O‘zbekiston | 19:40 / 06.03.2024
5835
3 daqiqa o‘qiladi

O‘tgan qish iqlimiy me’yordan 1,5-2,6 daraja yuqori bo‘ldi – O‘zgidromet

2023/2024 yillar qishidagi eng sovuq harorat dekabrda kuzatilgan. Yanvar oyi meteorologik kuzatuvlar tarixidagi eng iliq yanvar oylari uchligiga kirdi. Fevraldagi harorat tartibi o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlarga mos bo‘ldi.

Foto: Kun.uz

O‘zgidromet 2023/2024 yillar qishida kuzatilgan harorat bo‘yicha tahlillarini e’lon qildi. Unga ko‘ra, o‘tgan qish mavsumi iliq bo‘lib, o‘rtacha mavsumiy havo harorati iqlimiy me’yordan 1,5-2,6 darajaga yuqori bo‘lgan. Yanvar oyi o‘tgan qishning manfiy anomaliyasiga asosiy hissa qo‘shdi. 2024 yilning yanvar oyi meteorologik kuzatuvlar tarixidagi eng iliq yanvar oylari uchligiga kirdi. Yanvar oyida o‘rtacha oylik havo harorati iqlimiy me’yordan 3-4 darajaga, shimolda 1-2 darajaga ko‘p bo‘ldi.

Dekabr ham iliq bo‘ldi. Ikkinchi o‘n kunlikda sezilarli sovuq to‘lqinlariga qaramay, dekabrda o‘rtacha oylik harorat me’yoriy qiymatlardan 1,5-2 darajaga, janubda 2,5-3 darajaga yuqori bo‘ldi. Hududning katta qismida o‘tgan qish uchun eng past havo harorati 2023 yil dekabr oyida kuzatildi. Toshkentda dekabr oyining minimal harorati 15,9 daraja sovuq qayd etildi, bu so‘nggi 30 yil ichida eng past harorat bo‘ldi.

Fevral oyida o‘rtacha oylik harorat respublika hududining katta qismida o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlarga yaqin bo‘ldi. O‘zbekiston shimolida fevral oyi iqlimiy me’yordan 1,5-2 darajaga iliqroq bo‘ldi. Oylik yog‘ingarchilik miqdori me’yordan kam, ba’zi joylarda me’yorga yaqin, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyatida va Qizilqum shimolida me’yorga nisbatan (30 foizdan) kam bo‘ldi.

Oyning iliq davrida (5 fevraldan 15 fevralgacha) yog‘ingarchilik kam bo‘lib, tekislik hududlarda esa faqat jadalligi biroz bo‘lgan yomg‘ir ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik kuzatildi.

Oyning boshi va ikkinchi yarmida asosan jadalligi kuchliroq bo‘lgan qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik tez-tez kuzatildi. Ushbu davrda respublikaning tekislik hududlarida qor qoplami shakllandi. Qor qoplamli kunlar soniga ko‘ra, fevral oyi o‘tgan qishda eng qorli bo‘lgan.

Mavzuga oid