Jahon | 15:06 / 05.03.2024
5909
4 daqiqa o‘qiladi

Berbok Kiyevga yordam berish uchun «barcha vositalar»ni ko‘rib chiqishga chaqirdi

Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Barbok yana bir bor bilvosita uzoq masofaga uchuvchi TAURUS raketalarini Ukrainaga topshirish haqida gapirib, RF rahbariyatining «yo‘q qilish urushi»ga ishora qildi. Kansler Shols bu imkoniyatni rad etyapti. 

Foto: Kay Nietfeld/dpa/picture alliance

Germaniyada Ukrainani TAURUS qanotli raketalari bilan ta’minlash imkoniyati bo‘yicha davom etayotgan muhokamalar chog‘ida Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok o‘zini Rossiya keng ko‘lamli hujumidan himoya qilayotgan mamlakatga yordam berish uchun ishlatilishi mumkin bo‘lgan «barcha vositalarni» sinchiklab tekshirishga chaqirdi. Berbok 4 mart, dushanba kuni Chernogoriyada Rossiya «qirilish urushi» olib bormoqda va Germaniya xalqaro huquq doirasida mumkin bo‘lgan barcha harbiy yordamni taqdim etish variantlarini o‘rganishi kerak, dedi

Shu bilan birga, harbiy yordamning faktik asoslari aniq, deya ta’kidladi nemis vaziri doimiy havo reydlarini keltirib, ular odamlarning kundalik hayotini nihoyatda cheklab qo‘ygan. Shu tariqa, Berbok yana bir bor bilvosita, boshqa narsalar qatori, Germaniya kansleri Olaf Shols hali ham rad etayotgan Ukrainaga uzoq masofali qurollarni yetkazib berishni qo‘llab-quvvatladi. 

Shols TAURUS raketalarini Kiyevga topshirishdan bosh tortdi 

Ukraina katta o‘q-dorilar tanqisligidan aziyat chekmoqda va bir necha oy davomida Germaniyadan uzoq masofali TAURUS tizimlarini so‘ramoqda. Biroq, Shols bu so‘rovlarni rad etyapti. 4 mart kuni u yana bir bor bunday raketalarning Kiyevga berilishiga keskin qarshi chiqdi. «Juda uzoq masofaga mo‘ljallangan qurollarni yetkazib berish va ularni qanday boshqarish haqida o‘ylamaslik mumkin emas. Nazorat esa faqat nemis askarlari ishtirokidagina bo‘la oladi, bu esa mutlaqo mumkin emas», - dedi kansler. 

Shols TAURUS raketalarini Ukrainaga topshirishdan bosh tortishini Germaniya Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga jalb qilinishidan qo‘rqish bilan izohlayapti. Ayni paytda, so‘nggi kunlarda Bundesverda bo‘lgan zobitlar o‘rtasida Qrim ko‘prigiga TAURUS raketalari bilan hujumlar uyushtirish ehtimolini muhokama qilayotgan suhbati audioyozuvining sizdirilishi atrofida mojaro avj oldi. Berlin suhbat tutib olinganini tan oldi, biroq uning mazmuniga izoh bermadi.

Shu bilan birga, Shols yaqinda bir necha bor Kiyevga yanada qat’iy yordam berishni qo‘llab-quvvatlagan. «Biz Ukrainani ozodlik uchun kurashda qo‘llab-quvvatlashda davom etishimiz kerak», dedi Germaniya hukumati rahbari yanvar oyi oxirida Bundestagda. Yevropadagi chegaralar boshqa hech qachon kuch bilan o‘zgartirilmasligi kerak va Germaniya buning oldini olish uchun o‘z vazifasini bajarishda davom etadi, dedi u. Bu «Yevropada tinchlik va xavfsizlikka sodiqligimizni ifodalaydi», deb tushuntirdi Shols. «Biz ko‘proq mamlakatlar bunda faol ishtirok etishini, jumladan, qurol-yarog‘ yetkazib berishini istaymiz», dedi u. Kanslerning so‘zlariga ko‘ra, Kiyevga yetarlicha yordam bermayotgan Yevropa Ittifoqi mamlakatlarini atayin nomma-nom keltirmayapti, ularning pozitsiyasi o‘zgarishiga umid qilyapti. 

Mavzuga oid