«Hayot shunday». Putin Navalniy o‘limi haqidagi savolga javob berib, ilk bor uning familiyasini tilga oldi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin siyosatchi Aleksey Navalniyning o‘limi - qayg‘uli voqealigi, ammo «bunday holatlar bo‘lib turishi» haqida aytdi. Putin shuningdek, bu o‘lim ro‘y berishidan bir necha kun oldin Navalniyni g‘arbdagi rossiyalik mahbuslarga almashish bo‘yicha taklif bo‘lgani va bu g‘oyaga darhol rozilik berganini bildirgan. Putinga shunday kelishuv taklif qilingani haqida avvalroq muxolifatchining safdoshlari ham aytib o‘tishgandi.
Putin Rossiyadagi prezidentlik saylovida ovoz berish jarayoni yakunlanganidan keyin o‘z shtabida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Navalniyning o‘limi haqidagi savolga javob berdi.
Bu Putin siyosatchining qamoqxonadagi o‘limi yuzasidan ilk bor izoh berishi va jamoatchilik oldida Navalniyning familiyasini ilk bor ochiq aytishi bo‘ldi.
«Evan Gershkovich bu saylovni qamoqxonada o‘tkazdi, sizning Ukrainadagi urushingizga qarshi bo‘lgan Boris Nadejdinga siz bilan musobaqalashishga ruxsat berilmadi, Aleksey Navalniy esa sizning kampaniyangiz vaqtida sizning qamoqxonangizda vafot etdi. Janob prezident, siz buni demokratiya deb ataysizmi?» — deya prezidentga savol berdi Amerikaning NBC telekanali jurnalisti Kir Simmons.
«Bu hayot» — deya javob qaytardi Putin. U Nadejdin saylovga qo‘yilmaganini siyosatchining shtabi qoniqarsiz ishlagani bilan bog‘ladi. 2023 yil martidan buyon josuslikda ayblanib «Lefortovo»da saqlanayotgan Wall Street Journal jurnalisti Evan Gershkovich haqida esa hech narsa demadi.
«Janob Navalniyga kelsak. Ha, u hayotni tark etdi. Bu hamisha qayg‘uli voqea. Bizda odamlar hayotdan ketgan boshqa holatlar ham bo‘lgan. AQShda bunaqasi bo‘lmaganmi? Bo‘lgan va bir necha marta bo‘lgan», — deya javob qaytargan Putin.
Keyin RF prezidenti Navalniyni o‘limidan bir necha kun oldin G‘arbga almashish g‘oyasiga rozi bo‘lganini tasdiqladi. Navalniy 16 fevral kuni Yamalo-Nenetsk avtonom okrugi Xarp posyolkasidagi 3-raqamli axloq tuzatish koloniyasida vafot etdi. Oilasi bir yarim hafta vaqt davomida uning jasadini ololmadi. 1 mart kuni Navalniy Moskvadagi Borisov qabristonida dafn etildi. U bilan xayrlashish uchun minglab kishilar tashrif buyurdi.
«Darvoqe, men sizga aytaman, bu kutilmagan holat bo‘ladi — janob Navalniy hayotni tark etishidan bir necha kun oldin ma’muriyatim xodimlari emas, ayrim hamkasblar janob Navalniyni G‘arb mamlakatlarida ozodlikdan mahrum etilgan ayrim odamlarga almashish bo‘yicha taklif borligini aytishdi. Xoh ishoning, xoh ishonmang, men bilan gaplashgan odam so‘zii yakunlamasidan men unga aytdim: „men roziman“. Faqat bitta shart bilan — biz u qaytmasligi uchun uni almashamiz, yaxshisi o‘sha yoqda o‘tirsin».
«Bo‘ladigan ish bo‘ldi, bunga qarshi hech narsa qila olmaysan», — degan Putin Navalniyning o‘limi haqida. U shuningdek Rossiyadagi saylovlar demokratik o‘tganini qo‘shimcha qilgan.
Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov uning chiqishidan keyin jurnalistlarga Putinning almashuv ehtimoli haqidagi so‘zlari uning ochiqligidan dalolat ekanini aytdi. U shuningdek siyosatchining bevasi Yuliya Navalnaya turmush o‘rtog‘i bilan uchrashish uchun Rossiyaga kelishi mumkin bo‘lgani, «ammo u xorijda qolishni afzal ko‘rgani»ni aytdi.
«Almashuvni tasdiqlagan va darhol o‘ldirishga buyruq bergan», — deya Putinning bayonotiga munosabat bildirdi Korrupsiyaga qarshi fond direktori Ivan Jdanov. «Putin Navalniyning familiyasini ilk bor tilga oldi. Surbetlik bilan o‘ldirganidan bir oy o‘tib. Va o‘zi tasdiqladi — almashmaslik uchun o‘ldirganini», — deya yozdi Navalniyning safdoshi Leonid Volkov.
