O‘zbekiston | 15:30 / 07.03.2024
7779
3 daqiqa o‘qiladi

«Yuksalish» rahbar ayollar ro‘yxatini tuzdi

«Yuksalish» harakati Ijtimoiy-iqtisodiy tashabbuslar instituti ekspertlari bilan hamkorlikda boshqaruv tizimidagi rahbar ayollarning Top-40 reytingini yangiladi.

Foto: Yuksalish harakati

Kuchli qirqtalik ro‘yxatni shakllantirishda ekspertlar tomonidan 300 nafardan ortiq nomzod faoliyati tahlil qilindi. Ular mehnat qilayotgan tashkilotlarning mamlakat siyosiy kun tartibini shakllantirishdagi, tarmoqlarda o‘zgarishlarni amalga oshirishdagi institutsional ta’sir darajasi, fuqarolik jamiyatidagi o‘rni inobatga olindi. Natijada bugun siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy tarmoqlar rivojiga salmoqli hissa qo‘shayotgan, sohalarda muhim vazifalarni bajarib kelayotgan 40 nafar rahbar ayollarning yillik reytingi tuzildi.

Reytingga kirgan ayollar turli sohalarda faoliyat yuritadi, jumladan, prezident administratsiyasi tizimida – 4 nafar, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida – 4 nafar, Senatda – 6 nafar, Vazirlar Mahkamasida – 3 nafar, qo‘mitalar, idoralar va markazlarda – 11 nafar, siyosiy partiyalar va prokuratura organlarida har birida bittadan, ta’lim sohasida – 5 nafar, moliya sohasida – 3 nafar, inson huquqlarini himoya qilish sohasida – ikki nafardan vakil.

Reytingdagi rahbar ayollarning 6 nafari o‘tgan bir yil mobaynida mansab pillapoyalaridan ko‘tarilib, yuqori lavozimlarga tayinlangan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda respublika siyosiy partiyalaridagi xotin-qizlarning ulushi 47 foizga, oliy ta’limda 48 foizga, tadbirkorlik faoliyatida esa 37 foizga yetgan. Rahbarlik lavozimlarda ishlayotgan ayollar ulushi 33 foizni tashkil etadi. 2 mingga yaqin davlat va jamoat tashkilotlariga ayollar rahbarlik qilmoqda. Bu raqamlar davlat rivojida, ijtimoiy-siyosiy hayotda xotin-qizlarning roli va mavqei ortib borayotganidan dalolat beradi.

Reytingdagi rahbar ayollar tanlagan kasbida endigina faoliyatini boshlab, kelajagini davlat boshqaruvida ko‘rayotgan yoshlar uchun namunadir.

Eslatib o‘tamiz, «Yuksalish» harakati tomonidan har yili 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan boshqaruvdagi rahbar ayollarning Top-40 talik reytingi e’lon qilib kelinadi (avvalgi yillardagi reytinglar bilan quyidagi havolalarda tanishish mumkin: 2020, 2021, 2022 va 2023).  

Shuningdek, 2023 yilda mintaqa ekspertlari ko‘magida ilk bor Markaziy Osiyoning yetakchi ayollari reytingi ham tuzilgandi.

Mavzuga oid