Quyoshdagi chaqnashlar, quyosh shamoli va magnit bo‘roni – bu Yer uchun rostdan ham xavflimi?
Quyosh chaqnashi, quyosh shamoli magnit bo‘ronlarini qanday yuzaga keltiradi va bu Yer, undagi odamlar uchun xavflimi degan savollarga Astronomiya instituti katta ilmiy xodimi, fizika-matematika fanlari doktori Chori Sherdanov javob berdi. Olim Quyosh chaqnashi miokard infarkti kasalligi va asab sistemasi normal faoliyatining vaqtincha buzilishiga sabab bo‘lishi haqida fanda tadqiqotlar borligini aytadi.
Quyosh chaqnashlari nima?
Quyosh chaqnashlari – Quyosh atmosferasida energiya (kinetik, yorug‘lik va issiqlik) ajralishi bilan bog‘liq bo‘lgan portlash jarayoni. Chaqnashlar ba’zan butun quyosh atmosferasi (fotosfera, xromosfera va toj)ni qamrab oladi. Ular ko‘pincha (hamma vaqt emas) toj moddalarining otilishi bilan kechadi. Kuchli chaqnashlar paytida juda katta energiya ajralib chiqishi mumkin, bu dunyo aholisini taxminan million yilga elektr energiyasi bilan ta’minlashga yetadi.
Magnit maydoni ta’siri ostida quyosh plazmasining to‘satdan siqilishi sodir bo‘ladi, bu portlashlarni keltirib chiqaradi. Quyosh plazmasi chaqnash sohalarida o‘n million gradus temperaturagacha qiziydi. Quyosh toji va sayyoralararo fazoga uloqtirilgan moddalarning kinetik energiyasi oshib, ularning tezligi 1000 km/s gacha yetadi. Yorug‘lik (fotonlar) chaqnashdan keyin Yerga 8,5 sekunddan keyin yetib kelsa, zaryadlangan zarralar, plazma holatdagi bulutlar esa ikki-uch sutkadan keyin yetib keladi.
Magnit bo‘ronining paydo bo‘lishi
Quyosh chaqnashlari, odatda, quyosh dog‘larining qarama-qarshi magnit qutblari o‘zaro ta’sirlashish joylarida ro‘y beradi. Chaqnashlarning quvvati va soni 11 yillik davr bilan o‘zgarib turadi.
Quyosh chaqnashlari vaqtida atrof-fazoga zaryadlangan zarralar oqimi Yergacha ham yetib keladi va yer magnitosferasiga ta’sir qiladi. Bu zarralar Yer magnit maydonini holdan toydiradi, ya’ni magnit maydonini muvozanat holatdan chetga chiqaradi, bu magnit bo‘ronlari deb ataladi. Magnit bo‘ronlarining qisqa (3 kunlik) va uzun (27 sutkalik) davrlari oldindan prognoz qilinadi.
Magnit bo‘ronlarini quyosh shamoli olib keladi
Sayyoralararo fazoda haqiqatan ham Quyoshdan tez harakatlanadigan, quyosh shamoli deb ataluvchi moddalar oqimi mavjud. U kengayuvchi quyosh tojining davomi hisoblanadi; asosan vodorod (protonlar) va geliy (alfa-zarralar) atomi yadrolaridan, shuningdek, elektronlardan tashkil topgan. Quyosh shamoli zarralari, sekundiga bir necha yuz kilometr tezlikni tashkil etuvchi katta tezlikda harakatlanadi. Quyoshdan o‘nlab astronomik birlik uzoqlikda - Quyosh tizimining sayyoralararo muhitida siyraklashgan yulduzlararo gaz bilan qo‘shilib ketadi. Shamol bilan birga sayyoralararo fazoga quyosh magnitlari ham olib ketiladi.
Quyoshning umumiy magnit maydoni shakli bo‘yicha yerning magnit induksiyasi chiziqlarini eslatadi. Ammo Yer maydonining kuch chiziqlari ekvator yaqinida yopiq va Yerga zaryadlangan zarralarni o‘tkazmaydi. Quyosh maydonining kuch chiziqlari, aksincha, ekvator sohalarida ochiq va spiralga o‘xshab egrilangan holda sayyoralararo muhitga cho‘zilib ketgan. Bu shunday tushuntiriladiki, kuch chiziqlari o‘z o‘qi atrofida aylanayotgan Quyosh bilan bog‘lagan holda qoladi. Quyosh shamoli o‘ziga “yopishtirilgan” magnit maydonlar bilan birga Quyoshdan teskari tomonga yo‘nalgan kometalarning gazli dumlarini hosil qiladi. O‘z yo‘lida Yer bilan uchrashgan quyosh shamoli yer magnitosferasini kuchli deformatsiyalaydi, natijada bizning sayyora Quyoshdan teskari tomonga yo‘nalgan uzun magnit “dum”ga ega bo‘ladi. Yerning magnit maydoni esayotgan quyosh moddasi oqimini o‘ziga chaqirib oladi.
