Jamiyat | 20:40 / 07.03.2024
22463
2 daqiqa o‘qiladi

Gulistonda o‘quvchi Milliy gvardiyaning soxta guvohnomasi bilan boshqa maktabga kirishga urindi

U Milliy gvardiyaning xizmat kiyimida bo‘lgan. Soxta guvohnomani topshirish so‘ralganida, qarshilik ko‘rsatgan. Ma’lum bo‘lishicha, yigit boshqa bir maktabda 11-sinfda o‘qiydi. Guliston shahar prokuraturasi yigit nega maxsus kiyim va guvohnoma orqali maktabga kirmoqchi bo‘lganiga aniqlik kirityapti.

Foto: Milliy gvardiya matbuot xizmati

5 mart kuni soat 15:30lar atrofida Guliston shahridagi 8-maktabda yangi tizim asosida ishlayotgan qorovul maktabga kirish joyida Milliy gvardiya kiyimidagi yosh yigitni shubha uyg‘otgani uchun to‘xtatgan.

Idora matbuot xizmati xabariga ko‘ra, u soxta guvohnoma ko‘rsatib, maktabga kirishi kerakligini aytgan. Maktab ma’muriyati esa bu shaxsni avval uchratmaganliklari va u maktabga biriktirilmaganini bildirgan.

Milliy gvardiya xodimlari noma’lum shaxsdan qalbaki guvohnomani topshirishni so‘raganida, u xodimlarga qo‘pol munosabatda bo‘lib, faol qarshilik ko‘rsatishga uringan. Unga nojo‘ya harakatlarining salbiy oqibatlari tushuntirilgan holda, tinchlantirilgan.

Foto: Milliy gvardiya matbuot xizmati

Olib borilgan tekshiruvlar davomida bu shaxs Guliston shahrida joylashgan 16-sonli maktabning 11-sinf o‘quvchisi U.X. ekani aniqlangan. Undan Milliy gvardiya xizmat kiyimi va soxta guvohnomasi olib qo‘yilgan.

Yigitning nima maqsadda forma kiyib maktabga kirmoqchi bo‘lgani va buning sabablarini aniqlash yuzasidan Guliston shahar prokuraturasi surishtiruv o‘tkazmoqda.

Eslatib o‘tamiz, fevral oyidan boshlab Milliy gvardiya xodimlari maktablarda davomatni yaxshilash va tartibni saqlashga jalb etildi. Maktablardagi inspektor-psixologlar IIVdan MG tuzilmasiga o‘tkazildi.

6 mart kuni e’lon qilingan qonun loyihasiga ko‘ra, Milliy gvardiya xodimlariga bolani tarbiyalash va ta’lim berish bo‘yicha majburiyatni bajarmaslik, jamoat joyida tamaki yoki alkogol mahsulotini iste’mol qilish, voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatga jalb qilishda ayblangan shaxslarni ma’muriy javobgarlikka tortish vakolati beriladi.

Avvalroq Qoraqalpog‘istonda mast erkak maktabga bolta ko‘tarib kelgan, Toshkent viloyatidagi maktabda Milliy gvardiya xodimiga jarohat yetkazilgan edi.

Mavzuga oid