Jamiyat | 22:08 / 07.03.2024
14687
2 daqiqa o‘qiladi

«Mushtum» jurnali faoliyatini davom ettirishini e’lon qildi 

Tahririyat kelishmovchiliklar hamda iqtisodiy muammolar ijobiy tomonga hal etilganini ma’lum qildi. 

«Mushtum» jurnali va uning ijtimoiy tarmoqlardagi barcha sahifalari faoliyatini davom ettiradi. Bu haqda jurnal tahririyati xabar berdi. 

Qayd qilinishicha, kelishmovchiliklar hamda iqtisodiy muammolar ijobiy tomonga hal etilgan. Bunda jurnal o‘quvchilarining hissasi ham borligi ta’kidlanmoqda. 

«Jurnalning taqdiriga befarq bo‘lmaganingiz va chin dildan qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun sizlarga tashakkur!», deyiladi tahririyat xabarida. 

Avvalroq, «Mushtum» jurnali va uning ijtimoiy tarmoqlardagi barcha sahifalari iqtisodiy qiyinchiliklar tufayli faoliyatini to‘xtatishi e’lon qilingan edi. 

«Mushtum» hajviya jurnaliga 1923 yil fevral oyida Abdulla Qodiriy tomonidan asos solingan. Jurnal tahririyati o‘tgan yili 100 yilligini nishonladi. 

Jurnal hajviy hikoyalar, felyyetonlar, tanqidiy maqolalar va fotosuratlari bilan o‘quvchilar orasida hurmat qozongan. Tahririyatning ta’kidlashicha, jurnal jamiyatdagi illatlarga mushtini ko‘rsatib, ular ustidan kulishi tufayli shunday nomlangan.

Mavzuga oid