Jahon | 22:05 / 27.02.2024
11627
2 daqiqa o‘qiladi

Amerikalik ayol tibbiyot kollejiga 1 milliard dollar xayriya qildi 

Bu mablag‘lar kamida 5 ming talabaning ta’lim xarajatlarini qoplab beradi. 

Amerikalik 93 yoshli Rut Gottesman Nyu-Yorkning Bronks hududidagi «Albert Eynshteyn tibbiyot kolleji»ga 1 milliard dollar xayriya qildi. Mablag‘lar barcha bo‘lajak talabalarning o‘qish xarajatlarini qoplash uchun sarflanadi. Bu haqda The New York Times xabar berdi. 

Ta’kidlanishicha, bu AQSh tarixidagi ta’lim muassasasiga va tibbiyot maktabiga berilgan eng katta xayriya mablag‘laridan biridir. 

Rut Gottesman ushbu kollejning sobiq professor-o‘qituvchisi hisoblanadi. U boyligini marhum eri Deviddan meros sifatida olgan. Uning eri taniqli investor Uorren Baffetning hamkori va Berkshire Hathaway korporatsiyasining dastlabki investori edi.  

Gottesman xayr-ehsonining diqqatga sazovor qiladigan tomoni uning miqdorida emas, balki Nyu-Yorkning eng qashshoq tumani Bronksdagi tibbiy muassasaga berilishidir. Bronks shaharning erta o‘lim darajasi yuqori va eng nosog‘lom tumani hisoblanadi. 

Gottesman so‘zlariga ko‘ra, uning xayr-ehsoni yangi shifokorlarga ko‘pincha 200 ming dollardan oshib ketadigan qarzlarsiz o‘z faoliyatini boshlash imkonini beradi. U, shuningdek, potensial talabalar safi tibbiy maktabda o‘qishga moliyaviy tomondan qodir bo‘lmagan odamlarni ham qamrab olishiga umid qilmoqda. 

Mavzuga oid