Jahon | 11:39 / 25.03.2024
8016
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda 9 yildan beri ilk marta oila qurish ko‘rsatkichi oshdi

Mamlakatda aholining kamayishi yuz berayotgani sabab hukumat oila qurishga rag‘batlantirish siyosatini yuritmoqda. Ko‘proq oila ko‘proq tug‘ilishga olib kelishi umid qilinyapti.

Foto: AP

2023 yilda Xitoyda turmush qurgan juftliklar soni 7,68 mlnni tashkil qildi. Bu bir yil avvalgiga qaraganda 12,4 foizga ko‘p. Fuqarolik ishlari vazirligiga ko‘ra, 2023 yilda bir yil avvalgiga qaraganda 845 ming ko‘p nikoh qayd etilgan. Nikoh soni bo‘yicha rekord 2013 yilga tegishli, bu yilda 13,47 mln nikoh qayd etilgandi.

Shuncha yildan keyin nikoh soni oshishi hukumatning rekord darajadagi kam tug‘ilish sabab turmush qurishni targ‘ib qilishi bilan ham bog‘liq.

Xitoyda tug‘ilish ko‘rsatkichi ketma-ket pasayib bormoqda. Bu jarayon mamlakatda aholi soni oshib ketgani sabab bir bolalilik siyosatiga o‘tilgan 1980 yillardan beri davom etyapti.

Shu oyning boshida mamlakat bosh vaziri Li Tsyan hukumat tug‘ilishni rag‘batlantiradigan jamiyat va aholining uzoq muddatli, muvozanatli rivojlanishi ustida ishlashini ma’lum qildi.

Shuningdek, mamlakatda tug‘ilishni rag‘batlantirish uchun tug‘ilish, ota-onalik va ta’lim xarajatlarini qisqartirish, ota-onalik ta’tili siyosatini takomillashtirishga ham va’da berildi.

Mamlakat aholisi 2023 yilda ikkinchi marta kamaydi, tug‘ilish rekord darajada kam bo‘lib, o‘limlar soni tug‘ilishdan ko‘proq bo‘ldi.

Iqtisodiy pasayish davrida ko‘pchilik yolg‘iz qolishni afzal ko‘rgan. Shuningdek, ajralishlar soni ham oshgan. 2023 yilning o‘zida jami 2,59 mln juftlik bahssiz ajralish uchun ro‘yxatdan o‘tgan (bunda er-xotinning ikkalasi ham e’tiroz bildirmaydi).

Shuningdek, siyosatchilar aholining tez qarib borishi bilan kurashishiga ham to‘g‘ri kelyapti. Prognozga ko‘ra, yaqin 10 yil ichida 300 mln xitoylik nafaqaga chiqadi.

Nikoh tug‘ilish bilan bog‘liqligi sabab bu vaziyatda oilalarning ko‘payishi tug‘ilish o‘sishiga sabab bo‘lishidan umid qilinyapti.

2015 yilda Xitoyda bir farzandlilik siyosati bekor qilingan. Odamlarni oila qurishga undash uchun subsidiya va boshqa imtiyozlar ham amalga kiritildi. 2021 yildan esa 3 nafargacha farzand ko‘rishga ruxsat berilgan.

Mavzuga oid