Sport | 17:30 / 02.03.2024
20675
16 daqiqa o‘qiladi

Manchesterda derbi, «Yuve» chempionga qarshi, «Real» va «Barsa» azaliy raqibi mehmoni

Foto: Getty images

Agar «Bayyer» «Kyoln» ustidan g‘alaba qozonsa, Bundesligadagi birinchi va ikkinchi o‘rinlar o‘rtasidagi farq 10 ochkoga yetadi. Bahorgi Bundesliga uchun bu odatiy holat, ammo bu safar peshqadam «Bavariya» emasligini e’tiborga olsak, bu mavsum Yevropada ancha katta voqeaga guvoh bo‘lamiz shekilli. Ispaniya va Angliyada esa hali hammasi qorong‘u, xususan ushbu haftada ham vaziyatni oydinlashtiruvchi, balki chigallashtiruvchi bir qator e’tiborli bahslar bo‘lib o‘tadi. «Barselona» o‘zi uchun eng qiyin safarlardan birida g‘alaba qozonishga harakat qilsa, Manchesterda navbatdagi derbi bo‘lib o‘tadi.

VALeNSIYa – ReAL MADRID (3 marta o‘tar kechasi, 01:00)

«Valensiya» ancha yillardan beri, jumladan ushbu mavsumda ham turnir jadvalida o‘rtamiyonaga aylanib qolgan bo‘lsa-da, baribir bu qarama-qarshilik ispan futbolining klassikalaridan biri sifatida qolaveradi. Ruben Baraxa shogirdlari qanday vaziyatda bo‘lishmasin, ayniqsa, katta o‘yinlarda xuddi o‘sha Baraxa futbolchilik davridagi tarixni eslab qolishini ko‘p marta isbotlashdi ham – jamoa bu mavsumda «Barselona» bilan durang o‘ynadi, «Atletiko» ustidan ishonchli g‘alabaga erishdi. Aynan «Mestalya»dagi o‘yinlarda «Valensiya» sentabrdan buyon yutqazmayotganini ham e’tiborga olsak, «Real»ga bu safar ham oson bo‘lmasligi shubhasiz.

Buning ustiga, «Valensiya» ikki haftadan buyon maydonga tushmadi, ya’ni ushbu uchrashuvga to‘laqonli ravishda tayyorlanish uchun yetarlidan ko‘proq vaqtga ega bo‘ldi. «Real» esa o‘tgan haftad «Sevilya»ga qarshi yana bir qiyin o‘yin o‘tkazdi, kelasi hafta esa Chempionlar Ligasidagi javob uchrashuv kutib turibdi. Tabiiyki, diqqatni jamlash va tarkibning tetikligi borasida ham mezbonlarda qo‘shimcha ustunliklar paydo bo‘lishi mumkin.

Albatta, bu faktorlar imkoniyatlarni tenglashtirib, sizlarni biroz qiziqtirish uchun yozilgani tabiiy, zero, shubhasiz, bu o‘yinda ham «Real» favorit hisoblanadi. Madridliklar La Liga doirasidagi bahslarda deyarli mag‘lubiyatga uchramayapti, turnir jadvalida ham ««Jirona» bilan farq (6 ochko) yetarli darajada bosimsiz o‘ynashga imkon beradi. Bundan tashqari, jarohat tufayli oxirgi o‘yinlarni o‘tkazib yuborgan Jud Bellinhemning mashg‘ulotlarga qaytgani va katta ehtimol bilan bugun tarkibda bo‘lishi haqida ishonchli xabarlar bor. Hatto Tibo Kurtua ham shug‘ullanishni boshlagan, ushbu o‘yinda bo‘lmasa-da, mavsumning eng mas’uliyatli pallasida «Real» yana optimal holatga yaqinlashayotgani quvonarli.

Yana o‘zaro uchrashuvlar statistikasiga qaytadigan bo‘lsak, «Mestalya»da o‘tgan oxirgi 6 o‘yining yarmida mezbonlar g‘alaba qozonganini ham e’tirof etish kerak. Jumladan o‘tgan mavsumda Diyego Lopezning goli «Valensiya»ga uch ochkoni taqdim etgandi. Birinchi davradagi bahsda esa «Real» 5:1 hisobida oson g‘alabani qo‘lga kiritgan. Rodrigo va Vinisius o‘z hisoblariga dubl yozib qo‘yishgandi.

MANCheSTeR SITI – MANCheSTeR YuNAYTeD (3 mart, 20:30)

Qariyb so‘nggi o‘n yillikda manchesterliklar orasidagi farq «ko‘klar» tomonida sezilarli ravishda og‘ishgan, har jabhada, jumladan o‘zaro o‘yinlarda ham bu farq yaqqol ko‘zga tashlansa-da, aynan bugungidek favoritlik «Manchester Siti»da hech qachon bo‘lmagandi. Gvardiola shogirdlari o‘z o‘yinini topib olgan va an’anaviy ravishda bahorda eng kuchli formasiga qaytayotgan bir paytda, «MYu» jarohatlar girdobida yashashda davom etmoqda. Hatto bukmekerlik idoralari ham mehmonlarning g‘alabasiga o‘n barobar yutuq va’da qilishmoqda – bunaqasi hech qachon bo‘lmagandi.

Gvardiola matbuot anjumanida raqibning ajoyib formaga kirib olgani va yangi yilda atigi bir marta yutqazganiga urg‘u bergan, Erik ten Xag esa shogirdlarining g‘alaba uchun kurashishini aytgan bo‘lsa-da, hatto so‘nggi g‘alabalar ham «qizillar»ga qay yo‘sinda nasib qilayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Jamoa bu g‘alabalar uchun bor imkoniyatini ishga solayotgan bo‘lsa-da, o‘yin borasida kamchiliklar juda ko‘pligi ma’lum. Agar hamma sog‘ bo‘lganda, asosiy tarkibda maydonga tushishi aniq bo‘lgan Martines, Shou, Maguayr, Xoylund kabi futbolchilar derbida qatnasha olmasligi aniq, o‘ynaydigan Reshford, Kazemiro, hatto Bruno Fernandesh ham u qadar yaxshi sport formasida emasligini ko‘rib turibmiz. Malasiya, Maunt, Van Bissaka, Marsiyal kabi futbolchilar ham jarohat tufayli yo‘qlarning o‘rnini jarohat tufayli bosa olishmaydi. «Manchester Siti» tarkibida yo‘qotishlar deyarli yo‘q. Jyek Grilish jarohatlanib, derbini o‘tkazib yuboradigan bo‘ldi, ammo mehmonlar himoyachilari uchun Dokudan ko‘ra Grilishning bo‘lishi kamroq muammo tug‘dirishi mumkin edi, balki. Shuningdek, Yoshko Gvardiol ham katta ehtimol bilan uchrashuvni o‘tkazib yuboradi.

Xullas, Manchester derbisida mehmonlarda faqat himoyaviy uslubda biror natijaga erishish umidi bor, zero ushbu mavsumning o‘zida ham shunga yaqin holatni guvohi bo‘ldik – «Manchester Yunayted» hozirgidan ham yomonroq tarkida «Enfild»dan durang olib kelishga muvaffaq bo‘lishgandi.

Shuning uchun ham, «Manchester Yunayted»ning o‘z pozitsiyasini yaqqol his etishi, ya’ni tengma teng o‘ynashga urinmasligi, aksincha, «Manchester Siti»ga halaqit berishi ham mumkin. Quyi bloklarga qarshi har qanday kuchli jamoa ham muammo sezadi, Gvardiola jamoasining so‘nggi uchrashuvlarini olsak ham, «Brentford», «Bornmut»ga qarshi bahslarda «Siti» faqat bir gol bilan kifoyalandi. Ancha dadil va pressingda harakat qilgan «Luton» bilan o‘yinda esa jamoa oltita gol urishga muvaffaq bo‘ldi.

«Yunayted» tarkibdagi muammolar tufayli, asosiy fishkalaridan bo‘lgan yuqori pressing qilish yoki tashabbuskor o‘ynashga qiynalayotgan bo‘lsa-da, himoyaviy o‘yinda yomon emas. Aynan safardagi o‘yinlarda bemalol ikkinchi raqamda o‘ynashni tanlash imkoniyati borligidan, masalan, «MYu» safardagi oxirgi 6 uchrashuvda mag‘lubiyat nimaligini bilmayapti. Ya’ni, oradagi farq haqida har qancha gapirmaylik, mehmonlar tarkibida ham yuqori darajadagi ijrochilar bor va futbolda qaysi faktor hal qiluvchi bo‘lishini bilish qiyin. Sulsher aynan himoyaviy uslub orqali bir necha bor «Siti» bilan o‘yinlarda g‘alaba qozonganini eslasangiz kerak. Ten Xagda hech bo‘lmasa, o‘sha «qoralamalar»ga qaytish varianti mavjud.

ATLeTIK – BARSeLONA (4 martga o‘tar kechasi, 01:00)

«Real»ning qiyin safari bo‘lgan turda so‘nggi turlarda g‘alaba qozonishni boshlagan «Barselona» uchun farqni qisqartirishga yaxshi imkoniyat bo‘lishi mumkin edi, ammo taqvim Xavi shogirdlariga yanayam qiyinroq imtihonni tayyorlab qo‘ydi. «Atletik» ushbu mavsumda Ispaniyada eng kuchli va chiroyli futbol namoyish qilayotgan jamoalardan biri bo‘lib turibdi. Chempionatda «Barselona» basklarga qarshi oxirgi 4 o‘yinni o‘z foydasiga hal qilgan va birorta ham gol o‘tkazib yubormagan bo‘lsa-da, masalan oxirgi o‘zaro uchrashuv Ispaniya kubogida ro‘y berdi va unda «Atletik» 4:2 hisobida g‘alaba qozondi. Jamoa hozirda Chempionlar Ligasi o‘rinlari uchun kurash olib bormoqda, Ispaniya kubogi finalida «Malorka»qarshi qarshi maydonga tushadi.

Endi faqat Bilbaoda o‘tayotgan o‘yinlarga e’tibor qarataylik. Birinchi turda bilbaoliklar «Real»ga qarshi maydonga tushishgan va o‘yin 0:2 hisobida mehmonlarning g‘alabasi bilan nihoyasiga yetganda. Shundan buyon La Ligada «Atletik» 12 ta uy uchrashuvini o‘tkazi va 10 g‘alaba va 2 durang qayd etdi. Bilbaodagi oxirgi 8 uchrashuvda 8 g‘alaba, to‘plar nisbati 23-6. «Atletiko» ham, «Jirona» ham, «Real Sosedad» ham Bilbaodan ochko olib keta olmadi. Har qanday holatda bo‘lmasin, «Barselona»ni o‘ta qiyin safar kutib turganini ta’kidlash lozim. Buning ustiga mezbonlarni Ernesto Valverde boshqarishini ham aytib o‘tish kerak. Murabbiy aslida Bilbaoda ko‘proq ishlagan bo‘lsa-da, 2017-2020 yillarda Barselonada muvaffaqiyatli ishlagan, ikki marta mamlakat chempioni bo‘lgan. O‘z vaqtida futbolchi sifatida ham «Barselona»da to‘p surgan. Ya’ni ancha yaxshi ishlagan bo‘lsa-da, iste’foga chiqarib yuborilgan Valverde uchun sobiq jamoasiga nimanidir isbotlash imkoniyati bor. Kim biladi, balki yozda Xavidan bo‘shab qoladigan o‘ringa yana Valverde variantini o‘ylab qolishar?

Tarkiblarga keladigan bo‘lsak, mezbonlarda eng katta yo‘qotish – Niko Uilyams. Hozirda Yevropaning deyarli barcha top klublarining nazarida turgan 21 yoshli futbolchi so‘nggi o‘yinlarda akasi bilan birga hujum chizig‘ida asosiy qurolga aylangan. «Atletiko»ga qarshi so‘nggi kubok bahsida ham 1+1 qayd etib, jamoasining finalga chiqishida katta rol o‘ynadi. Ammo u «Betis»ga qarshi chempionat o‘yinida qizil kartochka olgani tufayli, ushbu uchrashuvni o‘tkazib yuboradi. Shuningdek, Daniel Vivian ham sariq kartochkalari ko‘payib ketgani tufayli maydonga tusha olmaydi. Himoya chizig‘ida Viviandan tashqari, Yuri Berchiche ham jarohat tufayli sheriklariga yordam bera olmasligi ham Valverde uchun muammo tug‘dirishi mumkin. «Barselona « tarkibida uzoq muddatga safdan chiqqan Balde va Gavidan tashqari yangi yo‘qotishlar yo‘q. Faqat Ferran Torresning holati so‘roq ostida qolmoqda.

NAPOLI – YuVeNTUS (4 martga o‘tar kechasi, 00:45)

Bu to‘qnashuv o‘z vaqtida dunyoning eng yaxshi ikki hujumchisi Maradona va Platini dueli sifatida katta voqeaga aylanardi. Keyinchalik «Napoli» uzoq vaqt pastlarda yurdi, so‘nggi yillarda asta sekin tiklanib, ba’zi mavsumlarda «Yuventus» bilan chempionlik uchun kurashdi, turinliklarda inqiroz kuzatilgach, chempion ham bo‘ldi. Hozirda Italiyada «Inter» hukmronligi tobora mustahkamlanib bormoqda, «Yuventus» milanliklarni ta’qib qilib charchadi, «Napoli» o‘tgan mavsumdagi chempionligini nishonlashda davom etib, o‘rtamiyonaga aylanib qoldi – ammo qanday holat bo‘lishidan qat’i nazar, yuqorida tilga olingan yulduzlar tufayli ham, bu to‘qnashuv Italiya futbolida klassika bo‘lib qolaveradi.

O‘rtamiyona dedig-u, lekin o‘tgan turda «Napoli» qaytandek bo‘ldi, o‘tgan yilgi potensialini eslatib qo‘ydi. Qatorasiga uch o‘yinda 1:1 o‘ynagan jamoa «Sassuolo» darvozasiga safarda olti gol urdi. Osimhenda xet-trik, Xvichada dubl – xuddi dorilomon kunlardagi kabi. Tabiiyki, «qonning isini» olgan neapolliklar endi o‘z muxlislari qarshisida ham, yanada kuchliroq, nomdorroq raqib bilan xuddi o‘sha o‘yinni takrorlashga harakat qilib ko‘rishadi, albatta. Aslida «Sassuolo» esa Neapoldagi avvalgi «Yuventus»ga qarshi o‘yinlarni eslash kifoya – o‘tgan mavsumda «Napoli» turinliklar ustidan 5:1 hisobida g‘alaba qozongandi. Umuman oxirgi 4 uch uchrashuvida «Napoli» «Yuventus»ni mag‘lub etib kelmoqda.

Agar turnir jadvalidagi holat bo‘yicha tahlil qilsak, «Yuventus» uchun tepaga ham, pastga ham yo‘l yo‘qdek go‘yo. Turinliklar 5-o‘rindan 11 ochko ajratib turibdi va quyida ancha tig‘izlik ekanini inobatga olsak, birato‘la uch jamoaning «Yuventus»ni quvib o‘tishi imkonsizdek ko‘rinmoqda. «Napoli» uchun esa aksincha, kurash endi boshlanayotgandek. 4-o‘rindan 8 ochko orqada borayotgan «Napoli» uchun mart oyi juda muhim. Jamoa shu oyda «Yuventus», «Inter» va «Atalanta»ga qarshi maydonga tushadi, mana shu uchrashuvlardagi natijalar «Napoli» taqdirini va keyingi turlardagi pozitsiyasini belgilab berishi shubhasiz. «Napoli» Chempionlar Ligasiga qaytishi ham, umuman yevrokuboklarsiz qolishi ham mumkin. Bu turda A Seriyada 4-5 o‘rinlarda borayotgan «Atalanta» va «Bolonya» o‘zaro uchrashishini e’tiborga olsak, kimdir albatta ochko yo‘qotadi va «Napoli»da farqni qisqartirish imkoniyati bor.

Yo‘qotishlar borasida turinliklarda nomlar ko‘proq va kattaroq. Pogbaning to‘rt yilga diskvalifikatsiya qilinganini bu o‘yin oldidan aytish ham shart emasdir, zero fransiyalik futbolchi «Yuventus»ga qaytganidan buyon deyarli maydonga tushgani yo‘q. Ammo boshqa bir fransiyalik yarimhimoyachi Rabning yo‘qligi sezilsa kerak. Shuningdek, Federiko Kezaning ham maydonga tushishi shubha ostida qolmoqda.

BOShQA O‘YINLAR

2 mart. Union – BORUSSIYa D (19:30), Brentford – CheLSI (20:00), Nottingem Forest – LIVeRPUL (20:00), TOTTeNHEM – Kristal Pelas (20:00), Monsa – ROMA (22:00), Luton – ASTON VILLA (22:30)

3 mart. Kyoln – BAYYeR (19:30), ATLeTIKO – Betis (20:15), ATALANTA – BOLONYa (22:00), Malorka – JIRONA (22:30),

Mavzuga oid