O‘zbekiston | 14:52 / 22.03.2024
5808
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning 2024-2025 yillarga mo‘ljallangan innovatsion rivojlanish strategiyasi tasdiqlandi 

Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasini 2024-2025 yillarda amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi»gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan O‘zbekistonning innovatsion rivojlanish strategiyasini 2024-2025 yillarda amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» tasdiqlandi. U quyidagilarni nazarda tutadi:

● innovatsion infratuzilma sub’yektlari tarmog‘ini shakllantirish orqali startap tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash hamda yirik hajmli ishlab chiqarishni tashkil etish;
● innovatsion faoliyatni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning institutsional mexanizmlarini takomillashtirish orqali innovatsion faol tashkilotlar ulushini oshirish;
● kichik tadbirkorlikning innovatsion faolligini oshirish orqali hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy jadal rivojlantirishni ta’minlash;
● yangi turdagi mahsulotlar va innovatsion texnologiyalarni yaratishning g‘oyadan yakuniy iste’molchigacha bo‘lgan kompleks tizimini ta’minlash orqali innovatsiyalarga bo‘lgan talabni rag‘batlantirish;
● yaratilgan kapitalni «tubdan yangilovchi» innovatsiyalarga qayta yo‘naltirish tizimini shakllantirish;
● ta’limning barcha bosqichlarida yaratuvchanlik, innovatsion tadbirkorlik va ratsionalizatorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish orqali innovatsion faoliyat boshqaruvida inson kapitalini yanada rivojlantirish.

Vazirliklar va idoralar rahbarlari «Yo‘l xaritasi»da belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda shaxsan mas’ul hisoblanadi.

Vazirliklar va idoralar «Yo‘l xaritasi»da belgilangan vazifalar ijrosi bo‘yicha har chorak yakunida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga ma’lumot kiritib borishlari zarur.

Mavzuga oid