O‘zbekiston | 16:55 / 29.02.2024
17909
4 daqiqa o‘qiladi

Sho‘rchida aholi uchun muhim bo‘lgan ko‘prik qurilishi chala tashlab ketildi

Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanidagi Xushchekka mahallasida bir yil oldin qurilishi boshlangan ko‘prik hamon bitkazilmadi. Ish chala tashlab ketilgani tufayli hududda yashovchi aholi, ayniqsa, bolalar sel oqadigan soydan kechib o‘tishga majbur bo‘lmoqda.

Kun.uz’ga Sho‘rchi tumanidagi Xushchekka mahallasi aholisidan murojaat kelib tushdi. Unda 2023 yilda mahallada “Obod xonadon, obod ko‘cha, obod mahalla” dasturi doirasida bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar chala tashlab ketilgani aytiladi.

Foto: Sho‘rchi tumani hokimligi axborot xizmati

Murojaatchilarga ko‘ra, 2023 yil boshida Xushchekka mahallasi “Obod xonadon, obod ko‘cha, obod mahalla” dasturiga kiritilgan. 2023 yil 24 mart kuni viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov mahallaga kelib, yaroqsiz holdagi eski ko‘prik o‘rniga yangi ko‘prik qurish va mahalla ko‘chalarini asfalt qilib berishni aytib, mutasaddilarga bu borada topshiriqlar bergan.

“Mahalladagi ichki yo‘llar holati qattiq tanqid qilindi. Tuman mutasaddilariga yo‘l masalasiga e’tibor qaratmagani uchun e’tiroz bildirildi. Bevosita aholi kayfiyatiga ta’sir qiluvchi yo‘llar ta’mirini ertadan boshlash, aholi uchun qulaylik yaratish lozimligi qayd etildi”, deyiladi viloyat hokimining Xushchekka mahallasiga borgani haqidagi xabarda.

Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Xushchekka mahallasidagi yaroqsiz ko‘prik oldida
Foto Surxondaryo viloyati hokimligi axborot xizmati

Dastur doirasida eng avval mahalladan o‘tuvchi soy ustiga ko‘prik qurishga kirishilgan. Keyin tuproq ko‘chalarga shag‘al to‘kilgan. Amalga oshirila boshlangan bu ishlar haqida tuman hokimligi axborot xizmati fotolar va videolar bilan xabarlar e’lon qilib borgan. Ularda mahalladagi 31-maktabgacha ta’lim tashkiloti, 12-umumta’lim maktabi va mahalla idorasi yangi binoda ish boshlagani, ko‘chalarga asfalt yotqizilgani hamda odamlarning uylari ta’mirlab berilgani ta’kidlanadi.

Biroq mahalla ahli o‘z murojaatida mahalladagi ishlar oxiriga yetkazilmaganini ma’lum qildi: ko‘chalarning bir qismi asfalt qilingan, boshqa qismi tashlab ketilgan, mahallaga o‘rnatilishi kerak bo‘lgan suv sig‘imi va transformator o‘rnatilmagan.

Eng muhimi, mahalla ahli uchun zarur bo‘lgan ko‘prik qurilishi boshlanganidan ko‘p o‘tmay chala qolib ketgan. Shu sababli bugungi kunda nafaqat mahalla ahli, balki yon-atrofdagi mahallalar aholisi ham sel kechishga majbur bo‘lmoqda. Bundan ayniqsa maktab o‘quvchilari qiynalishyapti. Ular qishning qirovli kunlarida soydan o‘tishda loyqa suv kechishga majbur bo‘lishmoqda.

Mahalla ahli chala tashlab ketilgan ishlar yuzasidan turli mas’ul tashkilotlarga murojaat qilgan, biroq buning nafi bo‘lmagan. Aksincha bunday murojaatlarga munosabat bildirayotgan tuman hokimligi axborot xizmati amalda bajarilmagan ishlarni ham qo‘shib-chatib, Xushchekka mahallasida amalga oshirilgan ishlarni sanash bilan band bo‘lgan.  

Agar tuman hokimligi axborot xizmati ta’kilaganday rejalashtirilgan barcha ishlar bajarilgan bo‘lsa, nega mahalla aholisi idorama-idora, tashkilotma-tashkilot yozg‘irib yuribdi, degan savol o‘rtaga chiqadi.

Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov oradan qariyb 8 oy o‘tgach, 2023 yil 1 noyabr kuni yana Xushchekka mahallasiga borib, u yerda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishgan. Ammo bu haqdagi xabarda ishlar yuzasidan nima kamchiliklar topilgani aytilmagan. Mas’ullarga berilgan muddat haqida ham aniq gap yo‘q.

Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi axborot xizmati

Xushchekkaliklar hanuzgacha qilingan va qilinmagan ishlardan qoniqmayapti. Ularning norozi bo‘layotgani inobatga olinsa mas’ullar viloyat hokimining topshiriqlarini oxirigacha bajarmagan ko‘rinadi. Yo‘qsa barcha ishlar, ayniqsa ko‘prik qurilishi allaqachon bitib bo‘lar edi.

G‘ayrat Yo‘ldoshev, Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid