Jahon | 08:15 / 26.02.2024
6489
3 daqiqa o‘qiladi

TsAHAL Rafahdagi operatsiya rejasini Netanyahu kabinetiga taqdim etdi

TsAHALning Rafahda quruqlikda hujum amaliyotlarini o‘tkazish rejasi tinch aholini evakuatsiya qilishni nazarda tutadi. 

Foto: Mohammed Dahman/AP Photo/picture alliance

Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL) mamlakat harbiy vazirlar mahkamasiga G‘azo sektori janubida joylashgan Rafah shahrida quruqlikdagi operatsiya rejasini hamda tinch aholini jangovar hududdan evakuatsiya qilish rejasini taqdim etdi. Bu haqda 26 fevral, dushanbaga o‘tar kechasi Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning ofisida ma’lum qilindi. 

AFP ta’kidlaganidek, bayonot TsAHALning Rafahda kutilayotgan quruqlikdagi operatsiyasi boshlanishi arafasida qilingan. Netanyahu bu shaharni 2023 yil 7 oktyabrda Isroilga keng ko‘lamli hujum uyushtirgan HAMAS harakatining «oxirgi qal’asi» deb ataydi. 

Netanyahu Rafahdagi operatsiyadan voz kechish niyatida emas 

O‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar davom etayotganiga qaramay, Isroil bosh vaziri Rafahdagi hujum operatsiyasi rejasini kechiktirmasdan tasdiqlash niyatida, deb yozadi dpa agentligi. Netanyahuning o‘zi rejani tasdiqlash uchun shu hafta boshida vazirlar mahkamasi yig‘ilishini chaqirmoqchi ekanligini ma’lum qildi. 

Rafah G‘azo sektori bilan Misr chegarasida joylashgan. Isroilning G‘azo sektorida harbiy amaliyoti boshlanganidan beri shahar milliondan ortiq qochqinni qabul qilgan. Bunday vaziyatni hisobga olgan holda, Isroilning bir qator ittifoqchilari, jumladan, Qo‘shma Shtatlar ham vazminlikka chaqirdi. Biroq, Benyamin Netanyahu Rafahdagi harbiy operatsiyadan voz kechish niyatida emas. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar Rafahda HAMASning to‘rtta bataloni qolsa, Isroilning urushdagi maqsadi – jangchilarni yo‘q qilishga erishib bo‘lmaydi. 

Qayd etilishicha, Isroil hukumati G‘azo sektoriga «shimol va boshqa hududlardagi talonchilik»ning oldini olishga mo‘ljallangan insonparvarlik yordami yetkazib berish rejasini ham tasdiqlagan.

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. 

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 29 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid