O‘zbekiston | 15:47 / 27.02.2024
4309
3 daqiqa o‘qiladi

Andijon viloyatida «Ipak yo‘li» erkin iqtisodiy zonasi tashkil etiladi

Prezidentning “Andijon viloyatida “Ipak yo‘li” erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Andijon viloyatida yuqori texnologiyali va zamonaviy investitsiya loyihalarini amalga oshirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va hudud aholisining farovonligini oshirish, shuningdek, Buyuk Ipak yo‘lida joylashgan mamlakatlar bilan savdo va investitsiyalar sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida Andijon viloyati Andijon tumanida “Ipak yo‘li” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etiladi.

“Ipak yo‘li” EIZning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari:

tashqi bozorlarda talab etilayotgan va import o‘rnini bosuvchi, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy va mahalliy investitsiyalarni jalb etish;
mahalliy xomashyo va materiallar negizida mustahkam kooperatsiya aloqalarini o‘rnatish, “Ipak yo‘li” EIZ ishtirokchilari o‘rtasida hamda respublikaning boshqa hududlari bilan sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish asosida yuqori darajadagi sanoat ishlab chiqarishini kengaytirish;
viloyatning ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan samarali foydalanish asosida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish, mahalliy aholi uchun doimiy ish o‘rinlari yaratish.

“Ipak yo‘li” EIZning faoliyat ko‘rsatish muddati 30 yilni tashkil etadi va ushbu muddat keyinchalik uzaytirilishi mumkin. “Ipak yo‘li” EIZ faoliyati davomida uning ishtirokchilariga erkin iqtisodiy zonalar ishtirokchilari uchun belgilangan alohida soliq, bojxona imtiyozlari va boshqa preferensiyalar tatbiq etiladi.

Andijon viloyati Andijon tumanida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan jami 218,18 gektar, shundan 201,23 gektar sug‘oriladigan yer uchastkalari sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga mo‘ljallangan yerlar toifasiga o‘tkaziladi.

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari qisqarib ketishining oldini olish maqsadida 2025 yil 1 yanvarga qadar sug‘oriladigan yerlar toifasiga o‘tkaziladigan yangi yer uchastkalari o‘zlashtiriladi.

Mavzuga oid