“Shantaj”chi ota-onalar, tarbiyasiz bolalar va majburan ishlayotgan o‘qituvchilar. Ustozlar – maktablardagi vaziyat haqida
“Sizga darsimda bo‘lgan oddiy holatni aytib beray: hamma topshiriq bajarayotgan vaqtda bir o‘quvchi nihoyatda xunuk so‘z bilan so‘kindi. Buni hamma eshitdi, qizlar yerga qarab o‘zlarini eshitmaganga soldi, ayrim qitmirroq bolalar kulishdi. Men nima qilishni bilmayman – urishay desam, shu so‘zni eshitganimdan o‘zim uyalyapman, urishmasam darsda shunaqa so‘z aytilsayam ustoz indamadi deyishlari mumkin. Tanbeh berishni boshlaganimni bilaman, “siz darsingizni o‘ting” degan javobni oldim...”
Maktablarda o‘qituvchi va o‘quvchi janjali yana ijtimoiy tarmoqlarning asosiy mavzusiga aylandi. Qaysidir maktabda o‘quvchi o‘qituvchini ursa, yana boshqa birida o‘qituvchi o‘quvchini urgan...
Xo‘sh, vaziyat bu holga kelishiga kim yoki nima sababchi? Ta’lim va tarbiyaning qayerida xato borki, o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasidagi ziddiyat kun tartibidan tushmay qoldi?
Kun.uz shu kabi savollarga maktab ichkarisidan javob izlab ko‘rdi. So‘rovnomada qatnashgan ustozlarning dard-u hasratlari sizlarni ham befarq qoldirmasa kerak. Fikr qoldirganlarning iltimoslariga ko‘ra, shaxslari oshkor qilinmaydi.
“Ba’zi ota-onalar bolaga oddiy etiket qoidalarini ham o‘rgatmasligidan nega boshqalar aziyat chekishi kerak?”
N. Toshkent shahri:
— 11 yildan beri maktabda ishlayman. Sizga 2 kun avval darsimda bo‘lgan oddiy holatni aytib beray: hamma topshiriq bajarayotgan vaqtda bir o‘quvchi nihoyatda xunuk so‘z bilan so‘kindi. Buni hamma eshitdi, qizlar yerga qarab eshitmaganga soldi, ayrim qitmirroq bolalar kulishdi. Men nima qilishni bilmayman – urishay desam shu so‘zni eshitganimdan o‘zim uyalyapman, urishmasam darsda shunaqa so‘z aytilsayam ustoz indamadi deyishlari mumkin. Tanbeh berishni boshlaganimni bilaman, “siz darsingizni o‘ting” degan javobni oldim. Men bunga qarab turolmayman, o‘quvchi bilan gaplashib, kerakli tushuntirishni berdim. Lekin nega ba’zi ota-onalar bolaga hatto oddiy etiket qoidalarini ham o‘rgatmasligidan boshqalar ham aziyat chekishi kerak? Agar men ham shu o‘quvchi bilan tortishsam, butun darsim havoga uchardi, boshqa bolalarning vaqtini bekorga sovurardik.
Ularga nima bilan tushuntirishni bilmaysan, biror chora ko‘rolmaysan: choraklik baho qo‘yishga majbursan. Hatto o‘sha bola ismini to‘g‘ri yozolmasayam. Sinfda qoldirolmaysan, bundan qo‘rqishmaydi. Qoldirilgan bilan keyingi yil yana kimningdir boshiga balo bo‘ladi, o‘zgarib qolmaydi. Ulardan faqat maktabni bitirishganda qutulish mumkin.
“Qani imkoni bo‘lsa, boshqa ishga o‘tib ketsam...”
S. Namangan viloyati:
— Bugun na ota-ona, na o‘quvchi ustozni hurmat qilmaydi. O‘quvchidan qattiqroq turib talab qiladigan bo‘lsangiz, ustingizdan yozadi. Bolalar o‘z uyida ota-onadan tarbiya olmaganiga yarasha, maktabda tarbiya qilishga ham yo‘l qo‘yilmaydi. Darsning yarmini tarbiyasiz o‘quvchilarni darsga jalb qilishga sarflaymiz. Hamma narsa pul bilan o‘lchanadigan zamondamiz. Kunda-kunora komissiya kutamiz. Komissiya hech qachon uslub o‘rgatmaydi, faqat ayb qidirib, jarima solishni o‘ylaydi.
