Navoiyda maktab o‘quvchilari dars payti sport zalga yig‘ilib, sochi olindi
Ommaviy soch olish “tadbiri” tashabbusi maktab direktoridan chiqqani, milliy gvardiya xodimlari esa jarayon ustiga borib qolgani aytilmoqda. Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i bu oqlab bo‘lmas holat ekanligini bildirdi.
Navoiy shahridagi 2-umumta’lim maktabida o‘g‘il bola o‘quvchilarning ommaviy ravishda sochini olish “tadbiri” o‘tkazilgan. Holat bugun, 23 fevral kuni bo‘lgan. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, maktab direktori Nurqobil Yusupov tashabbusi bilan maktabga sartarosh chaqirilgan hamda turli sinflardan o‘g‘il bola o‘quvchilar sport zalga yig‘ilib, sochi olingan. Jarayonni milliy gvardiya xodimlari ham kuzatib turgan.
Kun.uz holatga izoh olish maqsadida Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Ra’no Hayitova bilan bog‘landi. Boshqarma boshlig‘iga ko‘ra, bu holatni umuman oqlab bo‘lmaydi.
“Maktabga hozir odam jo‘natdim. O‘zi kecha gaplashgandim shu maktab direktori bilan. Ushbu maktab faoliyatini to‘liq o‘rganamiz. Bu holat umuman mumkin emas. Bunday direktor ishda qolishi ham mumkin emas aslida. Maktabda o‘quvchining sochiga tegishga umuman haqqi yo‘q. Pedagogning etika qoidasiga to‘g‘ri kelmaydi bu”, deya holatni izohladi boshqarma boshlig‘i.
Navoiy viloyati Milliy gvardiya boshqarmasi matbuot kotibi Ramazon Kubayevning ta’kidlashicha, milliy gvardiya xodimlari maktab direktorining bu tashabbusiga qarshi bo‘lishgan.
“Biriktirilgan xodimlarimiz davomat nazorati uchun maktabga borganida ushbu holatning ustidan chiqishgan. Bu, albatta, mumkin emas. Shu sababli maktab direktoriga jarayonni to‘xtatishni hamda o‘quvchilarni darsga qaytarishni aytishgan”, deydi Ramazon Kubayev.
Oldinroq Navoiy shahridagi 6-umumta’lim maktabida o‘qituvchi bolalarning ota-onalariga videomurojaat yo‘llab, maktabga krossovka kiyib kelish mumkin emasligini aytgandi. Vazirlik esa ta’lim muassasalarida oyoq kiyim, aynan krossovka bilan bog‘liq biror bir cheklov yo‘qligini ma’lum qilgandi.
Mavzuga oid
12:32 / 06.11.2024
Misr Navoiydagi mis konida burg‘ilash ishlarini boshladi
16:28 / 01.11.2024
Zarafshon shahri aeroporti faoliyati tiklanishi mumkin
12:39 / 01.11.2024
Kichik GESlar “sanoat ipotekasi” asosida tadbirkorlarga beriladi
12:38 / 01.11.2024