Iqtisodiyot | 23:27 / 05.03.2024
19517
2 daqiqa o‘qiladi

2024 yilning ikki oyidagi davlat budjeti defitsiti 13 trln so‘mga yetdi

Joriy yil yanvar oyida davlat budjeti taqchilligi 5,7 trln so‘mni, fevralda esa 7,2 trln so‘mni tashkil etdi. 2024 yildagi davlat budjeti umumiy 10,3 trln so‘mlik defitsit bilan tasdiqlangandi.

Foto: Abdubakir Yunusov

Iqtisodiyot va moliya vazirligi taqdim qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning yanvar oyida davlat budjeti daromadlari – 16 trln 159,9 mlrd so‘mni, xarajatlari esa – 21 trln 926,7 mlrd so‘mni tashkil etgan. Budjet daromadlari va xarajatlari o‘rtasidagi farq 5 trln 766,8 mlrd so‘m.

Fevral oyida esa davlat budjeti daromadlari – 16 trln 908,9 mlrd so‘m, xarajatlari esa – 24 trln 137,1 mlrd so‘m bo‘lgan. Salbiy farq – 7 trln 228,1 mlrd so‘m.

Umumiy hisobda o‘tgan ikki oylikdagi davlat budjeti taqchilligi 12 trln 994,8 mlrd so‘mni tashkil qilgan.

2024 yil uchun davlat budjeti haqidagi qonunga ko‘ra, budjet daromadlari 270,4 trln so‘mni, xarajatlar esa 280,7 trln so‘mni tashkil etishi prognoz qilingan. Ya’ni joriy yildagi davlat budjeti 10,3 trln so‘mlik defitsit bilan tasdiqlangan. Konsolidatsiyalashgan budjet defitsiti esa 52,6 trln so‘m yoki YaIMga nisbatan 4 foiz darajasida chegaralangan.

Dekabr oyida, yil yakuniga 15 kun qolganda, davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun o‘zgartirilib, konsolidatsiyalangan budjet taqchilligi limiti YaIMga nisbatan 3 foizdan 5,5 foizgacha, yillik tashqi qarz limiti 4,5 mlrd dollardan 5,5 mlrd dollargacha ko‘paytirilgan edi.

Mavzuga oid