O‘zbekiston | 19:50 / 06.03.2024
5298
4 daqiqa o‘qiladi

Fashion Rally – Toshkent kimyo xalqaro universitetida talabalar liboslar to‘plami namoyishi o‘tkazildi

1 mart kuni Toshkent kimyo xalqaro universitetining Liboslar dizayni ta’lim yo‘nalishi talabalari ishtirokida modalar namoyishi bo‘lib o‘tdi. Ushbu yo‘nalishning 2-3-bosqich talabalari tadbirda nafaqat o‘z ishlanmalarini namoyish etishdi, balki xalqaro moda haftaliklarida qatnashish imkoniyatlarini ham qo‘lga kiritishdi.

Ushbu moda namoyishi (defile) – maxsus modifikatsiyadan o‘tgan avtomobillar poygasiga ramziy qiyoslash ma’nosida “Fashion Rally” nomi ostida o‘tkaziladi. Avtomobil poygalari mavzusi gavjum shahar, mashinalar shovqini va vaqtning o‘tishi obrazida qo‘llangan. Taniqli HONDA kompaniyasining “Avval inson, keyin mashina” shioriga qiyosan moda va libos dizaynida – “Avval inson, keyin libos” qabilida qo‘llash mumkin. Talabalarning modalar namoyishi aynan ijodiy yondashuv, fantaziya parvozi uzluksiz mehnat bilan boyitilsa, kreativ fikrlovchi, o‘z ishining yetuk mutaxassisini shakllantirish mumkinligi falsafasiga qurilgan.

Liboslar dizayni ta’lim yo‘nalishi rahbari Mirsobit Odilov talabalar uchun imkoniyatlar haqida gapirib o‘tdi:

«Bugungi tadbirimiz “Fashion Rally” deb nomlanadi. 2-3-kurs talabalarimizning hisobot tadbiri bo‘lib, ular o‘zlari yaratgan liboslarni namoyish etishadi. Iqtidorli talabalarimizni aniqlab, yozda Ruminiyada bo‘lib o‘tadigan modalar namoyishiga yo‘llanma beriladi.

Bizning yo‘nalishimizda talabaning erkin ijod qilishiga juda katta urg‘u berilgan. Italiya bilan hamkorlikda qo‘shma dasturlar asosida ta’lim beriladi. Xuddi shunday o‘z ko‘zgazmalarini yaratgan talabalar xorijda o‘tkaziladigan moda namoyishlarida qatnashish imkoniyatiga ega bo‘lishadi».

Kimyo xalqaro universiteti Liboslar dizayni yo‘nalishida ta’lim jarayoni odatiy formatdagi stil va liboslardan farqli obrazlar yaratishga qaratilgan. Yo‘nalish talabalari ta’lim olish davrida kerakli ko‘nikmalarni, shuningdek, jahon modasining tendensiyalari borasida o‘z ijodiy fikrlarini erkin ifoda eta oladi. Ta’lim yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan professor-o‘qituvchilar va tahsil olayotgan talabalarning bosh g‘oyasi – o‘z individualligi va ijodiy imkoniyatlarini erkin ifoda etishdir. “Fashion Rally” – moda namoyishi 2023-2024 o‘quv yili davomida talabalar ustozlari hamkorligi va ko‘rsatmalari ostida yaratgan ijodiy g‘oyalarining navbatdagi hisobotidir.

“Fashion Rally” modalar namoyishining postanovkachi-rejissyori qator taniqli va nufuzli moda namoyishlari muallifi – Alisher Giyazov, shuningdek, Pahlavon Turdiyev (The Black Quail), Lola Sayfi (Human House), Saida Amir (Saida Amir), Zulfiya Sulton (Zulfiya Sulton) kabi taniqli dizaynerlar defile mehmonlari va hakamlar hay’ati a’zolari sifatida ishtirok etishdi.

"Fashion Rally” defilesi yosh iste’dodli dizaynerlarning modaga individual qarashlari bilan turli uslub va tendensiyadagi kiyim modellari, to‘plamlari bir platformada namoyish etilishi orqali o‘zaro muloqot qilish uchun yagona maydonga aylanishi nazarda tutilgan. Tadbir yakunida hakamlar hay’ati tomonidan eng yuqori ballarni to‘plagan 3 nafar talaba esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Universitetning rasmiy sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari:

Web-page: www.kiut.uz 

Telegram: t.me/kiut_official

Facebook: facebook.com/kiut.uz

Instagram: instagram.com/kiut.uz_rasmiy_kanal