“Yoshlar ko‘li farg‘onaliklarga qaytarilishi kerak” – Xayrullo Bozorovning qarori e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda
Farg‘ona viloyati hokimining Farg‘ona shahri markazidagi 2,2 gektarlik Yoshlar ko‘lini 24 kunlik firmaga “dom” qurish uchun berish haqidagi qarori faollar tomonidan noqonuniy deya baholanmoqda. “Milliy tiklanish” partiyasi Bosh prokuraturadan ushbu masalaga huquqiy baho berilishini so‘ragan.
Farg‘ona viloyati hokimining Farg‘ona shahri markazidagi Yoshlar ko‘lini mehmonxona, restoran, savdo majmuasi hamda ko‘p qavatli turar joylar qurish uchun “Unays building” MChJga doimiy foydalanish huquqi asosida biriktirib berish haqidagi qarori ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘ldi. Faollar ko‘l farg‘onaliklarga qaytarilishi kerak deb hisoblamoqda.
Holatga munosabat bildirgan “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Bosh prokuraturadan ushbu masalaga huquqiy baho berilishini so‘rashini ma’lum qilgan.
“Xalqni rozi qilish, kelajakda emas, odamlarga aynan bugun qulay sharoitlar yaratish Yangi O‘zbekistonning bosh talabiga aylangan kunlarda yashayapmiz. Keyingi yillarda amalga oshirilayotgan tub islohotlarning aynan ana shu tamoyil asosiga qurilayotgani shubhasiz, yurtdoshlarimizning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini mustahkamlayotir.
Shunga qaramay, afsuski, ayrim hollarda aholi kayfiyatiga salbiy ta’sir qiladigan holatlar ham uchrab turibdi. OAV hamda ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinayotgan mavzu – Farg‘onadagi Yoshlar ko‘li o‘rnida uy-joy binolari qurish bilan bog‘liq holat bunga misol bo‘lishi mumkin. Bunda eng yomoni, ona tabiatga va aholi istagiga zid tarzda qabul qilingan qaror tufayli mahalliy aholi va yoshlarda asosli e’tirozlar yuzaga kelmoqda.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi 2020 yilda ta’mirlangan, keyingi uch yilda esa noma’lum sabablarga ko‘ra suvsiz qoldirilgan Yoshlar ko‘lining taqdiriga, shuningdek, aholi talabi va qonunchilikka zid tarzda qabul qilingan qarorni bekor qilishi shart, deb hisoblaydi. Qayd etish joizki, amaldagi qonunchilikka muvofiq, viloyat hokimlarining yer berish bo‘yicha qaror qabul qilish vakolatlari tugatilgan.
Bas, shunday ekan, Farg‘ona ahliga, ayniqsa yoshlarga sport bilan shug‘ullanish uchun xizmat qilgan hudud taqdirini bitta qaror bilan o‘zgartirib yuborish bugungi kun talabiga ham, qonunchiligimizga ham ziddir.
Shundan kelib chiqqan holda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi bunday noqonuniy qaror chiqarish amaliyotini keskin qoralaydi hamda Bosh prokuraturadan ushbu masalaga huquqiy baho berilishini so‘raydi”, deyiladi partiya munosabatida.
Davletovuz Telegram-kanali muallifi Qobil Xidirov ko‘l va parklar xususiy qo‘llarga berilmasligi kerakligini, chunki ular ijtimoiy ne’mat ekanligini, Farg‘onadagi ko‘l ham haqiqiy egasi – xalqqa qaytarilishidan umid qilishini bildirgan.
Iqtisodchi Otabek Bakirov esa hokimlardan “yer sotish huquqi” olib qo‘yilgani bilan lazeykalar qoldirilgani haqida yozdi.
“Biz filtrlangan axborotlar sharoitida yoki piar ta’sirida yaxshi hokim yo yomon hokim degan sub’yektiv o‘lchovlar bilan o‘zimizni o‘zimiz ovutishda davom etar ekanmiz, cheklanmagan, tiyilmagan, xalqqa hisobdor bo‘lmagan hokim, hatto u avliyo bo‘lsa ham, baribir Vetnam ajdarhosiga aylanaveradi.