Aleksey Navalniyning safdoshlari siyosatchining o‘limidan keyin so‘nggi oylarda uni almashish bo‘yicha muzokaralar olib borilganini aytishgandi. Xususan, 26 fevral kuni Mariya Pevchix almashuv sxemasi muhokama qilinganidan xabardor bo‘lgani, unga ko‘ra Navalniy go‘yoki AQShning ikki fuqarosi bilan birga FXX zobiti, Germaniyada umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan Vadim Krasikovga almashtirilishi kerak bo‘lganini aytgan.
Pevchix Navalniy bilan birga almashtirilishi mumkin bo‘lgan AQSh fuqarolari nomlarini keltirmagan. OAVga ko‘ra, gap amerikalik urush faxriysi Pol Uilan hamda Wall Street Journal jurnalisti Evan Gershkovich haqida borgan. Ularning ikkisi ham Rossiyada josuslik haqidagi modda bo‘yicha qo‘lga olingan. Uilan 2020 yilda 16 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi. Gershkovich «Lefortovo»da sudni kutmoqda.
Krasikov 2021 yilda Germaniyada umrbod qamoq jazosiga hukm etilgandi. 2019 yilda u Berlinda sobiq chechen dala qo‘mondoni Zelimxon Xangoshvilini otib o‘ldirgan. Putin Krasikov Rossiyaga qaytishini istashini yashirmagan. Fevral oyida u amerikalik Taker Karlsonga bergan intervyusida shunga ishora qilgandi, jurnalist o‘shanda Gershkovichning AQShga qaytarilish ehtimoliga qiziqqandi. Putin bunga javoban «vatanparvarlik tuyg‘ulari» tufayli Yevropa mamlakatlaridan birida «banditni yo‘q qilgan» inson borligi haqida gapirgandi.
Pevchixning ma’lumotiga ko‘ra, 15 fevral kuni u Krasikovni Navalniy hamda Amerika fuqarolariga almashish bo‘yicha muzokaralar «yakuniy bosqichda ekani haqida ma’lumot olgan».
Bunday muzokaralar bo‘lib o‘tgani fakti G‘arbning yetakchi nashrlari tomonidan ham tasdiqlangan. BBC rus xizmatining muzokaralar jarayonidan boxabar bo‘lgan suhbatdoshi Krasikovni Navalniy va Gershkovichga almashish masalasi Rossiya, Germaniya va AQSh vakillaridan iborat guruh tomonidan muhokama qilinganini aytgan.
Manbaning so‘zlariga ko‘ra, muzokarachilar 15–16 fevral kunlari — Navalniyning o‘limi ro‘y berishi arafasida kelishuvga erishgan. O‘shanda suhbatdosh Rossiya prezidenti Vladimir Putin bu almashuvga yakuniy rozilik bergan-bermagani haqida ma’lumotga ega emasligini aytgandi.
Pevchixning tasdiqlashicha, taklifni Vladimir Putinga Roman Abramovich yetkazgan. «Agenstvo» o‘z manbasiga tayanib yozishicha, biznesmen Navalniyni almashish masalasini Putin bilan so‘nggi bor 16 fevral tongida muhokama qilgan — Navalniy o‘sha kuni vafot etgandi.
Reuters agentligi o‘shanda AQSh va Germaniya chindan ham Rossiya bilan mahbuslarni almashish masalasini muhokama qilgani, ammo muzokaralar dastlabki bosqichda bo‘lgani haqida yozgandi. Financial Times manbasiga ko‘ra, amerikaliklar Krasikovni Gershkovichga almashish masalasini chindan ham muhokama qilishgan. Ammo Navalniyning o‘limidan keyin Berlinning bu kelishuvga qiziqishi so‘ngan, deb yozgan britan gazetasi.
Navalniyning tarafdorlari siyosatchining o‘limini aynan almashuv ehtimoliga bog‘lashadi. Rossiya hukumati uning o‘limiga aloqadorligini rad etadi. Rasmiy ma’lumotda o‘lim holati tromb ko‘chishi sabab ro‘y bergani aytilgan.
Mavzuga oid
23:44 / 22.11.2024
Putin «Oreshnik» raketalari qurollanishga qabul qilinishi va seriyali ishlab chiqarilishini e’lon qildi
21:54 / 22.11.2024
«Krepkiy oreshnik»: Putin tutib qolish imkonsiz ekanini aytgan yangi raketa haqida nimalar ma’lum?
23:01 / 21.11.2024
Putin Dneprga «Oreshnik» nomli o‘rta masofaga uchuvchi ballistik raketa bilan zarba berilganini ma’lum qildi
20:56 / 21.11.2024