O‘zbekiston | 14:51 / 14.03.2024
16726
4 daqiqa o‘qiladi

«Resurslarni doimiy mijoziga beryapti» - prezident banklar faoliyatini tanqid qildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumanida prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligidagi yig‘ilish 14 ta hudud, 208 ta tuman va shahar hokimlari, ularni o‘rinbosarlari, banklar, «mahalla yettiligi» uchun saboq bo‘lishi ta’kidlandi.

Davlat rahbari tumandagi muammolarni sanab, ularning yechimlarini belgilab berdi.

Eng avvalo, davlat tomonidan katta resurslar ajratilayotganiga qaramay, tumanda tadbirkorlikni rivojlantirishda banklarning o‘rni sezilmayotgani qayd etildi.

O‘tgan yili mahalladagi tadbirkorlik uchun Sayxunobodga 120 milliard so‘m berilgan. Tuman tadbirkorlari o‘tgan yil soliqdan 85 milliard so‘mlik imtiyoz olgan.

Lekin bu mablag‘lar ish o‘rinlariga aylanmayotgani, kambag‘allikni qisqartirishga ta’siri sezilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Xususiy sektorda yaratilgan rasmiy ish o‘rni bor-yo‘g‘i 968 taga ko‘paygan.

Ya’ni, banklar faqat qaytimni o‘ylab, oson yo‘l bilan resurslarni doimiy mijoziga berayapti. «Men ham tadbirkor bo‘lay, mahallada ish o‘rni yaratay», degan oddiy odamlar chetda qolib ketyapti. Ularga tayyor loyiha paketlari berilmayapti.

Sayxunobodda 2023 yilda ishlab chiqarish hajmi deyarli o‘smagan. 

Mutasaddilar korxonalarga aylanma uchun pul berib, mahsulotni ko‘paytirishga e’tiborsiz bo‘lgani qayd etildi.

Bugungi kunda tumanda 1 million so‘mlik mahsulot yaratish uchun o‘rtacha 126 kilovatt-soat elektr sarflanyapti. Bu – viloyatning qolgan tumanlaridan 2 karra ko‘p.

Sababi – 19 ta mahalladan 16 tasida yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan birorta ishlab chiqarish yo‘q.

Vaholanki, tumandagi tayyor infratuzilmasi bor 16 ta bino va inshoot qimmatligi uchun bir yildan buyon sotilmay tashlandiq yotibdi. Yana uzoq yillardan beri bo‘sh turgan 5 ta obekt auksionga chiqarilmagan.

Tumandagi birorta mahallada xomashyoni yetkazish, borini qayta ishlash, odamlarni mahsulot ishlab chiqarishga o‘rgatish va kooperatsiya qilish bo‘yicha tayinli ish olib borilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Bu borada mahalliy sanoatga mas’ul 13 ta uyushma Sayxunobodga 2023 yilda biror marta kelmagan. Bu yil uchun ham reja qilmagan.

Tumanning eng katta zaxirasi ham, imkoniyati ham – yer. Masalan, Sayxunobod – aholi tomorqasi 20 sotixdan ortiq bo‘lgan 26 ta tumandan biri. Lekin buning 10 foizi ishlatilyapti, asosiy ekin – beda bilan makka bo‘lib qolgan.

Sayxunobodning 19 kilometr hududidan Sirdaryo oqib o‘tgani uchun, «suv tekin» degan tushuncha o‘rnashib qolgan.

Tumanda 89 ta sholichilik fermer xo‘jaligida na lazerli tekislagich, na hisob-kitob bor. Shu o‘rinda, tumandagi 3 ming gektar sholi maydonlarida hosildorlik gektariga atigi 50 sentnerni tashkil qilmoqda.

Kanallarni betonlash rejasi 61 foizga bajarilgan, xolos. Bu viloyatdagi eng yomon ko‘rsatkich.

Mavzuga oid