Jahon | 08:00 / 04.03.2024
10162
4 daqiqa o‘qiladi

Shveytsariya fuqarolari «o‘n uchinchi pensiya» uchun ovoz berdi

Shveytsariyaliklar pensionerlarga qo‘shimcha to‘lovlar uchun ovoz berdi va pensiya yoshini oshirishni rad etdi.

Foto: AFP

Shveytsariyada 3 mart, yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan umumxalq referendumi natijalariga ko‘ra, fuqarolarning 58,2 foizi pensionerlarga qo‘shimcha to‘lov – «o‘n uchinchi pensiya»ni qo‘llab-quvvatlagan. Ovoz berishning rasmiy natijalari AFP tomonidan e’lon qilindi. 

Mahalliy kasaba uyushmalari va so‘l partiyalar Shveytsariya hamda boshqa ko‘plab Yevropa mamlakatlarida ishchilar oladigan «o‘n uchinchi ish haqi»ga o‘xshash qonun loyihasini qo‘llab-quvvatladi. Mamlakat bo‘ylab ovoz berishda ishtirok etganlar 58 foizni tashkil qildi. 

Shveytsariyadagi referendumlarda ovoz berish o‘zgarishlarni nafaqat butun mamlakat bo‘ylab ko‘pchilik ovozi, balki mamlakatdagi 26 kantonning ko‘pchilik ovozi bilan qo‘llab-quvvatlashni talab qiladi, deyiladi OAV xabarida. «O‘n uchinchi pensiya» 26 kantondan 16 tasida qo‘llab-quvvatlandi - Shveytsariyada birinchi marta kasaba uyushmalari to‘g‘ridan to‘g‘ri demokratiya orqali davlat xarajatlarini oshirishni nazarda tutuvchi taklifni amalga oshirishga muvaffaq bo‘ldi.

Respublikada o‘rtacha oylik pensiya hozirda yolg‘iz kishilar uchun 2450 shveysar franki (taxminan 2470 yevro), er-xotinlar uchun 3675 frank (taxminan 3854 yevro)ni tashkil qiladi. Shu bilan birga, Shveytsariya dunyodagi eng qimmat mamlakatlardan biri hisoblanadi. 

Shveytsariyaliklar pensiya yoshini oshirishni qo‘llab-quvvatlamadi

Shveytsariya hukumati yangi to‘lovlarga qarshi chiqdi. Rasmiylarning fikricha, bu yiliga 4 milliard shveysar frankidan ortiq qo‘shimcha budjet xarajatlarini talab qiladi va ijtimoiy tizim barqarorligiga tahdid solishi mumkin. Islohot tarafdorlari norozilik elektoratini to‘plashga muvaffaq bo‘ldi, deydi ekspertlar. 

«O‘n uchinchi pensiya» masalasi bilan bir vaqtda, Shveytsariyada pensiya yoshini oshirish taklifi referendumga kiritildi. Erkin demokratik partiya (FDP) yoshlar bo‘limi pensiya yoshini bir yoshga, ya’ni 65 dan 66 ga ko‘tarish, so‘ng uni umr ko‘rish davomiyligi bilan bog‘lashni taklif qildi. Fuqarolarning 74,7 foizi bu fikrga qarshi ovoz berdi. 

Shunisi e’tiborga loyiqki, Shveytsariyada pensiya yoshi bo‘yicha avvalgi referendum atigi bir yarim yil oldin bo‘lib o‘tgan - 2022 yilning sentabrida mamlakat ayollar pensiya yoshini bir yoshga, ya’ni 64 dan 65 ga oshirishga ovoz bergan edi. Shveytsariyadagi erkaklar ham 65 yoshida nafaqaga chiqadi. Taqqoslash uchun, Germaniyada pensiya yoshi 2012 yildan boshlab bosqichma-bosqich o‘sib bormoqda va 2031 yilga borib 67 yoshga yetadi. 

Umuman olganda, Shveytsariyada pensiya ta’minoti ijtimoiy tizimida islohotlar kam amalga oshiriladi - «o‘n uchinchi pensiya» so‘nggi o‘n yilliklardagi birinchi bunday islohot bo‘ldi. Ammo boshqa iqtisodiy sohalarda shveysariyaliklar har doim ham «so‘l» g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlamaydi - masalan, 2016 yilda fuqarolar asosiy bazaviy daromadni joriy etish g‘oyasidan voz kechdi.

Mavzuga oid