Shu ma’noda inson yuzli hokim deyiladigan Bozorov tomonidan Farg‘onadagi ko‘lning domqurarlarga “sovg‘a qilinishi” birinchisi emas, bu ketishda oxirgisi ham emas. Hokimlardan “yer sotish huquqi” olib qo‘yilgani bilan, bir ming bir yuz bir turdagi lazeykalar qoldirilgani haqida qancha gapirildi? Siz nima deb o‘ylaysiz, bu tirqishlar ongsizlik bilan qoldirilganmi? Yo‘q, albatta.
Nima qilmoq kerak deganda, birinchi navbatda, yana o‘sha sizning ensangizni qotiradigan gapni takrorlashga to‘g‘ri keladi: negizlarga, erkin saylovlarga va tiyib turish qoidalariga qaytish kerak.
Ikkinchidan, Yoshlar ko‘li farg‘onaliklarga qaytarilishi lozim. Chunki bu qaror nafaqat lazeykani aylanib o‘tgani bilan, balki yer sotishdagi benefitsiarlar almashib qolgani bilan ham noqonuniy. E’tibor bering, tashkil etilganida “Unays building” MChJ ta’sischisi Eldor Rahimov bo‘lgan, endi esa qandaydir xitoylik yo vetnamlik He Veilu. Eldor Rahimov janoblari yer ajratilgach, “o‘yindan chiqqan”.
2017 yildan keyingi davrda 99% yer sotishlar xuddi shu sxema bilan amalga oshirilmadimi? Hokimga yaqin A firmaning ta’sischisi shartli Sotvoldiyev A MChJga yer ajratiladi. Bir oz vaqt o‘tib, A MChJning ta’sischisi Sotvoldiyevdan Domqurarovga o‘zgaradi. Ya’ni o‘zi aslida Sotvoldiyevga ajratilgan yer de-fakto Domqurarovga sotib yuboriladi. Hamma xursand, Sotvoldiyev ham, Domqurarov ham. Lekin bu yerdan budjetga, davlatga bir so‘m ham tushmaydi. O‘tgan 7 yilda tekin yer ajratilgach, ta’sischisi almashgan MChJlarga oid minglab keyslarni qarang, shularning hammasida yer sotilgan. Milliardlab pul (so‘m emas, dollar) hokimlar va ularning o‘rtamchilari cho‘ntagiga tushgan. Lekin kim bu ishlarni taftish qiladi?
Hurmatli hokim Bozorov senator ham. Ya’ni amaliy qonun chiqaruvchi va uning harakatlari daxlsizlik bilan himoyalangan. Shu ma’noda oshkor bo‘lib qolgan yer mojarosini bartaraf etishning eng oson va to‘g‘ri yo‘li 2024 yilning 29 yanvar kungi qarorni hokimning o‘zi tomonidan bekor qilinishi va Yoshlar ko‘lini jamoatchilik maskaniga aylantirish bo‘lishi kerak”, degan iqtisodchi.
Kun.uz'ga ma’lum bo‘lishicha Adliya vazirligi Farg‘ona viloyati hokimi qarorining qonuniyligini o‘rganmoqda.
Farg‘ona viloyati hokimligi hozircha “sukut saqlamoqda”: hokimlik tomonidan holatga rasmiy munosabat bildirilgani yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xayrullo Bozorovning qaroriga ko‘ra Farg‘ona shahri markazidagi Yoshlar ko‘li mehmonxona, restoran, savdo majmuasi hamda “dom”lar qurish uchun tashkil etilganiga 24 kun bo‘lgan “Unays building” MChJga doimiy foydalanish huquqi asosida biriktirib berilgani xabar qilingandi.
Mavzuga oid
18:21 / 11.11.2024
Alisher Qodirov LGBT targ‘ibotini taqiqlovchi qonun ishlab chiqilishini ma’lum qildi
11:06 / 03.11.2024
Farg‘onada ariqdan erkak kishining jasadi topildi
18:05 / 25.10.2024
“Barchasi ota-onamning qo‘llovi tufayli”: Microsoft elchisiga aylangan o‘zbek qizi
14:01 / 13.10.2024