O‘zbekiston | 13:30 / 24.03.2024
21881
4 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekistondan tashqariga chiqqach o‘zimizni yetimdek his qilamiz» - yuk tashuvchi haydovchilar

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining eksporti oshib, geografiyasi kengayayotgan vaqtda transport bilan bog‘liq muammolar ham bo‘y cho‘zmoqda. Eskportchilar uyushmasi raisi Yorqinjon Malikov Kun.uz bilan suhbatda shu haqda gapirarkan, u yuk tashuvchi haydovchilarning huquqlari ko‘p hollarda buzilayotganini, xorijiy davlatlarda himoyasiz qolayotganlarini hamda bunday vaziyatlarda ular hech kimga murojaat qilolmayotganini aytadi.

Yorqinjon Malikovning ta’kidlashicha, ayniqsa qozoq yoki qirg‘iz o‘lkasidan Rossiyaga yuk tashuvchilar yo‘lda biror bir hodisa ro‘y bersa, haydovchilar kimga murojaat qilishini bilishmaydi.

«Haydovchilar ‘O‘zbekistondan tashqariga chiqqach o‘zimizni yetimdek his qilamiz”,— deb aytishadi. O‘tgan yilgi keys: Turkiyada yo‘lda yuk mashinani to‘xtatib, haydovchilarni garovga olib, yuklarni tortib olishgan. Elchixonaga murojaat qilishini aytamiz, lekin elchi umumiy masalalar bo‘yicha ishlaydi, elchixonalarda transport logistikaga javob beruvchi mas’ullar yo‘q. Transport vazirligi va Tashqi ishlar vazirligi kelishib, shunday mas’ul qo‘yib berishlari kerak», — deydi u.

Malikov yildan yilga yuk tashuvchilar soni ortib boryotganini, shuning uchun Transport vazirligi haydovchilarning ham uyushmasini tashkil qilib berish kerakligini qo‘shimcha qilgan. Uyushma raisiga ko‘ra, eksport mahsulotlarini havo transportida tashish ham yuk tashuvchilar uchun u qadar jozibador emas.

«Yana bitta muammo. Aviatashuv orqali eksport qilinadigan mahsulotlar uchun aeroportlarimizda saqlovchi muzlatkichlar yo‘q, mahsulot quyosh tagida turadi buzilib. Importyorga qanday javob beramiz?

Yana bir narsa: samolyotlarda qancha yukka joy borligi taxminiy yuradi, aniq ma’lumot topish qiyin, deylik, 5 tonna mahsulot olib borsak, 3 tonnasi sig‘adi, qolgani keyingi reysga qoladi va katta ehtimol bilan buziladi», — deydi Malikov.

Sanab o‘tilgan muammolar ichida qishloq xo‘jaligi mahsulotining manzilga borguncha ma’lum darajada og‘irligini yo‘qotishi ham bor. Gap shundaki, tovar 15 foizgacha o‘g‘irligini yo‘qotishi mumkin. Qabul qiluvchi esa yetib borgan hajmga pul to‘laydi.

«Bu yerda esa qancha yozilgan bo‘lsa, shunchaga pul tushishi kerak, bo‘lmasa Soliq qo‘mitasidan jarimaga tortadi. Shuning ham mexanizmini to‘g‘rilash kerak. Shu yo‘qotiladigan mahsulot miqdorini 5 foizdan 15 foizga chiqarishni so‘ragandik. Investitsiya vazirligi hal qilmagach, davlat rahbariga buni aytdik yig‘ilishda, ko‘rib chiqib hal etish topshirig‘i berildi»,— degan rais.

Qayd etilishicha, yuqoridagi muammoga qo‘shib, eksportchilar uchun viza olishda ham qiyinchiliklar yuzaga kelmoqda.

Malikov 2-4 mart kunlari 30 ta tadbirkor bilan Afg‘onistonda bo‘lganini eslarkan, u yerga borishda amaliy yordam so‘rab O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga shu yil 4 yanvarida xat yozganini, ammo javob xati 24 fevralda kelganini aytadi.

“Orada qancha vaqt o‘tib ketdi. Bu masalalarni davlat rahbariga aytmadik, bir yarim-ikki oyda viza oldik desak, uyat ham bu. Qo‘shnimiz bo‘lgan Afg‘onistonga chiqish shuncha qiyin bo‘ldi”, — deydi Yorqinjon Malikov.

Videoning to‘liq shaklini yuqoridagi link orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid