Jahon | 15:20 / 06.03.2024
5412
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy YaIM o‘sishi 5 foiz darajasida bo‘lishiga umid qilmoqda

Tahlilchilar fikricha, Pekinning YaIMni 5 foiz atrofida ushlab turish maqsadiga erishish qiyin bo‘ladi. Bosh vazir Li Tsyan bu oson bo‘lmasligini tan oldi.

Foto: Florence Lo/REUTERS

Xitoy 2024 yilda mamlakat iqtisodiy o‘sish sur’atini besh foiz atrofida ushlab turishni maqsad qilgan. Xitoy bosh vaziri Li Tsyan 5 mart, seshanba kuni Pekinda bo‘lib o‘tayotgan Butunxitoy xalq vakillari yig‘ilishining yillik sessiyasi boshlanishida bu haqda ma’lumot berdi. Kuzatuvchilarga ko‘ra, ushbu ulkan maqsadga erishish qiyin bo‘ladi.

Lining so‘zlariga ko‘ra, Xitoy yalpi ichki mahsuloti 2023 yilda 5,2 foizga oshib, o‘sish sur’atlari bo‘yicha dunyoning eng yirik iqtisodlari qatoriga kirdi. Biroq, bu pandemiya davrini hisobga olmaganda, so‘nggi o‘n yilliklardagi eng past ko‘rsatkichdir.

Davlat kengashi bosh vaziri 3000 delegat oldida nutq so‘zlab, YaIM o‘sishini o‘tgan yilgi darajada ushlab turish maqsadiga erishish «oson bo‘lmasligi» haqida ogohlantirdi. «Xitoy iqtisodiyotining barqaror tiklanishi va o‘sishi uchun poydevor yetarli darajada mustahkam emas», - dedi u.

Xitoy harbiy budjeti 7,2 foizga oshadi

Xitoy iqtisodiyoti iste’molchilarning salbiy kayfiyati va xorijda Xitoy mahsulotlariga talab zaifligi, ko‘chmas mulk sohasida davom etayotgan inqiroz va yoshlar o‘rtasidagi ishsizlik yuqori darajasi bilan kurashmoqda, deya xabar beradi AFP.

Li Tsyan taqdim etgan hukumat hisobotiga ko‘ra, Xitoy hukumati joriy yil uchun inflatsiya darajasini uch foizga ko‘tarishni maqsad qilgan, shaharlarda 12 milliondan ortiq ish o‘rni yaratish va ishsizlik darajasini 5,5 foiz darajasida ushlab turish niyatida. 

Shu bilan birga, Xitoyning harbiy budjeti - dunyoda AQShdan keyin ikkinchi o‘rinda turadigan budjetni 7,2 foizga oshiriladi. Pekin mudofaa uchun 1665,5 milliard yuan (213 milliard yevro) sarflashni rejalashtirmoqda.

Mavzuga oid