O‘zbekiston | 17:05 / 23.02.2024
4905
2 daqiqa o‘qiladi

Energetika vazirligi tabiiy gaz hajmi me’yoriy sxemaga yaqinlashayotganini ma’lum qildi

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda gaz bosimining odatdagidan ko‘ra past ekaniga qaramay, 22 fevral kuni ham uning iste’moli yuqoriligicha qoldi. Kecha mazkur miqdor 154,6 million kub metrni tashkil qildi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

«Tabiiy gaz hajmi me’yoriy sxemaga yaqinlashyapti. Biroq gaz bosimining pastligi me’yoriy sxemaning to‘liq tiklanishini kechiktiryapti», — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, magistral gaz quvurlarida gaz bosimining keskin tushib ketishi oqibatlarini bartaraf etish, respublika iste’molchilari hamda issiqlik elektr stansiyalarini tabiiy gaz bilan bir maromda ta’minlashda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy holatlarning oldini olish maqsadida bir qator zarur choralar ko‘rilmoqda.

Xususan, aholi va ijtimoiy soha obektlarini birinchi navbatda tabiiy gaz bilan ta’minlash hamda quvurlardagi bosimni bir me’yorda tutib turish maqsadida barcha hududlardagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarning ish faoliyati mahalliy hokimliklar tomonidan tasdiqlangan reja-grafik asosida tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilmoqda.

22 fevral kuni mamlakatdagi 481 ta ana shunday shoxobcha orqali aholiga va ijtimoiy sohalar obektlariga tegishli avtomobillar, shuningdek, jamoat transportlarining barcha turlariga 3 million 239 ming kub metr tabiiy gaz yetkazib berilgan.

Mavzuga oid