Yangilik emaski, Kundalik.som na o‘quvchilarga, na ularning ota-onalariga qiziqmas. Lekin har yig‘ilishda rahbarlar joyimizdan turg‘azib qo‘yib, bizdan nechta o‘quvchimiz, nechta ota-ona shu platformaga kirgan-kirmagani haqida so‘rashadi. Tinimsiz aytib, so‘rab, zo‘rg‘a kirgizamiz yoki ular nomidan o‘zimiz kiramiz – yarim kun vaqt ketkazib. Ota-ona kirmasa biz hayfsan olamiz, tushuntirish xati yozamiz, bir kunlik ish haqimizni olib qolishadi.
Shu platforma uchun to‘lanadigan pulni so‘rab, boshimiz baloga qolishini birov bilmaydi. Yaqinda bir otaga shuni to‘lab qo‘yish kerakligi, o‘ziyam kunda bolasining baholarini bilib turishi mumkinligini aytib, baloga qoldim. “Yana bir marta telefon qilsang, mendan pul talab qildi, deb shikoyat qilaman” dedi. Bilaman, bu shikoyati bilan hech narsaga erisholmaydi, lekin baribir direktor bizga uzr so‘rattiradi, to‘g‘ri tushuntirmagansan deydi. O‘zi yo‘q obro‘yimiz battar yer bilan bitta bo‘ladi.
Oxirgi 2 yilda juda charchadim, ishlagim kelmayapti shu sohada. Oldinlari maza qilib ishga borardim, hozir majburiyat uchun boraman. Qani imkoni bo‘lsa, boshqa ishga o‘tib ketsam. Sohada xuddi shunday menga o‘xshab boshqa joyga ketolmaydigan, shu yerda ishlashga majburlar qolgan desam adashmayman. Ko‘pchilik hamkasblarim bilan gaplashsam eri boshqa joyda ishlashga ruxsat bermagani uchun maktabda ishlayotganini aytadi. Shunaqa holatda ta’limni rivojlantirish mumkinmi?
“Shantajchi” ota-onalardan, o‘quvchilardan o‘qituvchini himoya qiladigan tizim yo‘q”
D. Samarqand viloyati:
— O‘qituvchiga hamma xo‘jayin – rahbariyat, hokimiyat, ota-onalar, o‘quvchilar. Faqat o‘qituvchidan talab qilish oson, lekin unga ishlashi uchun sharoit yaratish kerak. Har ikki kunda keladigan tekshirishlar bezdirib yuboryapti sohadan xodimlarni. Hali hokim kelarmish, hali prokuror, hali voyaga yetmaganlar bilan ishlaydiganlar, hali vazirlik deb jonimiz halak. Shunaqa xabar kelishi bilan maktabda dars to‘xtaydi desam ishonasizmi? Chunki u yer-bu yerni tozalash, sinfxonalar holatiga e’tibor qaratish, davomatni to‘g‘rilash, o‘quvchilarni o‘quv qurollari-yu, formasiga qarab qo‘yish uchun kim yuguradi? Albatta o‘qituvchi. Kelganlarga “obed” tashkillashtirish ham kerak.
Kelgan komissiya baribir ayb topib, sizni hammaning oldida yer bilan bitta qilib ketadi. Shundan keyin biror inson o‘qituvchini hurmat qiladimi? “Shantajchi” ota-onalardan, o‘quvchilardan o‘qituvchini himoya qiladigan tizim yo‘q. Shuning uchun ham o‘qituvchilar qo‘rqoq bo‘lib qolgan, befarq, mas’uliyatsizga aylanishyapti. Och qornim – tinch qulog‘im deydigan.
Men ba’zi hamkasblarimni ham oqlamayman, tizimda o‘qituvchining obro‘sini tushirayotgan, 45 daqiqalik darsni amal-taqal qilib o‘tayotganlar ham bor. Metodikani bilmaydigan, bolalar bilan til topisha olmaydiganlar qancha...
O‘qituvchilik – bu shunchaki ish emas, bu san’at degan bo‘lardim kerak bo‘lsa. Chunki shunday yondoshmagan ustoz o‘quvchini o‘ziga jalb qila olmaydi. Bola uni tinglamadimi, demak boshqalargayam xalal beradi. Uning umri, vaqti ko‘kka sovuriladi. Ularni deb tizimdagi hamma yomonga chiqadi.