Quyoshdagi faol jarayonlar nimaga ta’sir qiladi?
Yerda kuzatiladigan ko‘plab fizik va biologik hodisalarning kechishi, xususan, iqlimning o‘zgarishi, xilma-xil kasalliklarining davriy ravishda takrorlanishi, ionosferadagi hodisalar, Yer magnit maydoni “bo‘ronlari” va kosmonavtlar uchun radiatsiya xavfining tug‘ilishi - bularning hammasiga Quyoshda ro‘y beradigan turli faol jarayonlar sababchi ekani fanga anchadan beri ma’lum.
Oxirgi yillarda Quyosh elektromagnit to‘lqinlarining ko‘zga ko‘rinmaydigan qisqa to‘lqinli diapazonlarida ham yetarlicha intensiv nurlanish aniqlandi. Bu nurlar ultrabinafsha, rentgen va gamma nurlari bo‘lib, Quyoshdagi aktiv hodisalar bu nurlar intensivligining ortishida asosiy manba bo‘lib xizmat qiladi. Quyosh chaqnashlari va eruptiv protuberaneslardagi portlash tufayli, bu nurlar oqimiga katta energiyali elementlar zarrachalar oqimi ham qo‘shiladi. Quyosh shamoli deyiluvchi bu oqimning intensivligi Quyosh aktivligining fazasiga mos ravishda o‘zgarib boradi. Quyoshdan kelayotgan korpuskulyar zarrachalar, radiatsion nurlar intensivligining bu xilda o‘zgarib turishi Quyoshning aktivlik darajasiga bog‘liq bo‘lib, dog‘lar sonining o‘zgarib turishi bilan bir xilda kechadi.
Quyosh shamolining radioto‘lqinlariga ta’siri
“Quyosh shamoli” Yerga yetib kelgach, turli geofizik hodisalarning kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Geofizik hodisalar esa, o‘z navbatida, planetamizning biologik sferasiga ta’sir etadi. Natijada ko‘plab biologik hodisalarning kechishida Quyosh aktivligi o‘zgarishi o‘z aksini topadi. Quyosh aktivligining past yoki yuqori darajada kuzatilishi birinchi navbatda, Yer atmosferasining yuqori qatlamlarida “aks sado” beradi. Xususan, Quyosh radiatsiyasi tufayli ionosferaning ionlanish darajasi ortadi. Bu esa, o‘z navbatida, atmosferaning bu qatlamlarining elektr o‘tkazuvchanligini, elektromagnit nurlarni qaytara olish qobiliyatini o‘zgartiradi. Ba’zan Quyoshdan kelayotgan kuchli korpuskulyar oqim ionosferada qisqa uzunlikdagi elektromagnit to‘lqinlarining yutilish darajasini shu qadar orttiradiki, natijada atomlar yuqori ionlanishi tufayli, uzoq masofaga qisqa radioto‘lqinlari uzatilishida bir necha daqiqali uzilish kuzatiladi. 1959 yili 9 may kuni Quyoshda kuchli xrososfera chaqnashi kuzatildi. 10 va 12 mayda ham Quyoshda bir necha chaqnashlar kuzatildi. 11 mayda AQShda radio, telegraf, telefon aloqalari ancha muddatga ishda chiqdi. 12 mayda eslatilgan chaqnashlardan otilgan korpuskulyar oqim Yerga yetgach, osmonda qutb yog‘dusi kuzatildi.
Quyosh faolligi va kasalliklar o‘rtasidagi bog‘liqlik
Quyosh aktivligi va epidemik kasalliklar orasidagi bog‘lanishni o‘rganishda rus olimi, professor A.L.Chijyevskiyning hissasi katta. U keng tarqaladigan o‘lat, vabo, qaytarma tif, bo‘g‘ma kabi epidemik kasalliklarni o‘rganib, ularning boshlanishi, rivojlanishi va tugashi Quyosh aktivligiga mos kelishini aniqladi.
Bundan tashqari, fanda Quyosh chaqnashining yurak-qon tomir kasalligiga ta’sirini o‘rganib, miokard infarkti kasalligi bilan Quyosh chaqnashi orasida kuchli bog‘lanish mavjudligi ham aniqlangan. Shu bilan birga, Quyosh aktivligi bilan inson asab sistemasi o‘rtasidagi bog‘lanishni o‘rganish ham ijobiy natija bergan. Ya’ni Quyosh chaqnashi kishi asab sistemasi normal faoliyatining vaqtincha buzilishiga olib kelishi ma’lum bo‘lgan.
Mavzuga oid
00:32 / 25.10.2024
Quyoshda kuchli chaqnash sodir bo‘ldi. Bu Yerda magnit bo‘ronini yuzaga keltirishi mumkin
21:01 / 09.09.2024
Quyoshda qora plazma otildi: Yerda kuchli magnit bo‘roni bo‘ladi
16:00 / 28.08.2024
Yerda 6 balli magnit bo‘roni kuzatilyapti
21:47 / 17.07.2024