Jahon | 16:30 / 25.03.2024
32669
3 daqiqa o‘qiladi

AQShda benzinda yuradigan avtomobillar bo‘yicha tarixdagi eng qat’iy normalar kiritilmoqda

AQSh hukumati avtosanoatni elektromobil ishlab chiqarishga o‘tkazish uchun misli ko‘rilmagan darajada qat’iylashtirilgan ekologik qoidalarni tasdiqladi. Yangi qoidalar bilan, korxonalar ichki yonuv dvigatelli avtomobillarni kamroq, elektrokar va gibrid modellarni esa ko‘proq ishlab chiqarishga majbur bo‘ladi.

Foto: Eric Thayer / Bloomberg

AQSh Atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi o‘tgan hafta avtosanoat sohasi uchun yangi standartlarni tasdiqladi. Unga ko‘ra, avtomobil zavodlari o‘zlari ishlab chiqargan avtomobillardan atmosferaga chiqadigan turli ifloslantiruvchi moddalarning umumiy miqdorini keskin kamaytirishi kerak bo‘ladi.

New York Times'ning yozishicha, yangi qoidalardan maqsad – elektr va gibrid avtomobillarni ko‘paytirish bo‘lib, bu normalar mamlakat tarixidagi eng muhim ekologik qoidalar qatoriga kiradi.

Yangi standartlar 2027–2032 yillarda ishlab chiqariladigan yengil va tijorat avtomobillariga taalluqli bo‘ladi (yuk mashinalari bundan mustasno). 2032 yilga borib joriy qilinadigan yakuniy standartlar mamlakatdagi jami yengil avtomobillar parkidan atmosferaga chiqadigan chiqindilarni amaldagi standartdan ko‘ra 50 foizga, tijorat avtomobillari uchun esa 44 foizga kamaytirishi kutilmoqda.

Agentlik hisob-kitoblariga ko‘ra, yangi qoidalar 7 milliard tonnadan ortiq karbonat angidrid chiqindilarining oldini oladi va iqtisodiyotga har yili qariyb 100 milliard dollar foyda keltiradi. Xususan, havo sifatining yaxshilanishi hisobiga sog‘liqni saqlash tizimi 13 milliard dollar, yoqilg‘i va texnik xizmat xarajatlarining kamayishi orqali haydovchilar 62 milliard dollar mablag‘ini tejab qolishi kutilmoqda.

Ta’kidlanishicha, 2023 yilda AQShda elektrokarlar jami avtomobil sotuvlarining 7 foizini tashkil etgan. Bu ko‘rsatkichni 2032 yilgacha 56 foizga yetkazish, gibrid avtomobillar ulushi esa 13 foizdan kam bo‘lmasligiga erishish maqsad qilingan.

NYT'ning qayd etishicha, yangi qoidalar u yoki bu turdagi avtotransport vositalari sotuvi taqiqlanishini anglatmaydi. Avtosanoat korxonalari yangi qoidalarga qay tarzda amal qilishni o‘zlari mustaqil hal qilishlari mumkin: cheklov alohida bir mahsulot uchun emas, korxona tomonidan taqdim etilayotgan barcha mahsulot turlariga, ya’ni umumiy ko‘lamga qaratilgan.

Boshqacha aytganda, avtomobil ishlab chiqaruvchilar elektrokar va gibrid avtomobillarni ko‘proq, benzin yoki dizelda harakatlanadigan avtomobillarni esa kamroq sotishiga to‘g‘ri keladi. Umumiy ko‘rsatkichlar belgilangan cheklovdan oshgan taqdirda korxona katta jarimaga tortilishi mumkin.

Mavzuga oid