“O‘quvchimning otasidan umrimda eshitmagan haqoratlarni eshitdim”
Z. Andijon viloyati:
— O‘qituvchidan xo‘jalik ishlarini olish kerak. U bilim beradigan odam, komissiya kutadigan, maktabni remont qiladigan, kelmagan bolani uyiga boradigan, tekshiruv kelsa gapga qolmay deb, forma-paypoq bilan shug‘ullanadigan shaxs emas. U tinimsiz shug‘ullanishi, o‘zining ustida ishlashi kerak. Lekin unaqa o‘qituvchining ishi ko‘rinmaydi. Maktablarda shunaqa muhit shakllandiki, ming tajribali, yaxshi ustoz bo‘ling – kimdir tekshirganda o‘quvchilaringiz formasiz, sochi o‘sgan bo‘lsin, bir tiyinsiz. Yoki metodikangiz zo‘r bo‘lsin, lekin qog‘ozbozlikni bilmasangiz, yana shu gap.
Direktorga nimadir qilmasang, darsing kamayadi, yaxshiroq sinf ololmaysan. “Zamdirektor”ga nimadir bermasang, ustama ololmaysan. Baribir pul berarkanmiz, o‘z ustimizda ishlab nima qilamiz degan fikr bo‘ladi.
Bultur bir o‘quvchim bir hafta kelmagani uchun uyiga bordim. Eshikni taqillatsam ota ochdi, g‘irt mastligi ko‘rinib turibdi. Kelishga keldim, endi maqsadimni aytay deb gap boshlaganimni bilaman – maktabni remontiga pul so‘rab keldingmi, kir uyga hozir pul so‘rashni ko‘rsataman, deb shunaqa qo‘pol haqoratlab ketdi. Yum-yum yig‘lab qaytdim. Umrimda bunaqa haqorat eshitmaganman.
“Toki o‘qituvchining obro‘si maksimal darajada oshirilmas ekan...”
Turkiyada istiqomat qiladigan vatandoshimiz Sitora Alixonzoda o‘z Facebook sahifasida bir paytlar o‘qituvchilik qilganini eslab, sohada ishlash uchun faqat diplomning o‘zi yetarli emasligi haqida yozdi:
“Bizda eng qiyin, og‘ir, shunga qaramay, mehnati qadrsiz soha bu o‘qituvchilik ekanini bundan 19 yil oldin maktabda bir muddat ishlagan paytlarim tushunib yetganman. O‘qituvchilik obro‘li, qiziqarli va havas qiladigan kasb ekanini esa Turkiyaga kelib, ayniqsa, o‘g‘lim maktabda o‘qiy boshlagach bilganman. Menimcha, bizda toki jamiyatimizda o‘qituvchining obro‘si maksimal darajada oshirilmas ekan...
Va tokay o‘qituvchini ishga olishda qo‘lidagi diplomi yetarli bo‘lib qolar ekan, maktablarimizdagi ahvol hali-beri o‘zgarmasa kerak”.
Sitora Alixonzoda turk maktablari haqida ba’zi ma’lumotlarni sanab o‘tgan:
- Turk maktablarida o‘quvchiga jismoniy va ruhiy shiddat qat’iyan taqiqlanadi va qattiq qoralanadi.
- Bolalar erkinligi va haq-huquqi har tomonlama himoyalangan.
- Turk maktablarida o‘qituvchi dars payti savol bersa, o‘quvchi o‘rnidan turib javob berishi shart emas. Ko‘rsatkich barmog‘ini ko‘tarib, so‘z navbatini oladi va o‘tirgan joyidan javob beraveradi.
- Hatto sinfga birov kelsa (o‘qituvchi, direktor kirganda ham) bolalar o‘rnidan turishi talab qilinmaydi.
- Va eng muhimi (tan olish kerak): Turk o‘qituvchilarida pedagog etikasi kuchli shakllantirilgan. Bola psixologiyasi yaxshi singdirilgan, shu bois bu yerda o‘qituvchilar bola bilan do‘stlashish, uni tushunish, bolani yaxshilikka yo‘naltirib, yomonlikdan qaytarishni ajoyib tarzda uddalashadi.
- Turk maktablarida erkak o‘qituvchilar soni ham ko‘pchilikni tashkil qiladi. Hatto boshlang‘ich sinflarda erkak o‘qituvchilarni ko‘plab uchratish mumkin.
- Turkiyada o‘qituvchilar maoshi 900 dollardan boshlanadi.
Gulmira Toshniyozova tayyorladi.
Mavzuga oid
19:03
"16 yoshli" ayolning 1 yashar egizak farzandi. Erta nikohni targ‘ib qilganlar ogohlantirildi
15:32
Ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan yoshlar davlat fuqarolik xizmatiga tanlovsiz qabul qilinadi
09:30
“Boshida kimyoga umuman qiziqmaganman” – o‘qituvchilik ortidan milliarderga aylangan Mohira Boltayeva
14:33 / 21.11.2024