Jamiyat | 10:53 / 24.03.2024
25294
4 daqiqa o‘qiladi

“Tuproqni qoplarga solib tashirdik” – Katta Farg‘ona kanali qazilishida ishtirok etgan 111 yoshli Salimaxon momo hikoyasi

Oltiariq tumanining Jo‘rak mahallasida 111 yoshli Salimaxon aya Yusupova istiqomat qiladi. Aya 45 kun ichida qurib bitkazilgan Katta Farg‘ona kanali bunyod etilishida ishtirok etgan. “Chelak, qanor qopga tuproq-loy solib, tepalikka tashirdik. Uyga kelsak kelardik, bo‘lmasa, kanalning ichida tunab qolardik”, deydi momo o‘sha kunlarni eslab. 

Katta Farg‘ona kanali qazilishida odamlarning jasorati va o‘tmishni Salimaxon aya shunday xotirlaydi:

 “17-18 yoshimdan kolxozda ishladim. Uch o‘g‘il, bir qizim bor edi. O‘g‘illarimdan biri 40 yil o‘qituvchilik qilib, umri qisqa ekan, vafot etdi. Boshimizdan ko‘p qiyinchiliklar o‘tdi. Xaltada un, buxanka non tashib, farzand boqdim. Hozir endi hammasi uyli-joyli, bola-chaqasi bilan chiroyli ro‘zg‘or qilib o‘tirishibdi. Nevara-chevaralarim yuztaga boradi.

Salimaxon aya Yusupova

 

Katta Farg‘ona kanali qazilishida ishladim. Chelak, qanor qopga tuproq-loy solib tepalikka tashirdik. Uyga kelsak kelardik, bo‘lmasa, kanalning ichida tunab qolardik. Qurilishida erkaklar bilan tengma-teng ishlaganmiz. Ketmon va belkurak bizning asosiy ish qurolimiz edi. Kanal ichida qozon osib ovqat qilardik.

Tuproq ortilgan etaklarni erkag-u xotin tepalikka olib chiqar edik. Tuproqni qopga solib tepalikka tashiyotgan odamlarning kiyimlari qop ishqalanaverganidan yirtilib ketardi. Deyarli barcha xonadondan hasharchilar chiqqan. Biz — xotin-qizlar uzun ko‘ylaklarni kiyib chiqar edik. Ko‘ylaklarimizning etagi og‘ir mehnat ortidan titilib ketardi. Erkaklar asosan qopda, ayollar esa chelakda tuproq tashirdik. Kanalda men bilan birga ishlagan tanishlarimning ko‘pi olamdan o‘tib ketdi.

O‘sha kunlari Oxunjon qiziq, Yusufjon qiziq, Ma’murjon Uzoqov, Jo‘raxon Sultonov, Mukarrama Turg‘unboyeva kabi san’atkorlar kelib, hasharchilarning kayfiyatini ko‘tarib turishgan. Kanal bitgach, kolxozda 4-5 raisning qo‘lida ishladim”, — deya hikoya qildi u.

1912 yilda tug‘ilgan aya 4 nafar farzand ko‘rgan — 3 o‘g‘il, bir qiz. Bir o‘g‘li olamdan o‘tgan.

“Bir o‘g‘lim kolxozchi, yana biri esa shifokor bo‘lib ishlab, nogiron bo‘lib qoldi. “Bir etak” nevara, chevara, evaralarim bor. Ular uyimga kelsa, sig‘ishmaydi ko‘pligidan”, – deydi suhbat chog‘ida Salimaxon Yusupova.

Salimaxon ayaning 73 yoshli o‘g‘li Rahmonali Abdullayev onasining shu yoshida ham ancha tetikligini ta’kidlaydi: 

Rahmonali Abdullayev

“Yaratganga shukr, onajonimiz 111 yoshga kirdi. Bizning baxtimiz, davlatimiz shu onamiz. U kishi bor ekan, bizdan boy odam yo‘q.

Yaxshi eslayman, markazda non sotadigan do‘kon bo‘lardi. Bir kishiga bitta non berilardi, onam bilan non olay deb borardim, ikkimiz ikkita non ko‘tarib qaytardik.

Onamning ko‘zlari haligacha juda yaxshi ko‘radi, birovning qorasi ko‘rinsa, taniydi. Yirikroq yozuvli gazetalarni ham o‘qiy oladigan. Xotiralari ham yaxshi, mening esimda yo‘q narsalarni ham yodda saqlab yuradi.

Bosh bo‘lib yuribdilar bizga. Hozir ham bilmagan narsalarni o‘rgatadi kelinlarga. Tomorqa, ekinlarni parvarish qilish bo‘yicha ham bir nimalarni tayinlab turadi”.

Salimaxon aya Yusupova 2020 yilda prezident farmoniga binoan “Shuhrat” medali bilan mukofotlangan.

Sarvar Ziyoyev,
Kun.uz
Montaj ustasi: Nuriddin Nursaidov

Mavzuga oid