O‘zbekiston | 14:37 / 07.03.2024
8454
4 daqiqa o‘qiladi

“Yopilayotgan nodavlat OTM talabalari o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha maxsus komissiya qarorini kutyapmiz” – Vazirlik

Lisenziyasi bekor qilinayotgan oliygoh talabalari o‘qishini boshqa nodavlat OTMga imtihonsiz, davlat oliygohiga esa imtihon bilan ko‘chira oladi. Yurisprudensiya yo‘nalishidagi talabalar Kasaba uyushmalari akademiyasida o‘qishi mumkin. Qonunchilikda litsenziyasi bekor bo‘lgan OTM talabalari o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha alohida holat ko‘rsatilmagani uchun maxsus komissiya qarori chiqishi kutilyapti.

Foto: Kun.uz

Lisenziyasi bekor bo‘lgan nodavlat OTM talabalari yo‘nalishi, kontrakt pullari miqdori o‘zgarish yoki o‘zgarmasligi, o‘qishni qaysi holatda davom ettirishi haqidagi savollarga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi departament boshlig‘i Abduvali Xoliqov javob berdi.

Vazirlik vakili ma’lumotiga ko‘ra, hozir 3 ta OTM faoliyati oxirigacha bekor qilingan. Bular Valley, Binari va Namangan xalqaro universiteti oliygohlari hisoblanadi. NamXU bo‘yicha 7 martagacha sud jarayoni kuzatilgan.

Mas’ulning tushuntirishicha, yakuniy bosqichda ham OTM litsenziyasi bekor qilinsa, OTFIV oliy ta’lim muassasasiga borib, talabalarning taqdirini hal qilish bo‘yicha shug‘ullanadi.

“Hozir NamXUning 6 mingdan oshiq talabasidan ariza olganmiz. Biz qonunga amalga qilgan holda, barcha talabalardan vazirlik nomiga ariza yozdirdik. Ular nodavlat OTMning xohlagan yo‘nalishiga ariza yozishdi, arizalarni yig‘ib, davlat maxsus komissiyasiga berdik. Yaqin kunlarda tasdiqlansa, OTMlarga barcha arizalarni taqdim etamiz va qonuniy ravishda nodavlat OTMda o‘qishni davom ettiradi. Lisenziyasi bekor qilingan OTMga qonuniy qabul qilingan birorta talaba ko‘chada qolmaydi”, – dedi u.

Xoliqovning qo‘shimcha qilishicha, litsenziyasi bekor bo‘lgan OTM talabalariga nodavlat OTMga hujjat topshirish majburiyati qo‘yilmaydi. Ular davlat OTMga ham o‘qishini ko‘chirishi mumkin va uning imtihonlari yozda o‘tkaziladi. Talaba xohlasa, semestri tugaguncha nodavlat OTMda o‘qib, yozda yana davlat oliygohlariga o‘qishni ko‘chirishga ariza berishi mumkin.

“NamXUdagi deyarli 95 foiz talaba nodavlat OTMga o‘tishga ariza bergan. Nodavlatlardagi talabalarni qabul qilish sig‘imidan kelib chiqib, ular bilan ham gaplashdik. Ularning roziligi olingan. Shuningdek, rektorlar talabalar NamXUdagi kontrakt summasi bilan bir xil miqdorda kontrakt to‘lashiga, o‘quv yili davomida qolib ketgan kreditlarini topshirishiga ruxsat bergan. Qaror chiqqunicha kunduzgi ta’limda o‘qiydigan talabalar norasmiy ravishda darsga qatnab turibdi. Vazirlik bunga ruxsat berdi”, – dedi vazirlik vakili.

Shu bilan birga mas’uldan yurisprudensiya yo‘nalishidagi talablari bor nodavlat OTM yopilsa, ularning talabalari qaysi nodavlat OTMga hujjat topshirishi mumkinligi so‘raldi.

Xoliqov nodavlat OTMdan yurisprudensiya yo‘nalishi Kasaba uyushmalari akademiyasida borligini, agar u yerda talabalar qabul qilish sig‘imi yetmasa, ular davlat yuridik yo‘nalishida o‘qitadigan OTMga test topshirishga majbur bo‘lishini bildirdi.

Lekin talaba davlat OTMga test topshirib, testdan o‘tolmasa, uning taqdiri nima bo‘lishi haqidagi savolga oydinlik kiritilmadi. Mas’ul buning huquqiy asosi yo‘qligini aytish bilan cheklandi.

Eslatib o‘tamiz, Kun.uz oldinroq litsenziyasini bekor qilish uchun vazirlik sudga bergan nodavlat OTM bo‘yicha surishtiruv e’lon qilgan edi. Unda vazirlik mas’ullari oldiga oliy ta’lim muassasalarini tekshirishga asos bo‘lgan hujjat nega yashirilayotgani, davlat o‘zi bergan litsenziyani nega bunchalik tez qaytarib olayotgani, kamchiliklar nega litsenziyani berish paytida aniqlanmagani kabi savollar qo‘yilgandi. OTFIV hali bu savollarga ochiq javob bergani yo‘q. 

Mavzuga oid