Jahon | 20:21 / 02.03.2024
17678
2 daqiqa o‘qiladi

Yaman husiylarining hujumidan so‘ng Qizil dengizda birinchi marta kema cho‘kib ketdi

Beliz bayrog‘i ostidagi Rubymar kemasiga hujum 18 fevral kuni Qizil dengizni Adan ko‘rfazi bilan bog‘lovchi asosiy suv yo‘lida sodir etilgan.

Foto: Bild

Yaman husiylari Qizil dengizdagi xalqaro yuk kemalariga oxirgi bir necha oy davomida raketalar va dronlar bilan hujum qilmoqda, biroq hujumlar oqibatida birinchi marta kema cho‘kib ketdi.

Bild nashrining yozishicha, Beliz bayrog‘i ostidagi Rubymar kemasiga hujum 18 fevral kuni Qizil dengizni Adan ko‘rfazi bilan bog‘lovchi asosiy suv yo‘li Bob ul-Mandib bo‘g‘ozida sodir etilgan. Yaman hukumatiga ko‘ra, jiddiy zarar ko‘rganidan so‘ng, kema boshqaruvsiz qolib, shimolga harakatlangan va keyinchalik cho‘kib ketgan.

Bundan tashqari, AQSh harbiylari kemaning cho‘kishi atrof-muhitga jiddiy zarar yetkazishi haqida oldindan ogohlantirgan. Qayd qilinishicha, Rubymar 41 ming tonna o‘g‘it tashigan. Bundan tashqari, kema atrofida bir kilometr uzunlikdagi neft qoldiqlari pardasi paydo bo‘lgan. Kema ekipaji hujumdan so‘ng Afrikaning Jibuti davlatiga evakuatsiya qilingan.

2023 yil noyabr oyidan boshlab, Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan husiy isyonchilar Qizil dengiz orqali o‘tuvchi kemalarga hujum qila boshladi. Avvaliga faqat Isroil bilan bog‘liq kemalar hujumga uchradi, ammo keyinchalik boshqa mamlakatlar, jumladan Amerika kemalari ham nishonga olindi. Eslatib o‘tamiz, Suvaysh kanali va Qizil dengiz orqali o‘tadigan ushbu yo‘nalish Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi eng qisqa yo‘l hisoblanadi.

12 yanvar kuni AQSh va Britaniya Yamandagi husiylarga qarshi ilk zarbalarini boshladi. Xabar qilinishicha, zarbaga uchragan obektlar orasida radar tizimlari, dronlar, ballistik raketalari, qanotli raketalarni saqlash va uchirish joylari bor.

Mavzuga oid