O‘zbekiston | 15:32 / 04.03.2024
43186
4 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda IIB profilaktika inspektorlari qotillarga murdani yashirishda yordamlashgani ma’lum bo‘ldi

Bosh prokuratura 2023 yilda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan yashirilgan jinoyatlar bilan bog‘liq raqamlarni ochiqladi. Yashirilgan jinoyatlar orasida bezorilik, o‘g‘irlik, firibgarlik, hatto qotillik ham bor. Jinoyatlarni hisobdan yashirish orqali kriminogen vaziyat yaxshidek ko‘rsatilgan.

Foto: Kun.uz

Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i Baxtiyor Bobojonovning “Huquq” gazetasida e’lon qilingan maqolasida keltirilishicha, 2023 yilda respublika bo‘yicha oyiga o‘rtacha hisobga qo‘yilgan jinoyatlar soni prokuraturaning o‘rganishlaridan so‘ng bir nechtaga oshgan.

“Keyingi yillarda jinoyatchilik statistikasiga “hisobot yilida sodir etilgan jinoyatlar” tushunchasi kiritildi. Bundan maqsad umumiy ro‘yxatga olingan jinoyatlardan aynan shu yilning o‘zida sodir etilayotgan jinoyatlarni ajratish orqali haqiqiy kriminogen vaziyatni aniqlash hamda sodir bo‘lishi ehtimoli bo‘lgan jinoyatlarning oldini olish choralarini ko‘rishdir. Biroq bu vazifani ayrim xodimlar tushunmay, hududda jinoyatlar sonini kamaytirib ko‘rsatish maqsadida jinoyatlarni eski yilning sanasi bilan tizimga kiritayotgan holatlar kuzatilyapti. Eski yillarda sodir etilgan deb belgilangan jinoyatlarning qariyb 9 foizi aslida hisobot yilida sodir etilgan. Bunday amaliyot bu yil ham davom etayotgani tashvishlanarlidir.

Masalan, 2024 yil 4 yanvar kuni Quyi Chirchiq tumanidagi mas’uliyati cheklangan jamiyatlardan birining hududidan 11,8 mln so‘mlik temir quvurlar o‘g‘irlab ketilgani yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi tuman ichki ishlar idorasi tomonidan bir yil oldin, ya’ni 2023 yilning 5 yanvarida sodir etilgan deb belgilangan.

Tizimda jinoyatlarning barvaqt oldini olish, sodir etilganlarini fosh etish va jazo muqarrarligini ta’minlash o‘rniga jinoyatlarni hisobdan yashirish orqali kriminogen vaziyat yaxshidek ko‘rsatilmoqda”, deb yozadi Baxtiyor Bobojonov.

Jinoyatchilikka doir ko‘rsatkichlar yagona axborot tizimida ro‘yxatga olingan jinoyat haqidagi ariza va xabarlar bilan taqqoslanganda, rasmiy statistika haqiqiy holatdan tubdan farq qilishi ayon bo‘lgan.

Xususan, jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqidagi qarorlarning qonuniyligi o‘rganilganida 2023 yilda ichki ishlar organlari jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etgan 5 710 ta jinoyat aniqlanib, prokuratura tomonidan ushbu noqonuniy qarorlar bekor qilingan holda qat’iy hisobga qo‘yilishi ta’minlangan. Bularning 2 tasi bosqinchilik, 37 tasi talonchilik, 357 tasi tan jarohati yetkazish, 339 tasi bezorilik, 1 742 tasi o‘g‘irlik, 2 445 tasi firibgarlik hamda 788 tasi boshqa turdagi jinoyatlar bo‘lgan.

Prokuratura o‘tkazgan o‘rganishlarda jinoyat haqidagi ariza va xabarlarni qayd etmaslik yo‘li bilan 16 ta, dalillarni soxtalashtirish yoki qasddan yo‘q qilish orqali 24 ta jinoyat yashirilgani aniqlangan.

Masalan, Jarqo‘rg‘on tumanida yashovchi B.A. ukasi N.A. bilan birga o‘zaro ziddiyatlashib kelgan tanishi S.O‘.ni ko‘chada ketayotganida o‘g‘irlab, uyiga olib borgan va daraxtga bog‘lab qo‘ygan holda duch kelgan joyiga urib-tepib, do‘pposlagan. Oqibatda S.O‘. voqea joyida vafot etgan. Shundan so‘ng B.A. qilmishi haqida hududdagi ikki nafar profilaktika inspektoriga xabar bergan. Profilaktika inspektorlari voqea joyiga kelib, qasddan odam o‘ldirish jinoyati sodir etilganini ko‘rgan, ammo chora ko‘rish o‘rniga hech qayerga ma’lum qilmasdan, o‘ta og‘ir jinoyatni yashirgan. Hatto jinoyatchilarga marhumning murdasini yashirishga yordam ham bergan. Bu qilmishlari uchun inspektorlar sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etilgan.

Baxtiyor Bobojonovning qo‘shimcha qilishicha, shaxslarni profilaktik hisobga va ma’muriy nazoratga olish hamda ular bilan ishlashda ham jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmoqda. Shuningdek, sudlangan shaxslar bilan tizimli ish olib borilmayapti. 2023 yilda mamlakat bo‘yicha profilaktik hisobda turgan 1 234 kishi jinoyat qilgan. Shundan 752 nafar ilgari sudlangan shaxslar bo‘lgan.  

Mavzuga oid