Fan-texnika | 23:20 / 05.03.2024
43224
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi yirik savdo markazini borib ko‘rdi 

Davlat rahbari Tashkent City Mall savdo-ko‘ngilochar markazini ko‘zdan kechirdi. 

5 mart kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi Tashkent City Mall savdo-ko‘ngilochar markazi faoliyati bilan tanishdi. 

Qayd qilinishicha, majmua ko‘p funksiyali bo‘lib, zamonaviy tijorat va xizmat turlarini qamrab olgan. 5 qavatda savdo do‘konlari, restoran va kafelar, ko‘ngilochar o‘yinlar va sport maydonlari joylashgan. Yer ostida 2 qavatli avtoturargoh bor.

 

Ulkan maydonda bolalar va kattalar uchun yopiq o‘yingohlar mavjud. Shuningdek, 14 ta kinoteatr tashkil etilgan. Bir so‘z bilan aytganda, bu yerda odamlar xarid qilishi, dam olishi, sport bilan shug‘ullanib, vaqtini chog‘ o‘tkazishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. 

Majmua bir kunda 60 ming kishiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega. Unda 3 mingdan ziyod kishi ish bilan ta’minlanadi. 

Prezident bu yerga kelgan odamlar bilan suhbatlashdi. Shuningdek, majmuaning bir qismi bo‘lgan besh yulduzli mehmonxonada yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. 

31 qavatli bu mehmonxona bir vaqtning o‘zida 500 kishiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Unda yuqori martabali mehmonlar uchun sharoitlar, 273 ta standart xona tashkil etiladi. 

Shuningdek, katta va kichik konferensiya zallari, ochiq va yopiq suzish havzalari, restoran va kafeteriya xizmat ko‘rsatadi. Binoda zamon talabiga mos «Aqlli uy» tizimi hamda tezyurar liftlar o‘rnatilgan. 

Mehmonxona may oyida ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Bu yerda 500 kishi doimiy ish o‘rniga ega bo‘ladi. 

Xalqqa zamonaviy xizmatlar taqdim etadigan bunday markazlarni mamlakatimizning boshqa shaharlarida ham barpo etish muhimligi aytildi.

Mavzuga oid