Germaniya TIV nemis jurnalistlariga nisbatan Rossiya tahdidlarini tanqid qildi
Germaniya Tashqi ishlar vazirligi nemis jurnalistlariga nisbatan Rossiya tahdidlarini tanqid qildi. Berlin rossiyalik jurnalistlar Germaniyada erkin ishlay olishini ta’kidlab, Moskva repressiya va dezinformatsiyani kuchaytirayotganini ta’kidladi.
Germaniya Tashqi ishlar vazirligi Rossiya rasmiylarining Rossiyada ishlayotgan nemis jurnalistlariga tahdidlarini tanqid qildi. 5 mart, seshanba kuni Germaniya Tashqi ishlar vazirligi vakilining aytishicha, Rossiya rasmiylari nafaqat mamlakat ichkarisida repressiyalarni kuchaytirmoqda, balki targ‘ibot va dezinformatsiya orqali xorijdagi demokratik jamiyatlarni beqarorlashtirishga ham harakat qilmoqda. «Rossiyada tegishli akkreditatsiya asosida ishlayotgan nemis muxbirlariga tahdid bu yondashuvning yana bir misolidir», — deya Germaniya Tashqi ishlar vazirligi spikeri so‘zlarini keltiradi dpa agentligi.
Berlin, shuningdek, rossiyalik jurnalistlar Germaniyada erkin va to‘siqlarsiz ishlashi mumkinligi, ularga viza berish bo‘yicha qarorlar qonun doirasida qabul qilinishini ta’kidladi. Shu bilan birga, Germaniya Tashqi ishlar vazirligi vakili «Rossiya davlat ommaviy axborot vositalari RT va Sputnik tomonidan dezinformatsiya va ma’lumotlarni manipulyatsiya qilish bo‘yicha doimiy, muvofiqlashtirilgan choralarni» eslatdi. 2022 yildan boshlab ular Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostida va Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridagi faoliyati taqiqlangan.
Avvalroq, Rossiya Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Mariya Zaxarova «Solovev Live» onlayn-shousi efirida shunday degan edi: «Men aytmoqchimanki, ular bu haqda Berlindagi diplomatik kanallar orqali biladi: agar ular rus muxbirlarga tegsa va o‘z rejalarini oxirigacha yetkazsa, Rossiyadan nemis jurnalistlari ketadi». Zaxarovaning ta’kidlashicha, Germaniya hukumati rossiyalik jurnalistlarni mamlakatda ishlash uchun viza va akkreditatsiyani uzaytirmasdan chiqarib yubormoqchi.
Germaniya elchisi nemis zobitlari telefonlarini tinglash bilan bog‘liq mojaro fonida Rossiya TIVga tashrif buyurdi
4 mart kuni Germaniyaning Rossiyadagi elchisi Aleksandr Lambsdorff Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga tashrif buyurdi. RIA «Novosti» Rossiya davlat axborot agentligi xabariga ko‘ra, «Germaniya rasmiylarining rossiyalik jurnalistlar faoliyatini cheklashga urinishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi aytilgan va Bundesver zobitlari o‘rtasidagi suhbatda Rossiya hududidagi nishonlarga zarba berish ehtimoli haqidagi muhokamaga aniqlik kiritish talab qilingan».
Lambsdorffning o‘zi nemis harbiylari o‘rtasidagi suhbatni tinglash bilan bog‘liq mojaro yuzasidan Rossiya TIVga chaqirilgani haqidagi xabarlarni rad etdi. «Bu ikki tomonlama munosabatlardagi turli mavzularda suhbatlashish taklifi edi», dedi u 4 mart, dushanba kuni dpa agentligiga. Nemis diplomatining aniqlik kiritishicha, uchrashuv TAURUS raketalari bo‘yicha tutib olingan muzokaralar nashr etilishidan oldin rejalashtirilgan.
Mavzuga oid
15:13 / 23.11.2024
GFR Netanyahuni hibsga olishga berilgan order oqibatlarini o‘rganmoqda
11:10 / 22.11.2024
Merkel memuarida RFga nisbatan siyosatini himoya qilib chiqdi
13:43 / 21.11.2024
Germaniya Ukrainaga navbatdagi harbiy yordam partiyasini yubordi
21:36 / 20.11.2024