O‘zbekiston | 16:24 / 11.03.2024
26369
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda taqiqlangan ozdiruvchi dorilar ro‘yxati e’lon qilindi

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi O‘zbekistonda taqiqlangan, biroq internet orqali onlayn sotilayotgan 19 turdagi ozdiruvchi mahsulot ro‘yxatini e’lon qildi. Ularda kuchli ta’sir qiluvchi sibutramin moddasi mavjudligi aniqlangan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi davlat muassasasi tomonidan O‘zbekiston hududida sotilishi taqiqlangan ozdiruvchi mahsulotlar ro‘yxati e’lon qilindi.

Qayd etilishicha, quyidagi mahsulotlarni O‘zbekiston hududida realizatsiya qilish va saqlash taqiqlanadi: Reborn Ultimate, Lipotrim Ultra, “Seksualnaya figura”, Al-Sheikh, Fatzorb, Fatzorb Ultra, Fatzorb Plus, Spirulina, Arabic, Reduksin Layt, Kod S, Shafran diet, Gold Puma, “Blokator jira”, Hot pepper, “Fermentaiz”, “Lipoksin dlya poxudeniya”, “Kuaymyy Extra”, Slim ultra (Samyun Wan).

O‘zbekiston hududiga noqonuniy yo‘llar bilan kirib kelgan va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda ashyoviy dalil sifatida olingan ushbu mahsulotlarning tarkibida sibutramin moddasi mavjudligi aniqlangan.

Mazkur modda Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar muomalasini tartibga solish to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxatiga kiritilgan. Tarkibida sibutramin moddasi mavjud bo‘lgan yuqoridagi 19 turdagi mahsulot dori vositasi sifatida O‘zbekistonda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan.

Markaz kuchli ta’sir qiluvchi yoki zaharli moddalarni ishlab chiqarish, olish, saqlash, hisobga olish, berish, tashish yoxud jo‘natish qoidalarini buzish uchun jinoiy javobgarlik belgilanganini eslatgan.

Oldinroq O‘zbekistonda Bar-VIPS dori vositasining sertifikatlashtirilmagan seriyasi sotuvga chiqarilgani aniqlangandi.

 

Mavzuga oid