupsiyaviy omillar aniqlangan.

 Shuningdek, davlat organlarida inson huquqlari sohasidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishi ustidan o‘tkazilgan o‘rganish va monitoringlar natijasida aniqlangan qonunbuzilishlarni bartaraf etish bo‘yicha 8 071 ta taqdimnoma kiritilib, 939,6 mlrd so‘mdan ortiq pul mablag‘lari undirib berilgan. Fuqarolar manfaatlarida tegishli sudlarga 240 mlrd so‘mga yaqin 11 763 ta da’vo arizasi kiritilgan. 

2023 yilda davlat xizmatlari markazlari tomonidan 13,2 mlndan ortiq xizmatlar ko‘rsatilgan. Markazlarda ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari turlari soni 335 taga yetkazilgan.

Mavzuga oid