Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkent amaliy fanlar universiteti hamda Milliy kutubxona hamkorligida jadidlar hayotiga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazildi

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Toshkent amaliy fanlar universiteti Pedagogika fakulteti Boshlang‘ich ta’lim nazariyasi va metodikasi kafedrasi hamkorligida “Ma’rifatparvar ajdodlarimiz merosi – milliy ta’lim-tarbiya asosi” mavzusida respublika anjumani bo‘lib o‘tdi.
Konferensiyada jadidlar hayoti va faoliyatini o‘rganish yosh avlod tarbiyasida muhim ekanligi, sohaga qiziquvchi talabalarni ilmiy-innovatsion faoliyatga tizimli jalb etish masalalari muhokama etildi.


Bugun asrlar osha O‘zbekiston va Turkiston ziyolilari tomonidan yaratilgan ilmiy va ma’rifiy merosni yodga olish va uni qayta baholanmoqda. Konferensiya davomida jadidlar hayoti, ishlari va ularning zamondosh jamiyatga qo‘shgan hissalari keng ko‘lamda muhokama qilindi. Jadidlar o‘z faoliyatlari orqali milliy madaniyat, adabiyot, ta’lim va jamiyat rivojiga katta hissa qo‘shishgan. Xususan, Abdulla Avloniyning: “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir”, degan so‘zlari naqadar haqiqat ekanligini bugun zamonning o‘zi ko‘rsatmoqda.


“Davlatimiz rahbari 2023 yilning 22 dekabr kuni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida ma’naviyat sohasidagi eng dolzarb va ustuvor vazifalarni belgilab berdi. Mazkur yig‘ilishda “Milliy vaksina”, “Ma’naviyat sektori” kabi tushunchalar bilan birga yoshlar ma’naviy-axloqiy tarbiyasini yuksaltirish, ular qalbi va ongida ezgu g‘oyalarni shakllantirish bo‘yicha ko‘plab tashabbuslarni ilgari surdilar. Bu borada jadid bobolarimizning merosi, hayotiy g‘oyalari muhim dasturilamal bo‘lishi shubhasiz”, - dedi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti direktorining o‘rinbosari Muhammadjon Quronov.


Anjumanda qo‘shni davlatlardan tashrif buyurgan olimlar ham ishtirok etishdi. Qozog‘istonlik olim Yormuhammad Madaliyev o‘zbek-qozoq jadidlarining hamfikrligi haqida gapirdi:
“Jamiyat taraqqiyotida ijtimoiy hayotning, yangicha tafakkurning ta’siri doim katta bo‘lgan. O‘tgan asr boshidagi milliy uyg‘onish jarayoni, jadidlar harakati o‘zbek adabiyotiga yangicha taraqqiyot tendensiyalarining yuzaga kelishiga asos soldi. She’riyat, nasrning mohiyati yangilandi. Abay Qo‘nonboyev, Mustafo Cho‘qay, Muxtor Avezov singari qozoq taraqqiyparvarlarining qarashlari, orzu-intilishlari o‘zbek ma’rifatparvarlarining g‘oyalariga hamohang bo‘lgan. Jadid bobolar merosini mukammal o‘rganish bugungi kunning dolzarb muammolarini hal etishda ham alohida ahamiyat kasb etadi”.


Konferensiyada jadidlar hayoti, faoliyatini o‘rganish yosh avlod tarbiyasida muhim ekanligi, yetuk va yosh olimlar orasida jadidlar hayoti va ijodiy faoliyatini tahlil qilishning ilmiy, nazariy va amaliy tajribalarining tadqiq qilinishi, sohaga qiziquvchi talabalarni ilmiy-innovatsion faoliyatga tizimli jalb etish, usulijadid maktablari va zamonaviy o‘qitish tizimidagi o‘xshash, farqli jihatlarni qiyosiy tahlil qilish masalalari atroflicha muhokama etildi.


Reklama huquqi asosida
Mavzuga oid
10:59 / 01.03.2025
Toshkentda ilmiy maqolalar yozish bo‘yicha navbatdagi o‘quv seminari o‘tkazildi
17:00 / 04.05.2024
Toshkentda xalqaro amaliy ta’lim konferensiyasi bo‘lib o‘tadi
16:00 / 25.04.2024
Ta’limdagi tenglik: Toshkent amaliy fanlar universiteti misolida
17:00 / 17.04.2024